O‘zbekiston | 16:24 / 03.07.2022
27144
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston oliy rahbariyatining qarorlarini qo‘llab-quvvatlaymiz» - Qozog‘iston TIV Qoraqalpog‘iston voqealari haqida

Foto: Legion-Media

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘istondagi so‘nggi voqealar yuzasidan bayonot berdi.

«O‘zbekiston — Qozog‘istonning qardosh qo‘shnisi, ishonchli ittifoqchisi va strategik hamkori.

Shuning uchun Qozog‘istonda do‘stona qo‘shni mamlakatdagi voqealar xavotir bilan qarshi olindi.

O‘zbekiston oliy rahbariyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qarorlarini olqishlaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz.

Ishonchimiz komilki, birodar O‘zbekistonda muhim siyosiy tadbir — Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish bo‘yicha referendum arafasida tinchlik va barqarorlik qaror topadi», deyiladi vazirlik bayonotida.

Qozog‘iston 1998 yil 31 oktyabrdagi Abadiy do‘stlik va 2013 yil 14 iyundagi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomalar, shuningdek, 2021 yil 6 dekabrdagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya ruhida O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash yo‘nalishiga qat’iy amal qilishi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyul kuni Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi konstitutsion islohotlardan norozi bo‘lgan fuqarolarning noqonuniy namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Jo‘qorg‘i Kengesning ma’lum qilishicha, axborot xurujlari va ro‘y berayotgan voqealarni qasddan buzib ko‘rsatish orqali ta’sir qilishga urinishlar qayd etilgan.

Bu tartibsizliklar davomida ijtimoiy tarmoqlarda vaziyatga Qozog‘iston tomonidan aralashuv bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida turli taxminlar bildirilgandi.

Mavzuga oid