Jahon | 13:18 / 24.06.2022
15198
2 daqiqa o‘qiladi

Boris Jonson ukrainalik noqonuniy muhojirlar Ruandaga yuborilishi mumkinligini ma’lum qildi

Buyuk Britaniya bosh vaziri avvalroq ukrainaliklarni Ruandaga deportatsiya qilishning iloji yo‘qligini ta’kidlagan edi. Ammo endi u nazariy jihatdan bu amalga oshishi mumkinligini aytdi.

Foto: AP

Buyuk Britaniyaga noqonuniy ravishda kelgan ukrainaliklar Ruandaga deportatsiya qilinishi mumkin. Bu haqda Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Londonning The Guardian gazetasi. Jonson bunday variant dargumon ekanligini ta’kidladi, biroq bu nazariy jihatdan mumkinligini tan oldi.

«Ruandaga odamlar yuborilishi mumkin bo‘lgan yagona shart - agar ular Buyuk Britaniyaga noqonuniy ravishda kelgan bo‘lsa va bizda mavjud bo‘lgan xavfsiz va qonuniy yo‘nalishlarga putur yetkazsa. Biz ukrainaliklarga 130 mingta viza beramiz va ularda kirish uchun kamida ikkita juda yaxshi yo‘l bor. Lekin, agar ular bu yerga noqonuniy kirsa, qonuniy yo‘l bilan kelgan har bir kishining ahvoliga putur yetkazadi. Demak, javob «ha», nazariy jihatdan bu (ukrainaliklarning Ruandaga chiqarib yuborilishi - tahr.) sodir bo‘lishi mumkin. Lekin menimcha, bu dargumon», dedi Britaniya bosh vaziri Ruanda poytaxti Kigaliga tashrifi chog‘ida. 

Avvalroq Boris Jonson Britaniyaning Ruandaga noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish bo‘yicha aprel oyida taqdim etilgan bahsli dasturini izohlar ekan, uning doirasida ukrainaliklarni deportatsiya qilish «shunchaki imkonsiz» ekanini aytgan edi. Jonson Kigaliga joriy tashrifi chog‘ida Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaroda «yomon tinchlik» variantiga qarshi yana bir bor gapirdi va bu Putin urush mashinasini kuchaytirishini ta’kidladi. 

Mavzuga oid