Jahon | 08:52 / 18.07.2022
17623
1 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Ukraina bosh prokurori va UXX rahbarini ishdan bo‘shatdi

Irina Venediktova Ukraina tarixida bosh prokuror lavozimini egallagan birinchi ayol edi. Ivan Bakanov Ukraina Qurolli kuchlari intizom nizomiga muvofiq ishdan bo‘shatildi.

Foto: AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) rahbari Ivan Bakanov va mamlakat bosh prokurori Irina Venediktovani ishdan bo‘shatdi. Tegishli farmonlar 17 iyul, yakshanba kuni davlat rahbari saytida e’lon qilindi.

Venediktova Ukraina tarixida bosh prokuror lavozimini egallagan birinchi ayol edi va u bu lavozimni 2020 yilning mart oyidan beri egallab kelayotgandi. Endilikda bosh prokurorning vazifalari uning o‘rinbosari Aleksey Simonenkoga yuklangan.

Ivan Bakanov 2019 yil avgustidan beri UXXni boshqarib kelayotgan edi. Zelenskiyning farmoniga ko‘ra, maxsus xizmat rahbari Ukraina Qurolli kuchlari intizom nizomining 47-moddasiga muvofiq lavozimidan chetlashtirildi. 

Ushbu moddada ko‘rsatilgandek, harbiy xizmat majburiyatlarini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik insonlarning halok bo‘lishi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelsa yoki bunday oqibatlar xavfini yuzaga keltirsa, lavozimdan chetlatib qo‘yish uchun asosdir.

Mavzuga oid