Sport | 20:22 / 26.07.2022
13088
5 daqiqa o‘qiladi

“Bunyodkor”ning Belarusdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini qanday o‘tdi?

Foto: FC Bunyodkor

O‘zbekiston Superligasida mavsumning birinchi yarmidan so‘ng yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalanib, “Bunyodkor” jamoasi 12-26 iyul kunlari Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahrida ikkinchi davraga puxta tayyorgarlik jarayonini olib bordi.

O‘lkamizdagi jazirama issiqni Minskdagi salqin havoga almashtirgan “qaldirg‘ochlar” Qahramon shaharda juda ham qulay shart-sharoitlarda mashg‘ulotlar olib borishdi, mahalliy yetakchi klublar bilan bir qator nazorat o‘yinlarida ishtirok etishdi.

“Ushbu yig‘inni bizga tashkil etib bergani uchun bosh homiyimiz – “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga hamda shaxsan klubimiz prezidenti Mehriddin Abdullayevga butun jamoamiz nomidan minnatdorchilik izhor etamiz. Yig‘in har tomonlama foydali o‘tdi. Yoz fasli bo‘lishiga qaramay, bu yerda futbol uchun o‘ta qulay ob-havoda shug‘ullandik. Bu jabhada futbolchilar maza qilib mashqlar olib borishdi. Boshqa barcha tashkiliy masalalar ham a’lo darajada muhayyo etildi. Sparring raqiblarimiz ham Belarus oliy ligasidagi eng oldi klublar bo‘lishdi. Faqatgina “Arsenal” (Dzerjinsk) turnir jadvalida pastroqda bormoqda. Qolgan uch raqib – “Energetik-BGU” (Minsk), “Isloch” (Minsk tumani) va “Minsk” klublari kuchli beshlikdan joy egallashgan.

Ularga qarshi turli natijalarni qayd etdik. Lekin, barchaga ayonki, yig‘indagi uchrashuvlarda natija ko‘proq muhim emas. Asosiysi, jamoa o‘yini mazmunini, turli taktik sxemalarni tekshirib olish, yangi futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazish. O‘ylaymanki, biz barchasiga ulgurdik. Va mazkur yig‘indan o‘zimiz uchun kerakli xulosalar chiqarib oldik. Bu holat bizga ikkinchi davrada rosa asqatadi, albatta. Ishonchim komilki, Minsk yig‘ini samarasini mavsumning keyingi yarmida shogirdlarim maydonda chiroyli ko‘rinishda namoyon etishadi”, - dedi taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan jamoa bosh murabbiysi Viktor Karpenko.

“Bunyodkor” Minskda muhtasham va aynan sportchilarga moslashgan “Viktoriya Olimp” mehmonxonasida istiqomat qildi. Mashg‘ulotlar shahardan tashqarida, o‘rmonli salqin joyda olib borildi. Dam olish vaqtlarida esa butun jamoa qahramon shahardagi Komsomol ko‘li bo‘ylab “Svisloch” teploxodida sayr qilgan damlar ham bo‘ldi. E’tiborlisi, “Bunyodkor” bu yil yozgi yig‘inni xorijda o‘tkazgan yurtimizning yagona jamoasiga aylandi.

Bevosita o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularda quyidagi natijalar qayd etildi:
16 iyul.
 “Bunyodkor” - “Energetik-BGU” 2:2 (Umarali Rahmonaliyev 58, Jasur Hakimov 88 penaltidan)
20 iyul. “Bunyodkor” - “Arsenal” Dzerjinsk 0:1
23 iyul. “Bunyodkor” - “Isloch” 2:1 (Dimitriye Pobulich 30, Fransis Narx 72)
24 iyul. “Bunyodkor” - “Minsk” FK 0:2

Mazkur uchrashuvlarda bosh murabbiy Viktor Karpenko “Bunyodkor”ga yangi qo‘shilgan uch nafar tajribali futbolchilarni ham ko‘zdan kechirib oldi. So‘nggi jamoasi Bekobodning “Metallurg”i bo‘lgan tayanch yarim himoyachisi Akbar Ismatullayevni ko‘pchilik muxlislar yaxshi bilishadi. “Paxtakor”dan kelgan bo‘ydor markaziy himoyachi Jasur Yoqubov ham iste’dodi baland futbolchilardan hisoblanadi. Rossiyadan taklif etilgan hujumkor yarim himoyachi Pavel Mogilevetsning tajribasiga esa umuman shubha yo‘q. Yaqin vaqtlargacha u Rossiya premer-ligasining “Zenit”, “Rubin”, “Rostov”, “Ximki”, “Nijniy Novgorod” klublarining yetakchilaridan biri edi.

...Endi “Bunyodkor” O‘zbekiston Superligasi ikkinchi davrasining ilk turidagi raqibi – “So‘g‘diyona” jamoasiga qarshi uchrashuvga oxirgi tayyorgarlik bosqichini Toshkentda davom ettiradi. Jizzaxdagi o‘yin esa 1 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid