O‘zbekiston | 11:16 / 18.07.2022
9976
2 daqiqa o‘qiladi

Bekobodda 90 ming dollarni Tojikistonga noqonuniy olib chiqmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi 

Bekobodda 90 ming AQSh dollarini Tojikistonga noqonuniy olib chiqmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.

Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan ayol Sh.M. 20 ming AQSh dollarini oyoq kiyimlari ichiga yashirgan holda «Farhod» chegara bojxona posti orqali Tojikiston Respublikasiga olib o‘tmoqchi bo‘lgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan to‘xtatib qolindi.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgan vaqtda esa u yana bir bor xuddi shunday noqonuniy harakatni sodir etdi.

Bu safar u egnidagi kiyimlari orasiga yashirgan holda 70 ming AQSh dollarini aynan shu chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga olib chiqishga uringanida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, ushbu ko‘p miqdordagi xorijiy valuta qimmatliklari Tojikiston Respublikasi fuqarosiga tegishli bo‘lib, Sh.M. o‘zining kurerlik xizmatiga ma’lum bir miqdorda pul mablag‘i olishi kerak bo‘lgan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid