Jahon | 17:26 / 08.07.2022
37175
11 daqiqa o‘qiladi

Sindzo Abe suiqasddan vafot etdi. U Yaponiyaga eng uzoq vaqt rahbarlik qilgandi

Yaponiyani eng uzoq muddat davomida boshqargan siyosatchi Sindzo Abe suiqasddan keyin 67 yoshida vafot etdi. Mashhur siyosatchilar oilasida katta bo‘lgan, Yaponiyaning harbiy qudratini tiklashga uringan, «Abenomika» nomini olgan iqtisodiy siyosatni yuritgan, Kuril orollarini qaytarish uchun samarasiz urinishlarni amalga oshirgan arbobning hayotiga qisqa satrlarda nazar solamiz. 

Foto: André Penner/AP

Sindzo Abe 1954 yilda Tokio shahrida, siyosiy olamda taniqli bo‘lgan oilada tug‘ilgan. Uning ona tomondan bobosi Nobusuke Kisi, mamlakatning sobiq bosh vaziri. Otasi Abe Sintaro o‘tmishda Yaponiya tashqi ishlar vaziri bo‘lgan. 

Sindzo Abe 1977 yilda Seykey universitetini tamomlagan. U yerda yuridik fakultetda siyosatshunoslik bo‘yicha ta’lim olgan. So‘ngra Amerikaga ko‘chib o‘tib, 1978 yildan 1979 yilgacha Janubiy Kaliforniya universitetida o‘qigan. 1979 yilda Yaponiyaga qaytib, «Kobe Steel» po‘lat eritish kompaniyasiga joylashgan va 3 yil ishlagan. 

Sindzo Abe bobosi va buvisi bilan (AFP 2022 / Intercontinentale) 

Siyosiy karera 

1982 yilda u tashqi ishlar vaziri (otasi Sintaro Abe) kotibi sifatida siyosiy faoliyatini boshlaydi. Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi a’zoligiga qabul qilinadi. 1993 yilda Yamaguchi prefekturasidan Yaponiya vakillar palatasi deputatligiga saylanadi. 1999 yilda partiyaning yoshlar byurosi va ijtimoiy masalalar bo‘limi direktori bo‘lib ishlaydi. Bu partiya raisligi va bosh vazirlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri olib boruvchi lavozim edi. 

2000 yildan boshlab Abe bosh vazirlar – Yosiro Mori va Junichiro Koidzumi hukumati tarkibida faoliyat yuritgan. 

U KXDR tomonidan yapon fuqarolarining o‘g‘irlanishi masalasi bilan jiddiy shug‘ullangan. Bosh vazir Koidzumiga hamrohlik qilib Shimoliy Koreyaga borgan va Kim Chen Ir bilan oliy darajadagi uchrashuv guvohi bo‘lgan. 

2003-2004 yillarda Abe Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi bosh kotibi bo‘ladi. 2005 yil oktyabr oyida u Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi lavozimini egallaydi. Kuzatuvchilar bu tayinlovni bosh vazir Junichiro Koidzumi tomonidan Abeni o‘z vorisi sifatida tayyorlayotgani belgisi sifatida qabul qilishadi. 

Abening birinchi hukumati 

2006 yil 20 sentabrda Sindzo Abe partiya raisi sifatida Junichiro Koidzumi o‘rnini egallaydi. 26 sentabrda Abe parlament tomonidan bosh vazir lavozimiga tasdiqlanadi. Natijada 52 yoshli siyosatchi eng yosh bosh vazirlardan biri sifatida tarixga kiradi. 

Abe bosh vazir sifatida mamlakat Konstitutsiyasini o‘zgartirish niyati, shuningdek, millatchilik ruhidagi bayonotlari bilan Yaponiyada va xorijda jamoatchilik va matbuot e’tiborini tortadi. 

Foto: Michael Franchi/AFP/Getty

U Xitoy va Janubiy Koreyaga tashrif buyurib, sovuqlik tushgan munosabatlarni yaxshilashga harakat qiladi. Avvalroq, bosh vazir Koidzumi turli urushlarda halok bo‘lgan yapon askarlari (shu jumladan harbiy jinoyatchilar) ismlari ro‘yxati saqlanayotgan Yasukuni ibodatxonasiga tashrif buyurgan va oqibatda bu Xitoy, Shimoliy va Janubiy Koreya tomonidan qoralangandi. Keyinchalik, Abening o‘zi ham bu ibodatxonaga 2 marta tashrif buyurib, yapon askarlarini xotirlagan. 

2007 yilda qishloq xo‘jaligi vaziri Toshikatsu Matsuoka moliyaviy mojaro avjiga chiqqan paytda o‘zini osib qo‘yadi. Uning o‘rinbosari esa korrupsiyada ayblanadi va lavozimini tark etadi. Oqibatda Abe kabinetining reytingi keskin tushib ketadi. 

2007 yil 12 sentabrda Abe sog‘lig‘i tufayli iste’foga chiqishini e’lon qiladi, ammo yana ikki hafta bosh vazir sifatida faoliyat yuritishda davom etadi. Shu tariqa, u bir yil davomida hukumat rahbari bo‘lib ishlaydi. Partiya raisi lavozimida uning o‘rnini Yasuo Fukuda egallaydi. 

Abening ikkinchi hukumati 

Hukmron Demokratik partiya boshdan kechirayotgan inqiroz sharoitida liberal-demokratlar mamlakatda yetakchilikni qaytarib olish uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘lishadi. 

2012 yil 26 sentabrda Abe yana LDP raisi bo‘ladi. Uning rahbarligida partiya navbatdan tashqari parlament saylovlarida g‘alaba qozonib, Vakillar palatasida avvalgi saylovlarga nisbatan ikki baravar ko‘p o‘rinni qo‘lga kiritadi. Bu LDPga mamlakatning yangi hukumatini shakllantirish imkonini beradi. 

2012 yil 26 dekabrda Sindzo Abe yana Yaponiya bosh vaziri bo‘ladi. Natijada u 1948 yildan beri tanaffusdan so‘ng yana o‘z lavozimiga qaytgan birinchi bosh vazirga aylanadi. Shuningdek, Koidzumidan keyin ikki yil yoki undan ko‘proq vaqt davomida lavozimida ishlagan birinchi bosh vazir bo‘ladi. 

Abe ikkinchi hukumatining dastlabki yilida Tokio shahrida Olimpiada o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan qo‘mitaga rahbar bo‘ladi. Yakunda 2020 yilgi o‘yinlarni o‘tkazish bo‘yicha Tokio nomzodi g‘alaba qozonadi. 

Abe bosh vazirligi davrida Yaponiyaning mudofaa salohiyatini kuchaytirishga urinadi, AQSh bilan xavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantiradi. 1945 yilgi Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga, ya’ni Yaponiya mudofaa kuchlaridan foydalanish imkoniyatini cheklovchi 9-moddani olib tashlashga urinadi. Ushbu moddada davlat tomonidan xalqaro nizolarni hal qilish uchun harbiy kuchdan foydalanishdan tiyilish, urushdan voz kechish, o‘zining quruqlik, dengiz va havo kuchlarini tashkil etishdan voz kechish kabi masalalar o‘rin olgandi. 

2014 yilda Yaponiya Vazirlar mahkamasi Konstitutsiyaning jamoaviy mudofaa huquqini amalga oshirish imkonini beruvchi yangi talqinini tasdiqlaydi. 2015 yilda parlament Yaponiya harbiy mudofaa kuchlarining ushbu yo‘nalishdagi vakolatlarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonunlarni qabul qiladi. 

Qayd etish joizki, Abe kabinetining reytingi deyarli har doim yuqori (50-70 foiz) bo‘lib kelgan. Faqat 2018 yil mart oyida u 31 foizga tushib ketgan. Bunga Sindzo Abe va uning rafiqasi Akie ishtirok etgani aytilayotgan «Moritomo Gakuen» tashkiloti tomonidan davlat yerlarini arzonlashtirilgan narxda sotib olish bo‘yicha kelishuv hujjatlarini qalbakilashtirish bilan bog‘liq mojaro sabab bo‘lgan. 

Abening rejalari qatorida janubiy Kuril orollari yoki «shimoliy hududlar»ga egalik qilish bo‘yicha Rossiya bilan hududiy mojaroni hal qilish va Moskva bilan tinchlik shartnomasini imzolash ham bor edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yuqori darajadagi ko‘plab uchrashuvlarga qaramay, buning iloji bo‘lmaydi. 

2016 yilda Abe Tinch okeani va Hind okeanida ochiq va erkin savdo zonasi tashkil etish taklifini ilgari suradi. Tashabbus sifatli infratuzilmani rivojlantirish va xavfsiz navigatsiyani ta’minlashga qaratilgandi. 2019 yil sentabrida Abe davom etayotgan islohotlarga turtki berish maqsadida hukumat tarkibini o‘zgartiradi. 

2019 yil 20 noyabr kuni Sindzo Abe Yaponiya tarixida eng uzoq muddat bosh vazir lavozimida ishlash bo‘yicha mutlaq rekordchiga aylanadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Eysaku Sato rekordini ortda qoldiradi. Abe birinchi muddatda 1 yil ishlagan, ikkinchi muddatda deyarli 8 yil ishlayotgandi. 

2020 yil 7 aprel kuni Tokioda bir sutkada rekord darajadagi koronavirusga chalinish holatlari qayd etilgach, hukumat urushdan keyingi tarixda birinchi marta mamlakatning bir qancha hududlarida favqulodda holat e’lon qiladi. Biroq, Yaponiyada Xitoy yoki Yevropadagi kabi odamlarning harakatlanishiga majburiy cheklovlar qo‘yilmaydi. 

Abe odamlar o‘rtasidagi aloqalarni 70-80 foizga qisqartirishga chaqiradi. 16 aprel kuni favqulodda holat butun mamlakat bo‘ylab joriy etiladi. 

Koronavirus epidemiyasi Abening pozitsiyalariga qattiq zarba beradi. Fuqarolar bosh vazirni cheklovchi choralar kechikib kiritilgani uchun faol tanqid qilishadi. Sindzo Abe boshqaruvidagi Yaponiya hukumati faoliyatini ma’qullash reytingi 27 foizga tushib ketadi. 

Foto: Yoshio Tsunoda/AFLO/Global Look Press

2020 yil 28 avgust kuni Sindzo Abe kutilmaganda sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli bosh vazir lavozimidan iste’foga chiqqanini va o‘rinbosar saylanmaguncha o‘z faoliyatini davom ettirishi haqidagi qarorini e’lon qiladi. Siyosatchi ichak yarasi bilan bog‘liq xastalik kuchaygani va davolanishi lozimligi haqida xabar beradi. 

2020 yil 16 sentabrda Sindzo Abe bosh vazirlik faoliyatini to‘xtatadi. 

Sindzi Abe O‘zbekistonda (twitter.com/KenkoSone) 

Umumiy hisobda bosh vazir lavozimida ishlagan davrida Abe 176 ta mamlakatga, shu jumladan, 2015 yilda O‘zbekistonga ham tashrif buyurgan. Uning bosh vazirlik muddati 8 yil-u 8 oy davom etgan. 

Abenomika 

Abe izchil ravishda Abenomika deb nomlangan o‘ziga xos iqtisodiy siyosatni olib borgan. U yigirma yil davomida turg‘un holatga tushib qolgan va uzoq muddatli deflyatsiyadan aziyat chekkan Yaponiya iqtisodiyotini jonlantirish uchun mo‘ljallangandi. 

Uning asosiy g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi va maslahatchisi Yyel universiteti professori, asli yaponiyalik Koichi Hamada edi. 

Abenomikaning asosiy usuli iqtisodiyotdagi pul massasini ikki baravar oshirish yo‘li bilan iyenani sun’iy devalvatsiya qilish hisoblangan. Bunday chora yangilik emas. Ammo uning qo‘llanishi yangi xalqaro valuta urushlari boshlanishiga olib kelishi mumkin va qator iqtisodiy ekspertlar tomonidan tanqid qilingan. Boshqa tomondan, iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati, amerikalik iqtisodchi olim Jozef Stiglits Abenomikaga ijobiy baho bergan. 

Abe hukumati tashabbusi bilan 2014 yilda iste’mol solig‘i 5 foizdan 8 foizga oshiriladi. Keyinchalik 10 foizga ko‘tariladi. 

Qotillik 

2022 yil 8 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:30 da Nara shahrida Sindzo Abega suiqasd uyushtirildi. Siyosatchiga saylov kampaniyasi doirasida nutq qilayotgan paytida noma’lum shaxs tomonidan kamida ikki marta o‘q uzilgan. 

Sindzo Abe hushidan ketgan holda shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun kurashganiga qaramy, Abe hushiga kelmasdan vafot etgan. Siyosatchi 67 yoshda edi. 

Nurmuhammad Said tayyorladi

Mavzuga oid