O‘zbekiston | 16:19 / 21.07.2022
36264
14 daqiqa o‘qiladi

O‘zaro savdo, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya va Afg‘oniston. Shavkat Mirziyoyev Cho‘lponota uchrashuvida nimalar haqida gapirdi?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi maslahat uchrashuvida nutq so‘zladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

21 iyul kuni Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov raisligidagi sammitda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhammedov ishtirok etdi.

Mintaqaviy xavfsizlikka zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda chora ko‘rish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari, Markaziy Osiyo davlatlarining barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarini davom ettirish maqsadida mintaqaviy sheriklikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida ushbu formatda yo‘lga qo‘yilgan muntazam muloqot tufayli Markaziy Osiyoda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik muhitini yaratishga muvaffaq bo‘linganini ta’kidladi.

«Markaziy Osiyoning xavfsizligi va barqarorligini, izchil ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash bo‘yicha murakkab vazifalarni izchil hal qilib kelyapmiz», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada ko‘plab to‘siqlar bartaraf etildi, fuqarolarimiz erkin harakatlanishi, faol madaniy va turistik almashinuvlar amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratildi. O‘zaro savdo va investitsiyalarning o‘sishiga xizmat qilayotgan qulay muhit shakllantirildi.

Mintaqa mamlakatlari sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kirishdi, samarali qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratmoqda, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirmoqda.

«Eng muhimi – barcha ijobiy o‘zgarishlarni birodar xalqlarimiz his qilmoqda», dedi mamlakat yetakchisi.

Global vaziyat

Shavkat Mirziyoyev jahondagi murakkab vaziyat mintaqaga ham bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

«Jahondagi mintaqamizga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan murakkab vaziyat bo‘yicha bugun bildirilgan fikr-mulohazalarni qo‘llab-quvvatlayman.

Xalqaro tartibotning oqibatlarini oldindan aytish qiyin bo‘lgan shiddatli transformatsiya jarayonlari kuzatilmoqda. Biz global miqyosda muloqot va ishonch taqchilligi tobora ortib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli holatlar kuchayib borayotgani natijasida mamlakatlarimiz an’anaviy logistika zanjirlari uzilishi bilan bog‘liq muammoga duch kelmoqda, inflatsiyaning importi ortmoqda, oziq-ovqat va energetik xavfsizligiga nisbatan xavf-xatarlar bir necha bor ko‘paymoqda. Bunday sharoitda Maslahat uchrashuvlari formati doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirish zarurati yanada kuchaymoqda.

Shuni alohida qayd etmoqchiman, butun mintaqamizning tinchligi, barqarorligi va farovonligi jipsligimizga, Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishga tayyorligimizga bog‘liq», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Savdo aloqalari

O‘zbekiston prezidenti dolzarb masalalar yuzasidan nuqtayi nazarini bayon qildi hamda ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va mintaqada amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi.

Ijobiy sur’atga qaramasdan mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy hamkorlik salohiyati ro‘yobga chiqarilmay qolayotgani ta’kidlandi. Bugun mintaqa ichidagi savdo hissasiga turli hisob-kitoblarga ko‘ra mamlakatlar o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlashning 5 foizidan 10 foizigacha to‘g‘ri kelmoqda.

«Ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va amaliy mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida umumiy sa’y-harakatlarimizni quyidagi muhim yo‘nalishlarga qaratishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Birinchisi – iqtisodiy yo‘nalish. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ijobiy do‘sish sur’atlariga qaramasdan, mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy hamkorlik salohiyati to‘liq ishga solinmasdan qolmoqda.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda mintaqa ichidagi savdo ulushiga mamlakatlarimiz o‘rtasidagi umumiy tovar aylanishining 5 foizidan 10 foizigacha bo‘lgan qismi to‘g‘ri kelmoqda.

Shu munosabat bilan o‘zaro savdoni rag‘batlantirishning yangi shakl va mexanizmlarini faol joriy qilishni taklif etamiz. Tovar yetkazib berishning qoidalari birxillashtirilgan va tartib-taomillari soddalashtirilgan chegara hududlarida savdo zonalari tizimini yaratish shular jumlasidandir», dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari uchinchi mamlakatlardan importning o‘rnini mintaqa mamlakatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan bosishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqirdi.

«Bu borada uchinchi mamlakatlardan qimmat va har doim ham sifatli bo‘lmagan import o‘rnini o‘zimizning ishlab chiqaruvchilarimiz mahsulotlari hisobidan to‘ldirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni tushunish va qo‘llab-quvvatlash muhim.

Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish yana bir muhim vazifadir.

Biznes doiralarimiz mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotlarining raqobat nuqtayi nazaridan ustunliklari va bir-birini to‘ldirib turishidan foydalangan holda, ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishdan manfaatdor.

Shu munosabat bilan sanoatni rivojlanish milliy dasturlari asosida Markaziy Osiyoda mahalliylashtirish va import o‘rnini bosish makonini shakllantirish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.

Iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratishni taklif etaman. Bu mahsulot tannarxini kamaytirish va raqobatbardoshligini ta’minlash imkonini beradi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida hududlararo to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik borasidagi salohiyatdan kengroq foydalanish va har yili Markaziy Osiyo hududlari forumini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishni taklif etamiz.

Shu bilan birga, mintaqaning investitsiya sohasidagi umumiy jozibadorligini oshirish uchun yagona qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga intilish zarur», dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev mintaqadagi hamkorlarga yaqinda O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirdi hamda ushbu tashabbusning davomi sifatida Hindiston, Pokiston va Xitoy bozorlariga chiqish uchun muqobil transport yo‘laklarini ilgari surish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishni taklif etdi.

Ishtirokchilarning e’tibori oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi navbatda Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish lozimligiga qaratildi.

Shu maqsadda Shavkat Mirziyoyev aholini mamlakatlarimizda yetarli hajmda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashning kompleks sxemasini birgalikda ishlab chiqishni taklif etdi.

Yashil taraqqiyot

Ekologiya sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Hamkorlarga e’tiborni O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan «Markaziy Osiyo uchun «Yashil» kun tartibi» dasturi doirasida iqtisodiyotni karbonsizlantirish, muqobil energetikani rivojlantirish va o‘zaro elektr energiyasi yetkazishni tashkil etish, suv tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy qilish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga qaratish taklif etildi.

Prezident «yashil taraqqiyot» masalalarida Markaziy Osiyo davlatlari bugun jahonning yetakchi mintaqalaridan ancha orqada ekanini afsus bilan qayd etdi.

«Mamlakatlarimizning uzoq muddatli istiqbolda raqobatbardoshligini ta’minlash uchun hukumatlarda bugun qabul qilinayotgan dasturni amalga oshirish bo‘yicha Aniq chora-tadbirlar rejasini tayyorlashni topshirish zarur», - dedi davlat rahbari.

Madaniy aloqalar

Mintaqa mamlakatlarining birodar xalqlarini yanada yaqinlashtirish maqsadida umumiy tariximizni chuqur o‘rganish, madaniyat, ta’lim, sport va turizm sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish zarur. Shu ma’noda, prezident Markaziy Osiyo madaniyat, san’at va milliy taomlar festivalini navbatma-navbat o‘tkazib borishni taklif qildi.

Maxsus turizm marshrutlari va mahsulotlarini ishlab chiqish, yagona piar-kampaniyalarni o‘tkazish orqali mintaqa ichidagi turizmni faol rag‘batlantirishimiz lozimligi ta’kidlandi. Yoshlarga doir siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitim tayyorlash tashabbusi ilgari surildi.

«Mamlakatlarimizda Markaziy Osiyo madaniyat, san’at va kino festivalini navbatma-navbat o‘tkazib borishni taklif qilamiz. Turizm sohasidagi hamkorligimizni kengaytirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratmoqchiman. Maxsus turizm marshrutlari va mahsulotlarini ishlab chiqish, umumiy  piar-kampaniyalarni o‘tkazish orqali mintaqa ichidagi turizmni faol rag‘batlantirib borishimiz lozim.

Shu maqsadda o‘zaro turizm oqimlarini oshirish bo‘yicha aniq takliflarni tayyorlash uchun qo‘shma ekspertlar guruhini tuzishni taklif etamiz.

Joriy yil may oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo yoshlar forumining samarali yakunlariga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Yoshlarimizning qarash va intilishlari o‘xshashligiga, ularning ulkan intellektual salohiyatiga yana bir bor amin bo‘ldik. Ularning ilg‘or tashabbuslari, kreativ yondashuvlari va startap loyihalarini bundan buyon ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Navbatdagi uchrashuvimizgacha Yoshlarga doir siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitim tayyorlashni taklif etamiz», dedi davlat rahbari.

Xavfsizlikka tahdidlar

Davlat rahbari xavfsizlik sohasidagi mintaqaviy hamkorlikning strategik yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratdi. Uning fikricha, ko‘lami tobora ortib borayotgan internetdagi noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq yangi xatarlar alohida e’tiborni taqozo etmoqda.

«Xavfsizlik sohasi – mintaqaviy hamkorligimizning strategik yo‘nalishidir. Mintaqaviy xavfsizlik bo‘linmas va eng avvalo, bizning sherikligimiz qanchalik samarali yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq ekanini ta’kidlamoqchiman.

Shu ma’noda, ekstremizm va terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafik kabi an’anaviy tahdidlarga qarshi kurashda amaliy hamkorligimizni bundan buyon ham kuchaytirib borishimiz zarur. Ko‘lami tobora ortib borayotgan Internetdagi noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq yangi xavf-xatarlar alohida e’tibor qaratishimizni taqozo etmoqda.

Bugun ushbu tahdidlar yo‘lida hech qanday chegara yo‘q – ular mobil telefonlar orqali kirib kelmoqda.

Afsuski, O‘zbekistonda yaqinda ro‘y bergan fojiali voqealar bizning rejalarimizni buzishga, mintaqamizda beqaror vaziyatni vujudga keltirishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar mavjud ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Shu munosabat bilan ushbu yo‘nalishlarda mintaqa mamlakatlarining Xavfsizlik kengashlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yish taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz»,  dedi Shavkat Mirziyoyev.

Afg‘oniston

Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashga va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalarida yaqindan hamkorlikni davom ettirish biz uchun eng muhim ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishi kerakligi ta’kidlandi.

«Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashga va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalarida yaqindan hamkorlikni davom ettirish biz uchun eng muhim ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishi kerak.

Biz ushbu mamlakatning eng yaqin qo‘shnilari sifatida bu zamindagi barqarorlikdan birinchi navbatda o‘zimiz manfaatdor bo‘lishimiz lozim. Mazkur muammo xalqaro hamjamiyat tomonidan qanday qabul qilinishi ham ko‘p jihatdan aynan bizga bog‘liq.

Shuningdek, ushbu mamlakat bilan savdo aloqalarini faol rivojlantirish, uni mintaqamizdagi iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, afg‘on xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, muhim ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish tarafdorimiz», dedi Mirziyoyev.

Prezident so‘zining yakunida Maslahat uchrashuvi natijalari mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik va ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishiga, amaliy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surishiga kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.

Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston prezidentlari o‘z nutqlarida bunday muntazam uchrashuvlarning dolzarb ahamiyatini alohida qayd etib, mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surishdi.

Sammit yakunida XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Davlat rahbarlari Cho‘lponota Maslahat uchrashuvining qo‘shma bayonoti, 2022-2024 yillarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi, Markaziy Osiyo uchun «Yashil kun tartibi» mintaqaviy dasturi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorligi konsepsiyasini qabul qildi.

Shu bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvi yakunlandi.

Mavzuga oid