Jahon | 14:25 / 21.07.2022
38162
7 daqiqa o‘qiladi

Xarkivda halok bo‘lgan o‘g‘li tepasida duo o‘qiyotgan ota, Donbassda hujumlar davom etmoqda. Urush suratlari

Ukrainada urushning 147-kuni o‘tdi. So‘nggi ma’lumotlar:

  • 20 iyul tongida rossiyalik harbiylar Xarkiv shimolidagi Saltovka rayonini o‘qqa tutishdi. Raketalar avtobus bekatiga kelib tushgan: tinch aholi vakillaridan uch kishi halok bo‘lgan, ular orasida — 13 yoshli bola ham bor.
  • Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov hozirgi vaziyatda Ukraina bilan muzokaralardan «hech qanday ma’no yo‘qligi» va «maxsus amaliyot geografiyasi» o‘zgargani haqida gapirdi: «Bu endi faqat «DXR» va «LXR» bilan cheklanib qolmaydi, balki boshqa hududlar, Xerson va Zaporijjyani ham qamrab oladi».
  • Zaporijjya oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan hukumati ukrain dronlari Zaporijjya AESga zarba bergani, natijada 11 kishi yaralanganini ma’lum qildi.
  • Belgorod oblastida, mahalliy rasmiylarga ko‘ra, «Ukraina tomonidan» berilgan zarba oqibatida mahalliy aholi vakillaridan bir kishi halok bo‘lgan.
  • Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yettinchi paketini tasdiqladi. Yevrokomissiya rahbari hisoblashicha, YeI butunlay Rossiya gazisiz qolishi mumkin.
  • Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns Aspen shahrida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha forumda Rossiya harbiylarining Ukrainadagi yo‘qotishlari bo‘yicha ma’lumotni ochiqladi: 15 ming qurbon va 45 ming yarador. U Ukrainaning yo‘qotishlari bundan kamroqligini aytdi.
  • Vashingtondagi Urushlarni tadqiq qilish instituti iyul oyi boshida Lisichansk qo‘lga kiritilganidan so‘ng Donbassda Rossiyaning yurishlari sur’ati yanada pasayganiga e’tibor qaratdi va rus qo‘shinlari endi boshqa yirik shaharlarni, jumladan Slovyansk va Baxmutni egallay olmasligini prognoz qildi.

Quyida 20 iyul kuni Ukrainaning turli hududlarida olingan suratlar.

Kiyev oblasti 

Yelena Barva Gostomeldan 24 fevral kuni ketgan — bu shahar urushning ilk soatlarida Rossiya harbiylarining asosiy nishoniga aylangandi. Ayol Buchada bo‘lgan, keyin hozirgi yashash joyi G‘arbiy Ukrainaga ketgan. Oylar o‘tib Yelena o‘zi 44 yil yashagan kvartirasining rossiyaliklar aviazarbalaridan keyingi holatini ko‘rish uchun Gostomelga qaytdi. Foto: Roman Pilipey / EPA / Scanpix / LETA
Qulab tushish xavfi sabab Yelena binoning beshinchi qavatiga ko‘tarila olmagan. U mobil telefoniga vayron bo‘lgan uyidan bir necha surat olish bilan cheklangan. Ayolning aytishicha, oynada o‘z oshxonasidagi gaz plitasini ko‘rgan. Uni kelajakda nima kutayotganidan u bexabar. Hozircha u mamlakat g‘arbida qolishda davom etadi, ammo qachondir yana Gostomelga qaytishdan umidvor. Foto: Roman Pilipey / EPA / Scanpix / LETA

Xerson oblasti 

Montajchilar Xerson oblastidagi bilbordni o‘zgartirishmoqda. Regionning katta qismi mart oyidan buyon rossiyalik harbiylar nazoratida qolmoqda. Rossiya tomonidan tayinlangan «Yangi ma’muriyat» vakillari bir necha bor oblast Rossiya tarkibiga kirishi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi haqida anons berishgan.
Foto: Sergey Bobilev / TASS
Dnepr ustidan o‘tgan Antonov ko‘prigi Xersonni oblastning chap sohilidagi hududlar bilan bog‘laydi. Rossiya qo‘shinlari ko‘prik orqali o‘z texnikasi va o‘q-dorilarni olib o‘tadi. 19-20 iyul kunlari Ukraina ko‘prik bo‘ylab raketa zarbalari yo‘lladi. Agar ko‘prik qulab tushsa, Xerson oblastining daryoning o‘ng sohilida joylashgan rossiyalik harbiylar o‘zining asosiy guruhidan uzilib qoladi. Foto: Sergey Bobilev / TASS
Ukrain artilleriyachilari frontga jo‘natishdan oldin qurol va maxsus texnikalarni tekshirib chiqmoqda
Metin Aktas / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images /Vida Press
Ukrain artilleriyachilari Xerson oblastidagi harbiy punktda
Metin Aktas / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images /Vida Press

Donbass shimoli 

«DXR» ayirmachisi Avdeyevka atrofidagi yo‘lni kuzatmoqda. Shahar Donetskdan 13 kilometr masofada joylashgan va muhim strategik nuqtaga aylangan. 19 iyul kuni «DXR» Xalq militsiyasi vakili Eduard Basurin Avdeyevkaning bir qismi o‘rab olinganini ma’lum qildi. Foto: Alessandro Guerra / EPA / Scanpix / LETA
Avdeyevka shahri iyul oyi boshidan buyon o‘qqa tutilmoqda. Shaharda ko‘plab fuqarolik obektlari, xususan, shifoxonalar, aholi yashash kvartallari, avtobaza va Avdeyevka koksoximiya zavodi jabrlangan. Foto: Alessandro Guerra / EPA / Scanpix / LETA
Front chizig‘i yaqinida zirhli texnikada ketayotgan ukrain harbiylari. Fotosurat Donetsk oblastining aynan qaysi rayonida olingani aniq emas.
Anatolii Stepanov / AFP / Scanpix / LETA
Ukrain askarlari Donetskdan 60 kilometr masofadagi Pokrovsk shahridagi restoranda ichimliklar xarid qilishmoqda. 16 iyul kuni rossiyalik harbiylar shahar bo‘ylab zarbalar yo‘lladi. Mahalliy rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar oqibatida kamida 27 uy shikastlangan, tinch aholi vakillari orasida jabrlanganlar bor. Foto: Nariman El-Mofty / AP / Scanpix / LETA
Dneprdan Lvivga yo‘l olgan poyezdga chiqishga tayyorlanayotgan odamlar. 16 iyul kuni RF qo‘shini raketa va kosmik texnikalar ishlab chiqaruvchi «Yujmash» zavodini o‘qqa tutdi. Mahalliy rasmiylar uch kishi halok bo‘lgan, 16 kishi yaralangan. Foto: Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Dneprlik kishi Lvivga jo‘nab ketayotgan poyezd oldida qizi va mushuk bilan xayrlashmoqda. Foto: Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Konstantinovkadagi zarbaga uchragan omborda turgan traktor.
Wojciech Grzedzinski / The Washington Post / Getty Images

Xarkiv oblasti 

20 iyul tongida Saltovkaga berilgan raketa zarbalari oqibatida halok bo‘lgan ayol jasadini olib ketayotgan erkaklar. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, «Uragan»dan berilgan zarbalar jamoat transporti bekatiga kelib tushgan. Mahalliy aholi vakillaridan uch kishi halok bo‘lgan.
Nacho Doce / Reuters / Scanpix / LETA
Halok bo‘lganlardan biri 13 yoshli bola. U bu yerda 15 yoshli opasi bilan birga avtobus kutib turgan — qiz tirik qolgan, ammo shifoxonaga yotqizilgan.
Sergey Kozlov / EPA / Scanpix / LETA

Ota halok bo‘lgan o‘g‘li jasadi tepasida ikki soat duo o‘qidi. Bu vaqt mobaynida u bolaning qo‘lidan ushlab turdi, uning yonidagi politsiyachi esa unga tasalli berdi. Foto: Narciso Contreras / An​adolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

 

Mavzuga oid