Iqtisodiyot | 11:45 / 29.06.2022
17142
6 daqiqa o‘qiladi

Agar pul yetishmasa, uni qanday tejash kerak

Ba’zan har birimiz pul yetishmasligi muammosiga duch kelamiz. Pullar xuddi barmoqlar orasidan sirg‘alib tushib ketayotgandek tuyuladi. Moliyaviy ahvolni yaxshilash va qarzga botib ketmaslik uchun nima qilish kerak? Xarajatlarni rejalashtirishni boshlang, ba’zi narsalarning bepul muqobilini izlang va chegirmalar vasvasasiga qarshi turing.

Foto: Shutterstock

Agar daromadingiz past bo‘lsa, katta xarid uchun pul jamg‘arib borishdan ma’no yo‘q. Hatto moliyaviy xavfsizlik yostiqchasiga ham pul topish murakkab bo‘ladi. Bu holat odamni tushkunlikka tushiradi. «Keraksiz narsalarni sotib olma» degan oddiy tavsiya ham yetarli bo‘lmay qoladi. Shuning uchun pulni nazorat qilishga 2 barobar ko‘p kuch sarflashga to‘g‘ri keladi. Agar bunga ongli ravishda yondashsangiz, vaziyatni to‘g‘irlay olasiz.

1. Budjet tuzishni boshlang

Bu hamma uchun foydali, lekin daromadi kichik odamlar uchun ayni muddao. Siz pulingiz nimaga sarflanayotganini aniqlaysiz va kerakli xarajatlarni rejalashtira olasiz.

Oddiy bloknotga yoki maxsus mobil ilova yordamida 1 oy davomida daromad va xarajatlaringizni yozib boring. Muddat oxirida to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qiling.

Oziq-ovqat, transport, ko‘ngilochar tadbirlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari uchun qancha sarflanganini aniqlang. Pulni tejash uchun nimadan voz kechishingiz mumkinligini o‘ylab ko‘ring. Shunga asoslanib, kelgusi oy uchun moliyaviy reja tuzing.

2. Majburiy to‘lovlarni darhol to‘lang

Kredit yoki kommunal xizmatlar to‘lovini keyinga qoldirmang. Maoshdan so‘ng pul ko‘paygandek va hamma narsani sotib olish mumkindek tuyuladi. Bu aldamchi tuyg‘u qarzga olib kelishi mumkin. Unutmang, kechiktirilgan to‘lovlar uchun penya undiriladi. Agar bir necha oylik majburiy to‘lovlar to‘planib qolsa, juda og‘ir vaziyatga tushib qolish mumkin.

3. Nimadan voz kechishga tayyor yoki tayyor emasligingizni aniqlab oling

O‘zingizni hamma narsadan mahrum qilish juda qiyin. Doimiy cheklovlar hayotni zaharlaydi. Bunday holatda ezilish tuyg‘usidan qutulish uchun taslim bo‘lish va keraksiz narsalarni sotib olish oson. Shuning uchun, nimalarda pulni tejashga rozi ekaningiz yoki rozi emasligingiz haqida o‘ylab ko‘ring.

Misol uchun, suzishni yoki rasm chizishni yaxshi ko‘rasiz, bu mashg‘ulotlar hayotni yorqinroq qiladi va sizni ijobiy his-tuyg‘ular bilan quvvatlaydi. Ulardan voz kechmang. Oyiga sevimli mashg‘ulotingizga qancha pul sarflashingizni hisoblang va kerakli miqdorni boshqa toifadagi xarajatlardan tejang.

4. Tovar va xizmatlarning bepul muqobilini izlang

Agar sevimli mashg‘ulot va qiziqishingiz ko‘p bo‘lsa, ularning barchasiga pul sarflamang. Albatta, ba’zilarida pulni tejash mumkin.

- Agar mutolaani yaxshi ko‘rsangiz, kitob sotib olmang, uni kutubxonadan oling. Shuningdek, kitoblarning bepul elektron nusxalari ham bor.

- Agar chet tilini shunchaki zavqlanish uchun o‘rganayotgan bo‘lsangiz, pulli kurslarga bormang. Internetda mustaqil o‘rganish uchun manbalar yetarli: videolar, mashqlar, subtitrli kinolar, chet elliklar bilan muloqot qilish xizmatlari.

- Agar sport bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz, sport zaliga abonement sotib olmang. Uyda mashq qiling, parkda yuguring, bepul master-klasslarni izlang.

5. Narsalarni faqat arzonligi uchun sotib olmang

Katta ehtimol bilan ular sifatsiz va uzoq xizmat qilmaydi. Agar sizga poyabzal yoki ustki kiyim kerak bo‘lsa, sifatlirog‘ini tanlang. Bu qimmatroq bo‘lishi mumkin, ammo uzoq vaqt xizmat qiladi.

Kichkina bolalar uchun arzon narsalarni sotib olish mumkin. Ular tez ulg‘ayadi, shuning uchun kiyimlari bir necha oyda eskirsa ham achinmaysiz.

6. Qo‘ldan sotib oling

Agar sizga sport jihozlari, bolalar mebeli yoki karnaval kostyumi kerak bo‘lsa, yangisini sotib olish shart emas. E’lonlar saytida atigi bir necha marta ishlatilgan yaxshi narsalar ham bor. Kimdir sport bilan shug‘ullanish haqidagi fikrini o‘zgartirgan, kimgadir tovar mos kelmagan yoki shunchaki yoqtirmagan. Ishlatilgan narsalardan voz kechmang, pulni tejash imkoniyatini qo‘ldan boy bermang.

Foto: e.rpp-noticias.io

7. Do‘konlarning reklama tarqatmalariga obuna bo‘lmang

Har bir yangi reklama xati - vasvasa manbaidir. Chegirmalar, promo-kodlar va maxfiy aksiyalar haqidagi xabarni o‘qisangiz, hech narsa kerak bo‘lmasa ham, biror narsa sotib olishga intilasiz. Bunday xatlarning oxirida obunani bekor qilish havolasi bor. U orqali obunani bekor qiling va biroz xotirjam yashang.

8. Muhim narsani keraksizidan ajrating

Pulni tejashda asosiy omil «ehtiyoj»ni «istak»dan ajratishdir. Zarur xarajatlar har doim ro‘yxatning yuqori qismida bo‘lishi kerak. Injiqlikdan esa ko‘pincha voz kechish mumkin. Aslida odamlarning ko‘pchiligi 30 foiz pulini bir daqiqalik «shuni xohlayman»ga sarflaydi. Biror narsa sotib olishdan oldin o‘zingizdan «shu narsa menga haqiqatan ham kerakmi?» deb so‘rang.

Nurmuhammad Said tayyorladi.

Mavzuga oid