Iqtisodiyot | 14:52 / 24.06.2022
18609
5 daqiqa o‘qiladi

“Uchta hududda muammoli kreditlarning 69 foizi banklarning zaxira mablag‘lari hisobidan qoplangan” – Hisob palatasi

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi muammoli kreditlarning eng yuqori ulushi Namangan (44 foiz), Andijon (26 foiz) va Surxondaryo (20 foiz) viloyatlarida qayd etilgan. Ushbu hududlarda 89,3 mlrd so‘mlik muammoli kreditlarni davlat tashkilotlari va banklarda faoliyat yuritayotgan xodimlar olgan.

Hisob palatasi tomonidan amalga oshirilgan o‘rganishlarga ko‘ra, muammoli kreditlar Namangan (44 foiz), Andijon (26 foiz) va Surxondaryo (20 foiz) viloyatlarida yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Ushbu hududlarda muammoli bo‘lib turgan qariyb 149,4 mlrd so‘m kreditni doimiy daromadga ega, xususan, qariyb 89,3 mlrd so‘mlik muammoli kreditlarni davlat tashkilotlari va banklarda faoliyat yuritayotgan xodimlar olgan.

Muammoli kreditlarning 79 foizida qaytmaslik xatari sug‘urtalangan bo‘lib, aksariyat hollarda banklar tomonidan ularni sug‘urta kompaniyalaridan undirish choralari ko‘rilmagan.

Joriy yil boshidan muammoli kreditlar ulushini kamaytirishda, banklar tomonidan ularning 69 foizi “umidsiz” deb tasniflanib, balansdan chiqarish orqali qisqartirilgan. Ya’ni amalda muammoli kreditlar qaytarilmasdan, bank tomonidan shakllantirilgan zaxiralar (xarajatlar) hisobidan qoplangan.

O‘rganish jarayonida dasturlar doirasidagi muammoli kredit qarzdorliklari jami 101,2 mlrd so‘mga kamaytirilgan.

Shuningdek, muammoli kreditlarni bartaraf etish, xususan kreditlar o‘z muddatida to‘lanmasligi va maqsadsiz ishlatilishi bo‘yicha quyidagi ta’sir choralari ko‘rilgan:

  • 400 mlrd so‘mlik muammoli kredit qarzdorligini undirish uchun sudlarga da’vo arizalari kiritilgan;
  • 55 mlrd so‘mlik muammoli kreditlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlarga huquqiy baho berish uchun ular huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan;
  • 168 mlrd so‘mlik kredit qarzdorliklari bo‘yicha sud qarorlari Majburiy ijro byurolari tomonidan undiruvga qaratilgan.

Shu bilan birga, Hisob palatasi tomonidan kelgusida qonunbuzilish holatlarining oldini olish hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, nazorat tadbirlari davom ettirilishi aytilgan.

Muammoli kreditlar ulushi oshib bormoqda

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 23 iyun holatida banklarning kredit portfelidagi tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan kreditlar qoldig‘i 11,4 trln so‘mdan ortiqni tashkil qilgan.

Shuningdek, tijorat banklarining kredit portfelidagi muammoli kreditlar ulushi oxirgi 1 yilda 0,6 foizga, oxirgi 2 yilda esa 3 foizga oshgan. 2020 yilning 1 iyun holatida 2,3 foiz(5,4 trln so‘m) bo‘lgan muammoli kreditlar ulushi 2021 yilning 1 iyun holatida 4,7 foizga (14 trln so‘m), 2022 yilning 1 iyun holatida 5,3 foizga(18,2 trln so‘m) yetgan.

“Imtiyozli kreditlar korrupsiyaga moyillikni oshiradi”

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov o‘z chiqishlarida imtiyozli kreditlash korrupsiyaga moyillikni yuzaga keltirishini bir necha bor ta’kidlab o‘tgan.

“Imtiyozli kredit bor joyda muayyan darajada korrupsiya elementlari ham bo‘ladi. [...] Qayerda imtiyozli kredit bo‘lsa, albatta, [mablag‘ni] boshqa maqsadda ishlatishga moyillik ham bo‘ladi”, degandi MB rahbari 2020 yildagi matbuot anjumanlaridan birida.

Nurmurodov, shuningdek, 2021 yildagi chiqishlaridan birida “bozor tamoyillaridan qancha ko‘p cheklansak, korrupsiyaga moyillik ortib boraveradi”, deya ta’kidlagandi.

Ajratilgan imtiyozli kreditlar o‘z samarasini berdimi?

Imtiyozli kreditlash qanday maqsadlarda e’lon qilingani va siyosiy samimiyat mavjudligidan qat’i nazar, ko‘p hollarda o‘rtakash dallollar hamda chayqovchilar manfaatlariga xizmat qilib kelgan. Kun.uz oilaviy tadbirkorlikni kreditlash tizimidan barcha tomon: banklar ham, kam ta’minlanganlar ham, ta’minotchi korxonalar ham norozi bo‘layotgani haqida bir qancha tahliliy maqolalar e’lon qilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun beriladigan imtiyozli kreditlar:

  • bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga;
  • chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki) uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga beriladi.

Bunda, har bir mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining tavsiyasiga muvofiq tuman (shahar) Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazining asoslantirilgan va natijadorligi aniq hisob-kitob qilingan holdagi xulosasi bo‘lishi lozimligi ko‘zda tutilgan

Ma’lumot uchun, 2022 yilda kambag‘allarga 10 trln so‘m imtiyozli kredit va 2,5 trln so‘m subsidiya berilishi nazarda tutilgan.

Avvalroq, muammoga aylangan imtiyozli kreditlar soliq to‘lovchilar yelkasiga yuklatilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid