Sport | 08:01 / 12.07.2022
15432
12 daqiqa o‘qiladi

Yozgi transferlar. Angliya grandlari qanday harakat qilmoqda?

Angliyaning uchta top-klubi transferlar bo‘yicha master-klass ko‘rsatmoqda, «Chelsi» va «Yunayted» esa «uxlab yotibdi».

Foto: Getty Images

 «Siti»ning ishlari hammanikidan yaxshiroq, u ketganlarning o‘rnini darhol to‘ldirdi. Ammo, ular ikki futbolchi uchun 100 mln yevrodan ko‘proq pul sarflashdi.

10 iyun kuni Angliyada yozgi transferlar oynasi ochildi. Bir oy ichida barcha klublar yangi futbolchilarni sotib olish uchun 730 mln yevrodan ko‘proq mablag‘ sarfladi va ketganlardan 345 mln yevro ishlab oldi.

Angliyada transfer oynasi 1 sentabr kuni yopiladi. Quyida Premer-Liganing top-klublarini kim kuchaytirganini, kimlar sotilganini va kuchli yettita jamoasida qanday transferlar bo‘lishi mumkinligi ko‘rib chiqiladi.

«Manchester Siti»

Angliyaning amaldagi chempioni asosiy futbolchilardan hech kimni yo‘qotmadi. To‘g‘ri, «Man Siti»ni erkin agent sifatida Fernandino tark etib, «Atletiko Paranayense»ga yo‘l oldi. Ammo uning o‘rniga «shaharliklar» «Lids»dan Kalvin Fillipsni 48,75 mln yevro evaziga olib kelishdi.

Hujum chizig‘ida pozitsiya bo‘yicha transfer sodir bo‘ldi – 52,2 mln yevroga «Arsenal» futbolchisiga aylangan Gabriyel Jyezusning o‘rnini 60 mln yevroga Erling Holand egalladi. Jamoaga Xulian Alvares ham kelib qo‘shildi. «River Pleyt» safida 25 o‘yinda 18 ta gol urgan 22 yoshli hujumchini «shaharliklar» 17 mln yevroga qishda sotib olishgan, ammo 6 oyga ijarada qoldirishgan edi.

Bundan tashqari, «Manchester Siti» «Arminiya» darvozaboni Shtefan Ortegani tekinga oldi. 29 yoshli darvozabon ikkinchi raqamli bo‘lish uchun Zakari Steffen bilan raqobatlashadi.

«Man Siti»ni Jyezus va Fernandinodan tashqari Kou Itakura va Pedro Porro ham tark etdi. Ikkala futbolchi ham jamoaga 2019 yilda kelib qo‘shilgan, ammo biror marta maydonga tushmasdan, ijaraga berib yuborilgandi. Yaponiyalik futbolchi 1,1 mln yevroga sotib olingandi, 5 mln yevro evaziga «Borussiya M» klubiga o‘tdi. Braziliyalik esa 12 mln yevroga olingandi, 8,5 mln yevroga «Sporting»ga sotildi.

Transfer oynasi yopilgunga qadar, yana bir qancha futbolchi klubni tark etishi mumkin. Rahim Sterling «Chelsi»ga o‘tishi oydinlashmoqda, Oleksandr Zinchenko va Bernardu Silva ham yangi klub izlashmoqda. Ikkinchisi allaqachon Xosep Gvardiolaga «Barselona»ga o‘tishni istayotganini aytgan. «Man Siti» esa bozordagi transfer faolligini to‘xtatmoqchi emas: ular Matteys de Ligtga va «MYu» nishonida turgan Serj Gnabriga qiziqish bildirishmoqda.

«Liverpul»

Iyun oyida «Liverpul» og‘ir yukdan xalos bo‘ldi – klubni Loris Karius (bepul), Ojo Sheyi (bepul, oxirgi marta 2016/2017 yilgi mavsumda asosiy tarkibda o‘ynagan), Divok Origi (bepul, «Milan»), Benjamin Vudbyorn (bepul, «Preston»), Marko Gruyich (9 mln yevro, «Portu») va Takumi Minamino (15 mln yevro, «Monako») tark etdi.

Shuningdek, «Liverpul» senegallik hujumchisi Sadio Maneni 32 mln yevro evaziga «Bavariya»ga sotdi. Uning o‘rniga mersisaydliklar hujumida Darvin Nunes o‘ynaydi. 23 yoshli urugvaylik 2021/2022 mavsumida «Benfika» safida 41 o‘yinda 34 gol urdi. «Liverpul» unga qo‘shimcha ravishda, kelajakni ko‘zlab, Fabio Karvaloni «Fulhem»dan 5,9 mln yevroga oldi. 19 yoshli hujumkor yarimhimoyachi Chempionshipda 36 ta o‘yin o‘tkazib, jamoa yulduzlaridan biri bo‘lgan edi. Shuningdek, «Liverpul» «Aberdin»ning 18 yoshli o‘ng qanot himoyachisi Kelvin Remsini (4,89 mln yevro) o‘z safiga qo‘shib oldi.

«Liverpul»ning transferlari shu bilan tugamayotganga o‘xshaydi. Roberto Firmino «Yuventus»ga ketishi va «Borussiya Dortmund»dan Jud Bellingemning kelishi ehtimoli bor. Mersisaydliklar Angliya milliy jamoasi futbolchisi uchun 100 mln yevro to‘lashga tayyor, ammo nemislar 120 mln yevro so‘ramoqda. Ushbu yosh yarimhimoyachi Jordan Hendersonning o‘rnini bosuvchi futbolchi sifatida ko‘rilmoqda. Ammo bu yil yozda transfer amalga oshmaydi, chunki nemislar mavsum oralig‘ida Holanddan keyin yana bir yulduzini yo‘qotishni istamasa kerak.

«Chelsi»

«Chelsi» hozircha faqat yo‘qotishlarga ega. Londonliklar uch nafar markaziy himoyachi bilan xayrlashdi – Andreas Kristensen (erkin agent, «Barselona»), Antonio Ryudiger (erkin agent, «Real») va Jyeyk Klark-Salter (erkin agent, «Kuinz Park Reyndjers»). Bundan tashqari, Saul Niges ijaradan Madridning «Atletiko» klubiga qaytdi, Romelu Lukaku «Inter»ga ijaraga ketdi. Sharli Musonda va Deniyel Drinkuoter esa shartnomasiz qolib ketishdi.

Xaridlar esa yo‘q. Konor Gallaher va Armando Broy ijaradan «Chelsi»ga qaytishdi. Ular 2021/2022 mavsumini mos ravishda «Kristal Pelas» va «Sauthempton»da ijarada o‘tkazdilar.

«Chelsi» Matteys de Ligt, Neymar, Rafinya, Krishtianu Ronaldu va Sterling xizmatiga qiziqish bildirmoqda. Rafinya va Sterling allaqachon «ko‘klar» bilan shartnoma borasida kelishib olishgan. Fabritsio Romanoning so‘zlariga ko‘ra, Sterlingning transferi taxminan 41 mln yevroni tashkil qiladi. Hujumchining «Man Siti»dan ketishiga o‘yin amaliyoti kamaygani sabab bo‘lmoqda.

Hakim Ziyosh va Markos Alonso esa «Chelsi»ni tark etishi mumkin – mos ravishda «Milan» va «Barselona» futbolchilarga qiziqish bildirgan.

«Tottenhem»

«Tottenhem» uchta ajoyib transferni amalga oshirdi. Endi hujumda Harri Keyn bilan birga «Everton»dan 58 mln yevroga sotib olingan Risharlison o‘ynaydi. Yarimhimoyada «Brayton»dan kelgan Iv Bissuma (29,2 mln yevro) va «Inter»dan olingan tajribali Ivan Perishich (bepul) to‘p tepadi. Shuningdek, «shporlar» «Atalanta»ga qaytgan Perluiji Gollini o‘rniga «Sauthempton»dan 34 yoshli darvozabon Freyzer Forsterni oldi.

Shu yil yozda «Tottenhem» o‘z tarbiyalanuvchisini sotish orqali 7 mln yevro ishlab oldi: bungacha «Sheffild Yunayted», «Ipsvich», «Suonsi», «Stok Siti», «Luton» va «Bornmut» klublariga ijaraga berib kelingan 24 yoshli himoyachi Kemeron Karter-Vikers «Seltik» bilan 4 yillik shartnoma imzoladi.

Stiven Bergveyn ham «Tottenhem»ni tark etdi – 2020 yil yanvarida «PSV»dan 32 mln yevroga sotib olingan futbolchi endi «Ayaks»ga 31,25 mln yevroga transfer qilindi. Fransiyalik himoyachi Kleman Langle ham «Tottenhem»ga o‘tdi. «Barselona» 27 yoshli futbolchini sotib olish huquqisiz bir yilga ijaraga berdi.

«Arsenal»

«Kanonirlar» Aleksandr Lyakazettni «Lion»ga qaytarib yuborishdi (bepul) va «Siti»dan Gabriel Jyezusni (52,2 mln yevro) olishdi. Shuningdek, «Arsenal» yarimhimoya chizig‘ini «Portu»dan Fabio Viyeyra (35 mln yevro) bilan, o‘ng qanot himoyasini «San-Paulu»dan 19 yoshli Markinos (3,5 mln yevro) bilan kuchaytirdi.

Amerikalik darvozabon Mett Tyorner klubda Aaron Ramsdeyl va Bernd Leno bilan raqobatlashadi. Darvoqe, so‘nggisi jamoani tark etmoqchi – unga Niderlandiya klubi qiziqmoqda.

«Arsenal» bu yozda ikki futbolchi orqali pul ishlab oldi: Matteo Gunduzi 11 mln yevroga «Marsel»ga o‘tdi, Konstantinos Mavropanos esa 3,2 mln yevro evaziga «Shtutgart» futbolchisiga aylandi.

«Kanonirlar» safini transfer oynasi yopilgunga qadar Paulo Dibala, Serj Gnabri va «Lids»dan Rafinya kuchaytirishi mumkin. Ammo hozircha ular bilan jiddiy muzokaralar o‘tkazilmagan.

«Manchester Yunayted»

«MYu» hammani tekinga qo‘yib yubordi: Pol Pogba, Xuan Mata, Jyessi Lingard va Edinson Kavani erkin agentga aylandi, 39 yoshli darvozabon Li Grant faoliyatini yakunladi, De Xea o‘rinbosari Din Henderson «Nottingem Forest»ga ijaraga berildi, Nemanya Matich esa uchinchi marta Joze Mourino qo‘l ostida o‘ynaydigan bo‘ldi. U ham «Roma»ga tekinga ketdi.

Shu tariqa, «Manchester Yunayted» Transfermarkt tomonidan 96 mln yevroga baholangan futbolchilar uchun 0 yevro oldi.

«Qizil iblislar» faqat «Feyyenoord»dan Tirella Malasiyani qo‘lga kiritishdi. U 15 mln yevro turadi va Lyuk Shou, Aleks Telles bilan raqobatlashadi. «Manchester Yunayted»ning g‘alati transfer siyosati – klubda allaqachon yosh Brendon Uilyams bor. Malasiya – chap qanotning to‘rtinchi himoyachisi.

«MYu» rahbariyati Krishtianu Ronaldu bilan xayrlashishni istamayapti, lekin futbolchi jamoaning mavsumoldi yig‘inlariga birga yo‘l olmadi. Klub Gnabri, Dibala va Eriksen kabi futbolchilardan birini Manchesterga olib kelishni ko‘zlagan.

Asosiy savol: Frenki de Yong «qizil iblislar» safiga o‘tadimi? «Barselona» yarimhimoyachisining transferi «Manchester Yunayted»ga 65 mln yevroga tushishi kutilyapti. Masala bonuslar miqdoriga borib taqalmoqda, katta ehtimol bilan ular 20 mln yevro atrofida bo‘ladi.

«Vest Hem»

«Bolg‘achilar»da hammasi yaxshi: ular Aleks Kralni «Spartak» klubiga qaytarishdi, u o‘zini ko‘rsata olmadi. Yoshi katta Andrey Yarmolenko va Devid Martinni qo‘yib yuborishdi. 35 yoshli Mark Nobl faoliyatini yakunladi. Bundan tashqari, Rayan Frederiks «Bornmut»ga tekinga yo‘l oldi. O‘ng qanot himoyachisi 2021/2022 mavsumida deyarli o‘ynamadi.

«Vest Hem» mavsumni ijarada o‘tkazgan Alfons Areola uchun «PSJ» klubiga 9,3 mln yevro to‘ladi. «Renn»dan markaziy himoyachi Naif Agerni 35 mln yevroga sotib oldi (bu ortiqcha to‘lov bo‘lishi mumkin). «Vest Hem» yana qanday futbolchilarga qiziqish bildirmoqda? Jyessi Lingard (oldin klubda o‘ynagan), Amadu Onana («Lill» klubining yosh tayanch yarimhimoyachisi) va Kristian Eriksen.

Mavzuga oid