O‘zbekiston | 23:58 / 16.07.2022
133626
7 daqiqa o‘qiladi

1 porsiya osh 130 ming, 1 dona somsa 70 ming so‘m. Hashamatli forumdagi davlat xarajatlari

Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkazish uchun 15 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Masalan, “Sky Evens” MChJ bilan 1,5 litrlik Coca-Cola ichimligini 32 ming so‘mdan, “Sochnaya dolina” sharbatlarini 48 ming so‘mdan sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzilgan.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

24−26 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumini tashkil etish uchun kamida 15 mlrd so‘m mablag‘ sarflangani xabar qilingandi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur xarajatlarning detallari muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

15 mart kuni “Sky Evens” MChJ hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida qariyb 7,3 mlrd so‘mlik shartnoma tuzilgan. Shartnomada forumni o‘tkazish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, bir qancha binolar ijarasi va umumiy ovqatlanish xizmatlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Tasdiqlangan ro‘yxatda:

  • bir porsiya malina 200 ming so‘m (QQS bilan qo‘shib hisoblaganda 230 ming so‘m, umumiy 100 porsiya – 23 mln so‘m);
  • 1 porsiya qora ikra 6 mln 320 ming so‘m;
  • 0,33 ml “Chortoq” mineral suvining bir donasi 36 800 so‘m (16 iyul holatiga 500 ml “Chortoq” mineral suvi Korzinka supermarketlarida 6490 so‘mdan sotilmoqda);
  • 1,5 litrlik Sosa-sola, Pepsi va Sprite ichimliklarining har bir donasi 32 200 so‘m (Toshkent shahridagi taxminiy chakana narxi 11 ming so‘m);
  • “Viko” va “Sochnaya dolina” mevali sharbatlarining har bir donasi 48 300 so‘mdan (chakana bozor narxi 12-16 ming so‘m oralig‘ida) baholangan.

Forumning mart oyida bo‘lganligini inobatga olsak, ba’zi mevalar narxi hozirgi narxlardan qimmat bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo yuqoridagi ichimlik narxlarining bahosi o‘tgan 4 oy davomida deyarli o‘zgarmagan.

24 mart kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va “Lyuks Taxi” MChJ o‘rtasida lyuks avtomobillar ijarasi bo‘yicha 2 mlrd 53 mln so‘mlik shartnoma imzolangan.

Kelishuv doirasida 21−28 mart kunlari:

  • 155ta “Mercedes W222″ (jami to‘langan pul – 759 mln 500 ming so‘m);
  • 74ta “Mercedes W221/2″ (266,4 mln so‘m);
  • 100ta “Mercedes W221″ (316 mln so‘m);
  • 186ta “Mercedes Vito” (448,2 million so‘m);
  • 148ta “Malibu” (263 mln so‘m) avtomobillari xizmatidan foydalanilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, “Akfa Dream World” (Hilton) kompaniyasi bilan ham tashrif buyurgan mehmonlarni ovqatlantirish bo‘yicha 2 mlrd 585 mln so‘mlik bitim tuzilgan.

Forum ovqatlanish dasturxoniga tortilgan taomlardan ayrimlarining narxi quyidagicha hisoblangan:

  • 1 dona somsa – 70 ming so‘m;
  • 1 porsiya mayda manti 50 ming so‘m;
  • 1 porsiya osh 80 mingdan 130 ming so‘mgacha;
  • 1 porsiya norin 130 ming so‘m;
  • 1 porsiya mastava 50 ming so‘m.

Narxlar QQSsiz ko‘rsatilgan. Gazeta.uz'ning Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, “Akfa Dream World” (Hilton) bir qator soliqlar, jumladan, QQS, mol-mulk solig‘i, ijtimoiy soliq, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yer solig‘idan ozod qilingan yoki imtiyozga ega. Birgina 2021 yilning o‘zida kompaniyaning QQS bo‘yicha imtiyozlari 21,9 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2019 yilda bergan intervyusida Hilton mehmonxonasi va Congress Hall'da qurilish ishlari tugatilganidan so‘ng, davlat ixtiyoriga topshirilishi, inshootlardan daromad manbayi sifatida sifatida foydalanilmasligi haqida aytgandi.

E’tiborlisi, yuqorida nomi tilga olingan “Sky Evens” MChJ va “Akfa Dream World” kompaniyalari deyarli bir manzilda (Shayxontohur tumani, Islom Karimov ko‘chasi, 5-blok, 1−2-bino va 1-bino) ro‘yxatdan o‘tgan.

Yuqoridagilardan tashqari:

  • “Ahadmix-Yastreb” MChJ bilan sahna va ekranlar ijarasi bo‘yicha 457 mln so‘mlik;
  • AKT vazirligi tasarrufidagi "Respublika maxsus aloqa bog`lamasi" DUK bilan ovoz qurilmalari bilan ta’minlash bo‘yicha 798 mln 500 ming so‘mlik;
  • “Akfa Dream World” bilan zal ijarasi va taom uchun 253 mln 200 ming so‘mlik;
  • “International” mehmonxonasida 1500 o‘ringa mo‘ljallangan zal va bufet stoli ijarasi uchun 1 mlrd 190 mln so‘mlik;
  • “Shoraxmat-Fayz” oilaviy korxonasi bilan bayroq ijarasi bo‘yicha 398 mln so‘mlik shartnomalar tuzilgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, vazirlik forumni tashkil etishda ko‘maklashgan ba’zi bir tashkilotlarga pulini to‘lab bermagan va hozirgacha qarzdor bo‘lib qolmoqda. Jumladan, reklama va PR xizmatlarini ko‘rsatib keladigan Webmedia Information kompaniyasiga ham xizmat ko‘rsatgani uchun haq to‘lanmagani aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 56-moddasiga ko‘ra, prezident farmonlari va qarorlari yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan davlat buyurtmachilariga tender o‘tkazmasdan xaridlarni amalga oshirish huquqi berilsa, xarid qilish tartib-taomili davlat xaridining summasidan qat’i nazar, tanlash orqali amalga oshiriladi.

Bunda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 25 ming (budjet buyurtmachilari uchun olti ming, joriy narxlarda 1,8 mlrd so‘m) baravari miqdoridan oshgan hollarda davlat xaridiga doir texnik topshiriqlar qonunchilikda belgilangan tartibda ekspertiza uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi”ga kiritiladi.

Demak, ITSVning budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirgan yuqoridagi xaridlari Kompleks ekspertiza qilish markazi tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 1-4 sentabr kunlari Toshkentdagi Xalqaro Kongress markazida Islom taraqqiyot banki (IsDB) Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi, 29-30 sentabr kunlari O‘zbekiston iqtisodiy forumi, joriy yilning iyun oyida “O‘zbekiston energetika forumi – 2022” kabi tadbirlar o‘tkazilgandi. Ushbu xalqaro konferensiyalarga qancha pul sarflangani haqidagi ma’lumotlar ochiqlanmagan.

O‘tgan yili Toshkent shahar hokimligi Rossiyadan kelgan veteranlarning birgina kechki ovqati uchun budjetdan 27 mln so‘m xarajat qilgani tanqidlarga sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid