Iqtisodiyot | 15:06 / 13.07.2022
63770
2 daqiqa o‘qiladi

Nimalarning narxi oshishi mumkin? - Markaziy bank inflyatsion kutilmalar sharhini e’lon qildi

Iyun oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalarida aholining inflyatsion kutilmalari 16,4 foizni, tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari esa 15,7 foizni tashkil qilgan. Aholi va biznes kelgusida nimalarning narxlari oshishini kutmoqda?

Foto: AP

Markaziy bank iyun oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari sharhini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha kutilmalari may oyiga nisbatan 1,2 foizga pasayib, 16,4 foizni tashkil qilgan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • import tovarlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi ko‘tarilishi (56 foiz);
  • narxlarning sun’iy oshirilishi (41 foiz);
  • ish haqi va nafaqalarning oshirilishi (34 foiz).

Bundan tashqari, yoqilg‘i-energiya resurslari qimmatlashishi (27 foiz), valuta kursi o‘zgarishi (25 foiz), kommunal xizmatlar narxi oshirilishi (22 foiz) kabi omillar ham aholi inflyatsion kutilmalariga sezilarli ta’sir o‘tkazgan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

Iyun oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 15,7 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 1,6 foizga kamaygan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • ish haqi va nafaqalar oshishi (29 foiz);
  • yoqilg‘i mahsulotlari va transport xizmatlari narxlari qimmatlashishi (27 foiz);
  • import qilinadigan xomashyo va butlovchi qismlar qimmatlashishi (24 foiz).

Shuningdek, xorijdan xomashyo yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishini hamda tijoriy bino va ijara to‘lovlari oshishini kutayotgan tadbirkorlar ulushi o‘tgan oyga nisbatan yuqorilagan.

Mavzuga oid