O‘zbekiston | 07:41 / 18.07.2022
15566
2 daqiqa o‘qiladi

Karate federatsiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi prezidentining federatsiya sobiq rahbarlari xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yo‘llagan murojaati hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan federatsiya faoliyati bilan bog‘liq korrupsion holatlar agentlik tomonidan o‘rganib chiqildi.

Foto: Shutterstock

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, uning yakunlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etilgan. 

Ushbu hujjatlar asosida Bosh prokuratura boshqa mutasaddi idoralar bilan o‘tkazgan tekshiruvlari natijasida O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasi mansabdor shaxslari va boshqalar rasmiy hujjatlarga soxta yozuv kiritib, juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani ma’lum bo‘lgan.  

2020-2021 yillarda o‘tkazilgan 10 ta o‘quv yig‘inida 49 nafar sportchi amalda qatnashmagan hamda mehmonxona xizmatidan foydalanmagan bo‘lsa-da, ishtirok etgani haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirilib, 403 mln so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirib yuborilgan. 

Sportchilar tomonidan ishlatilmagan 64 turdagi 78,5 mln so‘mlik dori vositalari ham talon-toroj qilingan. 

Sport zal ijaraga olinganligi to‘g‘risida hujjatlar rasmiylashtirilib, 128 mln so‘m mablag‘lar amalda sport zaliga ega bo‘lmagan mehmonxonaga o‘tkazilib, o‘zlashtirilgan. 

2021 yilda o‘tkazilgan 3 ta sport musobaqalari qatnashuvchilari tomonidan to‘langan 150 mln so‘m badal pullari kirim qilinmagan. 

Bundan tashqari, me’yoriy hujjatlar talabalariga zid ravishda karate bo‘yicha jahon chempioni D.O.ga trenerlik qilmagan U.B.ga davlat budjetidan asossiz ravishda 6 ming AQSh dollari to‘lanishiga erishilib, budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.  

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Karate milliy federatsiyasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Mavzuga oid