Jamiyat | 18:21 / 29.06.2022
22396
7 daqiqa o‘qiladi

“Konstitutsiyaviy komissiyaga o‘lim jazosi bilan bog‘liq juda ko‘p taklif kelib tushdi” - ekspert

Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi, yuridik fanlar doktori, professor Mirzayusuf Rustamboyevning fikricha, mamlakatimizda hamon o‘lim jazosini tiklash tarafdori bo‘lganlar ko‘plab topiladi. O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanishi haqidagi normani Konstitutsiyaga kiritish orqali uni tiklash kerakligi haqidagi bahslarga chek qo‘yiladi.

— Komissiyamizga o‘lim jazosi bilan bog‘liq juda ko‘p taklif kelib tushdi. Murojaat qilganlarning ko‘pchiligi o‘lim jazosini tiklash kerak degan fikrda. Buniyam aytishimiz kerak, jamoatchilik bilishi kerak.

Men mustaqillikning ilk yillarida yozilgan Jinoyat kodeksining mualliflaridan biriman. Albatta uni parlament qabul qilgan, lekin uning ustida 2-3 yil ishlaganmiz va SSSR parchalanganidan so‘ng sobiq ittifoq davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda shu kodeks qabul qilingandi. Jinoyat-protsessual kodeksi bilan ham shunday bo‘lgan. O‘sha paytda O‘zbekistonda yaxshi olimlar va mutaxassislar bo‘lgani uchun ham milliy qonunchilikni ishlab chiqishda MDH miqyosida birinchi bo‘lgandik.

Lekin eski kodeksimizda 33 ta moddada o‘lim jazosi bor edi, bir qator jinoyatlar uchun shu jazo qoldirilgandi. Demokratik davlatlar, xususan, Yevroittifoqqa a’zo mamlakatlarni olib ko‘radigan bo‘lsak, ularda o‘lim jazosi yo‘q. Birortasida yo‘q. Xuddi shu narsani prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda ta’kidlab o‘tdilar.

Mirzayusuf Rustamboyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, yu.f.d, professor

Insonga hayotni Alloh taolo ato etadi, faqat u odamning jonini qaytarib olishi mumkin, lekin bunga davlatning haqqi yo‘q. Buni “Hamlet masalasi” deyishadi, ya’ni bizda o‘lim jazosi bo‘lishi kerakmi yoki yo‘q, shaxsan mening fikrim bo‘lishi kerak emas. Bu borada muhtaram prezidentimizni yuz foiz qo‘llab-quvvatlayman.

O‘zbekistonda 2008 yildan buyon amalda o‘lim jazosi yo‘q. Bu bir qator qonunlarimizda, qonunosti hujjatlarimizda belgilab qo‘yilgan. Shu normani mamlakatning bosh qonunida aks ettirishga qanday ehtiyoj bor edi? U shundoq ham qonunlarda bor va ishlayotgan bo‘lsa, uni konstitutsiyaga kiritishga zarurat bormidi?

— Manaman degan demokratik davlatlarning konstitutsiyalarida ham bunday norma yo‘q. Masalan, AQShda ko‘plab shtatlarda qator jinoyatlar uchun o‘lim jazosi saqlanib qolgan. Shu jihatdan olib qaraganda o‘lim jazosi taqiqlanishi konstitutsiya darajasida mustahkamlanishini tarixiy jarayon deyish mumkin.

Biz o‘lim jazosini bosqichma-bosqich qonunchiligimizdan olib tashlagandik. 2008 yili bu jazo turi butunlay bekor qilindi. Shu paytdan beri Jinoyat kodeksimizda o‘lim jazosi yo‘q. Shunday qolsa ham bo‘lardi, degan fikrlar ham bor. Lekin Konstitutsiyaviy komissiyaga kelib tushayotgan murojaatlar ayrim odamlar haliyam qonunchiligimizda bu jazo bo‘lishi kerak degan fikrda ekanini ko‘rsatmoqda. Lekin men bundaylar ko‘pchilik emas deb o‘ylayman.

Albatta, qaysidir fuqaroga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etilsa, uning ota-onasi, yaqinlari jinoyatchiga eng og‘ir jazo tayinlanishini istashadi. Lekin jinoyatchini peshonasidan otib o‘ldirish osonmi yoki bir umr qamoqxonada jazoni o‘tashi, og‘ir ishlarda ishlatilishimi? Qaysi biri og‘irroq? Mudhish jinoyati uchun nafaqat uni sodir etgan shaxs, balki yaqinlari ham birday qiynaladi. O‘limga hukm qilinsa, bulardan osongina qutuladi.

Suhbatdosh haqida ma’lumot:

Mirzayusuf Hakimovich Rustamboyev – 1953 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat yuridik institutida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, prorektor sifatida faoliyat yuritgan. Oliy Majlis Senati a’zosi bo‘lgan. 2001–2012 yillarda TDYuIga rektorlik qilgan. 2021 yildan buyon Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i hisoblanadi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksi mualliflaridan biri. Sohaga oid qator qo‘llanmalar muallifi. U yurisprudensiyada o‘z maktabini yarata olgan shaxs hisoblanadi. Uning maktabida yetishib chiqqan aksariyat huquqshunos-kadrlar bugungi kunda muhim vazifalarda mehnat qilishmoqda, mamlakatda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning asoslarini yaratishmoqda.

O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanishi haqidagi normani prezidentimiz nima uchun aynan Konstitutsiyaga kiritishni taklif qilyaptilar? Fikrimcha, bu norma mamlakat asosiy qonuniga kiritilganidan so‘ng O‘zbekistonda ayrim jinoyatlar uchun o‘lim jazosini tiklash kerakligi haqidagi munozaralarga chek qo‘yiladi. Bularning barchasi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.

Qolaversa, jinoyat-qidiruv, tergov amaliyotida xatolar bo‘lishi mumkin. O‘lim jazosiga hukm qilingan insonlar otib yuborilganidan so‘ng ularning aybi bo‘lmagani aniqlangan. O‘tmishimizda bunday voqealar bo‘lgan. Har bir insonning hayoti eng ulug‘ ne’mat aslida.

Agar otuvga hukm qilingach aybsizligi ma’lum bo‘lgan shaxslarga o‘lim jazosi tayinlanmaganida ular jazodan ozod qilinishi va oqlanishi mumkin bo‘lardi-da, to‘g‘rimi?

— Albatta. Xalqimiz huquqshunos emas, shu bois bu masalalarni miridan-sirigacha bilmaydi. Biz shu sohada ishlaymiz. Bunaqa voqealar juda-juda ko‘p bo‘lgan. Tergovchilar, sudyalar adashgan holatlar ham bo‘lgan.

Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi ayrim holatlarda tezroq shu ishni yopay deb gumonlanuvchilarni jinoyatni bo‘yniga olishga majburlashgan. Qiynoqlar ham bo‘lgan bizning amaliyotimizda. Hozir biz bu masalalar bilan juda keskin kurashyapmiz. Qonunchiligimizda bu bo‘yicha alohida moddalar bor.

Qiynoqlarga yo‘l qo‘yilmasligi Konstitutsiyada ham aks ettirilyapti...

— Xuddi shunday. Fikrimcha, birorta MDHga a’zo davlat ichida, balki ayrim Yevropa davlatlari ichida ham bunday siyosat yurgizilmagan, inson qadr-qimmati bu darajada yuqori ko‘tarilmagan. Muhtaram prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Inson – jamiyat – davlat” g‘oyasi, o‘ylaymanki, milliy g‘oyamizga aylanadi.

Bu masalani xalqqa, jamoatchilikka tushuntirishimiz kerak. Biz yuristlar, mutaxassislar OAV orqali bo‘layotgan o‘zgarishlarning ahamiyatini izohlab berishimiz kerak.

To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido 

Mavzuga oid