O‘zbekiston | 09:17 / 04.07.2022
17929
2 daqiqa o‘qiladi

Nukus aeroporti faoliyatiga cheklov o‘rnatildi

Komendantlik soatlarida Nukus aeroporti ishlamaydi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”

Uzbekistan Airports matbuot xizmati Nukus aeroporti faoliyati komendantlik soatlarida vaqtinchalik cheklanishi haqida xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat joriy etilishi va prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ushbu aeroport faoliyati komendantlik soatlarida (21:00 dan 07:00 gacha) cheklanadi.

Aviakompaniya yo‘lovchilarni reyslar kechiktirilishi haqida xabardor qilgan.

Uzbekistan Airways’ning 3 iyul kuni rejalashtirilgan HY017/HY018 Toshkent—Nukus—Toshkent yo‘nalishidagi qatnovi bekor qilindi. Aviakompaniya matbuot xizmati xabar berishicha, bekor bo‘lgan aviaparvozlar yo‘lovchilari 4 iyul kuni shu yo‘nalishdagi HY011/ HY012 reyslari bilan o‘z manzillariga yetkaziladi.

«Keltirilgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilar va ularni kutib oluvchilardan uzr so‘raymiz. To‘g‘ri tushunishingizga umid qilamiz», deyiladi aviakompaniya xabarida.

Bundan oldinroq Nukus—Beyneu—Nukus yo‘nalishida qatnovchi xalqaro yo‘lovchi poyezdining bitta reysi bekor qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Nukusda 3 iyuldan 2 avgustgacha favqulodda holat joriy etilib, bir qator chora va vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatilgan.

Mavzuga oid