Jahon | 18:53 / 27.07.2022
30359
7 daqiqa o‘qiladi

Antonov ko‘prigi yana HIMARS’dan o‘qqa tutildi. Ukraina Xerson oblastini qaytarib olishga tayyorlanmoqda

Ukrain harbiylarining navbatdagi zarbalaridan keyin Dnepr daryosi ustidan o‘tgan Antonov ko‘prigi bo‘ylab Xerson tomon harakatlanish butunlay to‘xtatib qo‘yildi. Bu strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘prikdir. Ukraina tomoni bu zarbalar «zargarona» amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Antonov ko‘prigi, 20 iyul. Foto: SERGEI BOBYLEV/TASS

27 iyulga o‘tar kechasi ijtimoiy tarmoqlarda ushbu ko‘prik yoppasiga o‘qqa tutilgani haqida videolar va xabarlar tarqala boshladi. O‘shanda rossiyaparast hukumat ko‘prik shikastlanmaganini ma’lum qilgandi. Endi ular ko‘prik ta’mirga muhtoj ekanini tan olishmoqda.

«Ko‘prikka zarbalar kelib tushgan, ammo u butkul vayron bo‘lmagan. Teshiklar ko‘paygan», degan Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan «yangi hukumati» vakili Kirill Stremousov TASS muxbiriga bergan intervyusida.

Uning qayd etishicha, ukrain harbiylari turli artilleriya tizimlari, jumladan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali 10 dan ortiq snaryad yo‘llagan, go‘yoki ularning bir qismi Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi orqali to‘xtatib qolingan.

Xerson oblasti harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Volodimir Saldo esa yana ikki raketa Xerson yaqinidagi temiryo‘l ko‘prigiga kelib tushganini qo‘shimcha qilgan.

Tongda Ukraina tomoni ham ko‘prikka yo‘llangan zarbalar bo‘yicha ma’lumot berdi. «Bizning artilleriyamiz ishi shunchalik puxta va zargarona bo‘ldiki, bu raqib qo‘shinining ruhini tushiradi. Chunki Antonov ko‘prigiga zarbalar berildi. Va bu zargarona amalga oshirildi», dedi «Janub» qo‘mondonligi matbuot xizmati rahbari Natalya Gumenyuk teleefirda.

U ukrain kuchlari Xerson oblastidagi strategik muhim transport yo‘llarini «zarba nazorati ostida» tutib turgani va bu rossiyaliklar o‘q-dori hamda jonli kuchlarni olib kelishiga to‘sqinlik qilishini aytgan. Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari infratuzilmalarni asrashga harakat qilayotgani ta’kidlangan. «Biz infratuzilmani yo‘q qilmaymiz, biz dushmanning rejalarini yo‘q qilamiz», degan u.

Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Mazkur obektning strategik ahamiyati shu bilan izohlanadiki, bu Xersonni Dneprning chap sohili, shuningdek Rossiya harbiylari tomonidan fevral oyidayoq egallab olgan boshqa hududlar bilan bog‘lovchi asosiy ko‘prikdir. Agar u vayron etilsa, armiya ta’minoti ishdan chiqadi, bu esa Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastida hujumga o‘tishga tayyorlanayotgani fonida yanada muhim.

Stremousov Antonov ko‘prigiga navbatdagi hujumlar harbiy harakatlarning borishiga ta’sir qilmasligi, rossiyalik harbiylar qo‘shimcha o‘tish yo‘llari tashkil etayotganini aytgan.

«Ko‘prikka o‘t ochayotganlar Xerson oblasti aholisi hayotini qiyinlashtirmoqda. Bu harbiy harakatlarning borishiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi», deya ishg‘oldagi ma’muriyat vakili so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.

Kiyev mamlakat janubida qarshi hujum boshlash haqida bayonot berishi ortidan Antonov ko‘prigi kamida ikki marta intensiv ravishda o‘qqa tutildi.

Birinchi hujum 19 iyul kuni amalga oshirilgandi. Rossiya tomoni zarbalar Amerika tomonidan yetkazib berilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali yo‘llangani haqida ma’lum qilgan, bunday qurol yetkazib berilishi Ukrainadagi harbiy harakatlarga sezilarli darajada o‘zgarish kiritdi. Ikkinchi bor - 20 iyul kuni zarba berildi. Shundan keyin ishg‘oldagi hukumat rasmiylari ko‘prikni ta’mirlashni boshlash uchun yuk mashinalari harakatini cheklashiga to‘g‘ri kelgandi.

VVS News Ukraina muxbirlari iyun oyi oxiridan iyul oyi boshigacha bo‘lgan muddatda Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaning bosib olingan hududlarida joylashtirgan o‘ndan ortiq o‘q-dori omborlari va bazalariga zarbalar berilganini hisoblab chiqishgan. Rossiya mudofaa vazirligi va Ukraina bosh shtabi bu ma’lumot yuzasidan izoh bermagan.

Antonov ko‘prigi, 20 iyul. Foto: SERGEI BOBYLEV/TASS

Ukraina rasmiylari ma’lumotlariga ko‘ra, HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari mamlakatga 23 iyun kuni yetib kelgan. Mobil raketa qurilmalari 70-80 km masofadagi nishonga aniq borib tegishi mumkin (maxsus raketalar qo‘llanganda esa - yetish masofasi 300 kilometrni tashkil etadi).

Xerson oblastida Dnepr daryosini kechib o‘tish uchun jami uchta ko‘prik bor va ularning barchasi ta’minot uchun juda muhim. Bular Antonov ko‘prigi, undan olti kilometr shimoldagi temiryo‘l ko‘prigi hamda 50 kilometr shimolroqda, Nova Kaxovka hududidagi Kaxovka suv omboridagi damba hisoblanadi (Ukraina temiryo‘l ko‘prigiga zarba bermayapti, ammo Dnepr irmoqlaridan biri bo‘lgan Ingulets ustidan o‘tuvchi Darevskiy ko‘prigiga hujum qilmoqda). Antonov ko‘prigi eng muhimi hisoblanadi, u Xersonga eng yaqin masofada joylashgan. Hozirda Ukraina qurolli kuchlarida uni bir urinishda yakson qilishga qodir bo‘lgan kuchli raketalar yetarli emas, ammo ko‘prikni muntazam ravishda o‘qqa tutgan holda rossiyaliklarning ushbu yo‘l orqali ta’minotini to‘xtatib qo‘yish mumkin. Kiyevdagilar Dnepr orqali o‘tgan boshqa ikki ko‘prik bo‘yicha ham shunday o‘ylashmoqda.

Antonov ko‘prigi - Xerson rayonidagi Antonovka posyolkasini Dneprning chap sohilidagi Aleshki shahri bilan bog‘lovchi avtomobil va piyodalar o‘tish ko‘prigidir. U 1985 yilda foydalanishga topshirilgan, ko‘prik uzunligi - 1 366 metr, kengligi - 25 metrni tashkil etadi. Ekspertlar fikricha, bunday yirik obektlarni raketa zarbalari bilan qulatish juda qiyin.

Ukraina hukumati Xerson oblastini qaytarib olishni niyat qilgan. 23 iyul kuni Urushlarni tadqiq qilish instituti Ukrainaning ushbu mintaqadagi keng ko‘lamli qarshi yurishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani yoki yurish boshlanib bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi. Ukraina tomoni Xerson oblastida Rossiya egallab olgan 600 dan ortiq aholi punktlaridan 44 tasi ozod qilingani va oblastni sentabr oyida to‘liq ozod etishga muvaffaq bo‘linishi haqida aytishmoqda. Ammo G‘arbdagilar qarshi hujum oson kechmasligi va katta qo‘shin hamda Ukrainada hozir mavjud bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq qurollar talab etiladi, deb hisoblamoqda. Bundan tashqari, Rossiya Qrim orqali Ukraina janubiga katta kuchlar jo‘nata boshladi. Ular aynan Xersons oblastiga yo‘l olishgan.

Mavzuga oid