O‘zbekiston | 10:02 / 22.07.2022
9070
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va Rossiya 22 iyul kuni don eksporti bo‘yicha kelishuv imzolashi mumkin

Kelishuv Ukraina va Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bilan bog‘liq, deya xabar berdi Turkiya prezidenti ma’muriyati. Turk tomoni kemalarni tekshirish majburiyatini oladi.

Foto: Reuters

Ukraina va Rossiya 22 iyul kuni g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 21 iyul, payshanba kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma’muriyatida ma’lum qilindi. Erdo‘g‘an va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Istanbuldagi Do‘lmabahche saroyidagi imzolash marosimida ishtirok etadi. Turkiya tomoniga ko‘ra, kelishuv Ukraina va Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishga tegishli.

Diplomatlar ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainada to‘sib qo‘yilgan tovarlar eksporti mahalliy o‘t ochishni to‘xtatish rejimi hisobidan xavfsiz yo‘laklar bo‘ylab tashkil etilishi kerak. Turkiya, o‘z navbatida, qurol-yarog‘ olib o‘tish ehtimolining oldini olish maqsadida kemalarni tekshirish majburiyatini oladi. Ma’lum qilinishicha, Istanbulda BMT mutaxassislari ishtirokida tegishli muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil etilishi mumkin. 

Ukraina tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Oleg Nikolenko, o‘z navbatida, 22 iyul kuni Istanbulda «Qora dengizdagi eksport yo‘llarining xavfsiz ishlashi bo‘yicha tomonlarning majburiyatlarini o‘z ichiga olgan hujjat imzolanishi mumkin»ligini aytdi. Shu bilan birga, u shunday dedi: «Ukraina delegatsiyasi faqat Ukrainaning janubiy viloyatlari xavfsizligini, Ukraina qurolli kuchlarining Qora dengizdagi mustahkam pozitsiyasini va Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jahon bozorlariga xavfsiz eksport qilishni kafolatlaydigan qarorlarni qo‘llab-quvvatlaydi». 

Shartnomaga ko‘ra, Rossiya don va o‘g‘itlarini eksport qilish ham soddalashtirilishi kerak. RFdan g‘alla eksporti to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlanmagan, ammo transport kompaniyalari, sug‘urta kompaniyalari va banklarga ta’sir qilgan G‘arb sanksiyalari tufayli qiyinlashgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tehronga amaliy tashrifi chog‘ida Rossiya Ukraina g‘allasini eksport qilishga yordam berishini, biroq Rossiya g‘allasi eksportiga qo‘yilgan barcha taqiqlarni olib tashlash kerakligini aytdi. 

AQSh hukumati e’lon qilingan kelishuvni olqishladi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar muammoning kelib chiqishida RF aybdor ekanligini ta’kidladi. «Rossiyaning oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanishi ongli qarori edi», deya izoh berdi AQSh Davlat departamenti vakili Ned Prays. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Rossiya Ukraina g‘allasi jahon bozorlariga chiqishi uchun «ushbu kelishuvning bajarilishiga javobgar bo‘lishi» kerak. 

Bir kun avval g‘alla tashish masalasi bo‘yicha muzokaralarda qatnashayotgan Ukraina delegatsiyasi a’zosi Rustem Umerov Ukrainadan don eksporti uchta port: «Odessa», «Yujniy» va «Chornomorsk»dan amalga oshirilishini aytdi. U kelgusida ularning soni yanada kengayishiga umid bildirdi. 

AFP agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda Ukrainada 20-25 million tonna g‘alla to‘sib qo‘yilgan. Rossiya bosqinidan oldin Ukraina bug‘doy va makkajo‘xori eksporti bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda edi. 

Mavzuga oid