O‘zbekiston | 09:58 / 25.06.2022
19361
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda Isuzu va Kamaz yuk mashinalari o‘zaro to‘qnashib yonib ketdi

Isuzu qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va ro‘paradan kelayotgan Kamazga urilgan.

Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani hududida maxsus reyd davomida YPX xodimlaridan qochgan Isuzu va Kamaz yuk mashinalari o‘zaro to‘qnashib yonib ketgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Viloyat IIB JXX YHXB axborot xizmati hodisa yuzasidan ma’lumot berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil 23 iyun kuni kuni soat 15:30 larda Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Isuzu yuk mashinasi bilan Sherobod-Jarqo‘rg‘on yo‘nalishida Qiziriq tumani hududidan o‘tuvchi 4R-103 avtomobil yo‘lining 29-kilometrida harakatlanib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va ro‘paradan kelayotgan Sherobod tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvida bo‘lgan Kamaz yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda, haydovchilar tan jarohatlari olib shifoxonaga murojaat qiladi. Shuningdek, to‘qnashuv paytida yong‘in sodir bo‘lib, har ikkala mashina yonib ketgan.

Tegishli tartibda har ikkala haydovchi spirtli ichimlik ta’siridan mast bo‘lganlikda gumonlanib, tibbiy tekshiruvga taklif etilganida 1985 yilda tug‘ilgan Isuzu yuk haydovchisi narkolog ko‘rigini rad etgan. Hozirda unga nisbatan sudga oid tibbiy va kimyoviy ekspertizalar tayinlangan.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan Qiziriq tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Samarqandda bug‘doy va somon ortib ketayotgan yuk mashinalari yonib ketgandi.

Mavzuga oid