O‘zbekiston | 17:00 / 01.07.2022
18783
6 daqiqa o‘qiladi

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya: ta’limga yondashuvni o‘zgartirish vaqti keldi

Foto: vogazeta.ru

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgarish kiritishga doir takliflar ichida 41-moddani o‘zgartirish bo‘yicha bildirilgan takliflar ijobiy yechim topishi amalda konstitutsiyamizning milliy qiyofasini belgilab beradi. Boisi ushbu takliflarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, “pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash jamiyat va davlatning maqsadi ham mas’uliyatli vazifasidir. Pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi” degan normalar bilan boyitish taklif qilinmoqda. Bu mamlakatimizning qisqa tarixida yuz bergan salbiy holatlar hamda ushbu holatlarning xalqimizning milliy mentalitetiga zid bo‘lganligi sababli ko‘pchilik fuqarolarimizning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lganligi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish imkonini beradi. Xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘” degan naql bor va ustozlarni hurmat qilish milliy xarakterimizning ajralmas qismidir. Afsuski, 2017 yilgacha o‘qituvchilar, hatto maktab o‘quvchilarining ham paxta terimiga majburlanishi, bu davrda mashg‘ulotlar chetga surib qo‘yilishi, bu ham yetmagandek, ayrim rahbarlarning o‘z vakolatlaridan chetga chiqib, ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini obodonlashtirish, hatto qurilish ishlariga majburlanishi, 2021 yilda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, xalqimizning qattiq e’tiroziga sabab bo‘lgan Andijon viloyatidagi maktab o‘qituvchilarining “uzr so‘rattirish” marosimlari yaqin o‘tmishimizning qora dog‘lari bo‘lib, bu oxir-oqibat ta’lim tizimiga putur yetkazdi.

Buni to‘g‘ri anglagan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, prezidentlik muddatining birinchi kunlaridanoq ta’limni isloh qilishni, birinchi navbatda o‘qituvchilarning obro‘-e’tiborini oshirishdan boshlash lozimligini ta’kidlab kelmoqda. Va yangilanayotgan konstitutsiyaning 41-moddasini yuqoridagi normalar bilan boyitishi haqidagi takliflari ham, o‘sha keyingi 5-6 yil davomida amalga oshirib kelinayotgan ijobiy ishlarning navbatdagi bosqichi bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Ushbu moddaga kiritilayotgan yangi normalardan yana biri – iste’dodli yoshlarning moddiy ahvolidan qat’i nazar ta’lim olishlarini davom ettirishlarini davlat o‘z zimmasiga olayotganligidir. Ma’lumki, yangi konstitutsiyada konseptual o‘zgarish yasayotgan normalardan biri – mamlakatimizni “ijtimoiy davlat” deb e’lon qilinayotganidir. Ijtimoiy davlatning asosiy belgilaridan biri jamiyatda ijtimoiy adolat va ijtimoiy tenglikning ta’minlanganligidir. Shunga ko‘ra, 41-moddaga kiritish taklif etilayotgan yuqoridagi norma davlat iste’dodli yoshlarni keng, jumladan moddiy ahvolidan ham qat’i nazar, qo‘llab-quvvatlashini nazarda tutadi.

Keyingi vaqtlarda mamlakatimizda bu borada qator ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. O‘zbekistonda keng o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” va “Zakovat” tanlovlari, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi hamda iqtidorli yoshlarning xorijiy nufuzli ta’lim muassasalarida tahsil olishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “El-yurt umidi” jamg‘armalari faoliyatining davlat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani shular jumlasidandir. Xususan, iqtidorli yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishlari va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishlarini rag‘batlantirish uchun ushbu sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab berilmoqda. 2021 yil 1 maydan 5 turdagi, 2022 yil 1 yanvardan 13 turdagi (jami 18 turdagi) xalqaro imtihon tizimlarida yuqori natijaga erishgan yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab berilmoqda. Bugunga qadar mazkur tizim orqali 5441 nafar yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab berildi va bu qariyb 10 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda.

Foto: vogazeta.ru

Ushbu normalarning konstitutsiyaga kiritilishi ko‘pchilikni qiziqtirayotgan yana bir muammoga ham ijobiy yechim bo‘lib, o‘z hissasini qo‘shadi. Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda mulkchilik shakli turlicha bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari ko‘payib bormoqda. Ayrim xususiy ta’lim muassasalari ta’lim berish sifatiga ko‘ra mamlakatimizning otaxon universitetlarini ham ortda qoldira boshladi. Iste’dodli yoshlarning ushbu muassasalarda tahsil olishlari esa, ulardagi iste’dodning yanada sayqallanishiga olib keladi. Yangi konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan davlatning ijtimoiy ekanligi (1), iste’dodli yoshlarning moddiy ahvolidan qat’i nazar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi (2) hamda 41-moddada taklif etilayotgan yana bir norma – mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha turdagi ta’lim muassasalari rivojlanishi uchun davlat teng sharoitlar yaratib berishi to‘g‘risidagi (3) normalarga tayangan holda aytish mumkinki, yangilangan Konstitutsiya iste’dodli yoshlarni eng yaxshi ta’lim muassasalarida, u xoh xususiy bo‘lsin, xoh davlatniki, ta’limni davom ettirishlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Alisher YuNUSOV,
Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar
tayyorlash instituti direktori o‘rinbosari,
sotsiologiya fanlari nomzodi, dotsent.