Jahon | 15:52 / 27.07.2022
50148
13 daqiqa o‘qiladi

«Putin uchun kutilmagan muammo» – Qozog‘istonning Rossiya bilan muvozanatli diplomatiyasi haqida

Qozog‘iston Ukrainadagi urushga qarshi namoyishlarni ham, Rossiya bosqinining ramzlaridan biri bo‘lgan Z belgisini omma oldida namoyish qilishni ham taqiqlab qo‘ygan. Shuningdek, Qozog‘iston hukumati AQSh, Turkiya va Xitoy bilan harbiy sohada hamkorlikni rivojlantirishga, mudofaa budjetini oshirishga urg‘u qaratmoqda. 

Foto: kremlin.ru

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng, Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Qozog‘iston rasmiy Moskva bilan o‘z munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilgan. The Wall Street Journal nashrida e’lon qilingan maqolada Markaziy Osiyoda Moskva va Pekin o‘rtasidagi yashirin mehnat taqsimoti o‘zgarib borayotgani, Qozog‘iston hukumati AQSh, Turkiya va Xitoy bilan harbiy sohada hamkorlikni rivojlantirishga harakat boshlaganiga urg‘u berilgan.   

Shuningdek, Qozog‘iston mudofaa xarajatlarini oshirayotgani, neftni sotish uchun Rossiyani chetlab o‘tadigan yangi yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar olib borayotganiga e’tibor qaratilgan. Jumladan, aprel oyida Qozog‘iston hukumati mudofaa budjetini 441 milliard tengega (taxminan 915 million dollar) oshirgan. Mablag‘larning bir qismi mamlakat harbiy zaxiralarini oshirishga yo‘naltiriladi.

«Joriy yil boshida Qozog‘istonda yuzaga kelgan tartibsizliklarni bartaraf etish uchun Rossiya hukumati 2000 dan ortiq harbiylarini yubordi. Ushbu voqeadan olti hafta o‘tib, rus qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirdi. Qozog‘iston esa «maxsus harbiy operatsiya»ni qo‘llab-quvvatlash orqali Rossiya oldidagi «qarzi»ni qaytarishi mumkin edi. Ammo bunday bo‘lmadi.

Qozog‘iston ham Rossiyaning janubiy chegarasidagi boshqa Markaziy Osiyo davlatlari kabi betaraf qoldi. G‘arbning Moskvaga qarshi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi, Rossiyani aylanib o‘tuvchi yo‘llar orqali Yevropaga neft eksportini ko‘paytirishini aytdi, mudofaa budjetini oshirdi va AQSh delegatsiyalarini qabul qildi.

Moskva va uning Markaziy Osiyodagi eng yirik ittifoqchisi o‘rtasida masofa paydo bo‘layotgani Vladimir Putin uchun kutilmagan muammodir. SSSR parchalanganidan keyingi davrda rasmiy Moskva harbiy va iqtisodiy ittifoqlar tuzish orqali Markaziy Osiyo bo‘ylab ta’sirini saqlab qolishga harakat qildi. Bu borada asosiy urg‘u hududi G‘arbiy Yevropadan kattaroq bo‘lgan, neftga boy davlat Qozog‘istonga qaratildi. Ikki davlat 4750 milya (7644 km) umumiy chegaraga ega, bu AQSh-Kanada chegarasidan keyin dunyodagi ikkinchi eng uzun chegara hisoblanadi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Qozog‘iston rasmiy Moskva bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi. Qozog‘istonning amaldagi va sobiq amaldorlari, siyosatchilari va tahlilchilarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat o‘z tashqi siyosatidagi Rossiyaning imtiyozli mavqeyini qayta ko‘rib chiqmoqda hamda AQSh, Turkiya va Xitoy kabi davlatlar bilan aloqalarni yaxshilashga harakat qilmoqda.

Iyun oyida Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan iqtisodiy forum doirasida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev uning mamlakati o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR»ni tan olmasligini aytdi. Moderatorning G‘arb sizning mamlakatingizga bosim o‘tkazyaptimi, degan savoliga esa aniq javob bermadi.

Putin va To‘qayev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida. 2022 yil 17 iyun/TASS

Tashrif chog‘ida To‘qayev Rossiya davlat televideniyesiga bergan intervyusida Qozog‘iston Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bermasligini aytdi, biroq Rossiya asosiy ittifoqchi bo‘lib qolishini ham ta’kidladi.

Bu juda nozik muvozanat. Qozog‘iston Ukrainadagi urushga qarshi namoyishlarni taqiqlagan, biroq Rossiya bosqinining ramzlaridan biri bo‘lgan Z belgisini omma oldida namoyish qilishni ham taqiqlab qo‘ydi.

Qozog‘iston Rossiya bilan hamfikr bo‘lish niyati yo‘qligi haqidagi dastlabki signallarni mart oyi boshlarida BMTning bosqinni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyada betaraf qolishi bilan ko‘rsatgandi. Bu voqeadan bir necha kun o‘tgach esa Ukrainaga 28 tonna dori-darmonlardan iborat gumanitar yordam yuborildi. Keyinchalik ham Ukrainaga bir necha samolyotda insonparvarlik yordamlari jo‘natildi.

Iyul oyi boshida Qozog‘iston moliya vazirligi G‘arbning Rossiyaga eksport qilinadigan ayrim mahsulotlarga nisbatan cheklov o‘rnatish haqidagi loyihasini e’lon qildi. Qozog‘istonning ushbu pozitsiyasi Rossiyadagi ba’zi insonlarni qattiq g‘azablantirdi.

«Qozoqlar, bu qanday ko‘rnamaklik? Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzating. Agar siz juda ayyor bo‘lishga harakat qilayotgan bo‘lsangiz va sizga hech narsa bo‘lmaydi deb tasavvur qilsangiz, adashasiz», deya ta’kidlagan propagandachi Tigran Keosayan Rossiya davlat telekanalidagi ko‘rsatuvlarning birida.

Qozoqlar bu kabi tahdidli gaplarga o‘rganib qolishgan. Mamlakat aholisining taxminan 20 foizini etnik ruslar tashkil etadi va rus millatchilari Qozog‘iston shimolini rus yerlari deya da’vo qilib kelishadi. 2014 yilda Rossiya Qrimni Ukrainadan ajratib olgandan so‘ng, Putin sovet ittifoqi parchalanmaguncha Qozog‘istonda davlatchilik tarixi bo‘lmaganini iddao qilib chiqqandi.

Ukrainadagi harbiy harakatlar boshlanganini Qozog‘iston tashvishli tarzda qabul qildi, chunki ushbu mamlakat Markaziy Osiyoda Rossiya bilan chegaradosh yagona davlatdir. Mintaqadagi boshqa mamlakatlar: Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ham bosqinni qo‘llab-quvvatlamadi. O‘z navbatida, O‘zbekiston hukumati ham Donbassdagi «respublika»larni tan olmasligini ma’lum qildi.

Urush AQShning Markaziy Osiyo mintaqasiga nisbatan qiziqishlari qayta tiklanishiga sabab bo‘ldi. Aprel oyida prezident Jo Baydenning inson huquqlari bo‘yicha bosh diplomati Uzra Zeya mintaqa mamlakatlariga safar uyushtirdi. May oyi oxirida AQSh Davlat kotibi yordamchisi Donald Lu Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga, iyun oyida esa AQSh Markaziy qo‘mondonligining yangi rahbari, armiya generali Maykl Erik Kurilla ham yuqorida nomi tilga olingan mamlakatlarga tashrifni amalga oshirdi.

AQSh Davlat departamentining ikki rasmiysi so‘zlariga ko‘ra, AQSh Markaziy Osiyo hukumatlaridan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda G‘arb bilan birga bo‘lishni so‘ragan, biroq ortiqcha bosim o‘tkazmagan.

Markaziy Osiyo davlatlarida Rossiya bilan madaniy, iqtisodiy va tarixiy aloqalar chuqur yo‘lga qo‘yilgan. Moskvaning Qirg‘iziston va Tojikistonda harbiy bazalari, Qozog‘istonda ballistik raketaga qarshi sinov maydonchasi mavjud.

May oyi boshida Qozog‘istonning eng yirik shahri Olmaotada 10 mingga yaqin odam fashistlar Germaniyasining mag‘lubiyatini xotirlash uchun ko‘chaga chiqishdi. Ular sovet bayroqlarini silkitib, sovet diktatori Iosif Stalin portretini ko‘tarib, ruslarning urush balladalarini kuylashdi.

Rossiya mintaqa mamlakatlarining eng yirik savdo sherigi hisoblanadi, millionlab markaziy osiyolik ishchilarni ish bilan ta’minlaydi. Pul o‘tkazmalarining ulushi Qirg‘iziston YaIMining qariyb uchdan bir qismini, Tojikiston YaIMining chorakdan ko‘prog‘ini va O‘zbekiston YaIMining 10 foizga yaqinini tashkil etadi.

G‘arb sanksiyalar kiritgach, Qozog‘istonning Yevropa bilan Rossiya orqali o‘tadigan an’anaviy savdo yo‘li faoliyati deyarli to‘xtab qoldi, sug‘urta kompaniyalari va importchilar ushbu mamlakat orqali savdo qilishda ehtiyotkorlik ko‘rsata boshladi. Ushbu omillar Qozog‘iston rasmiylarini savdoni diversifikatsiya qilishga undadi (Jahon banki Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti joriy yilda o‘rtacha 4,1 foizga qisqarishini prognoz qilmoqda).

Urush boshlanganidan bir necha hafta o‘tgach, Qozog‘iston delegatsiyasi Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan va Turkiya bilan chegaradosh sobiq sovet davlatlari – Ozarboyjon va Gruziyaga safar qilib, Xitoydan Yevropaga o‘tuvchi savdo yo‘li – «O‘rta koridor»ni qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar olib borishdi.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi sobiq maslahatchisi Selchuk Cho‘lako‘g‘lining ta’kidlashicha, ilgari ushbu savdo yo‘li Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan ham, Xitoy va Turkiya tomonidan ham jiddiy o‘rganilmagan, chunki ular Rossiyani g‘azablantirmoqchi bo‘lishmagan.

Qozog‘iston sanoat vazirligi transport siyosati va infratuzilmasi departamenti direktori o‘rinbosari Zeynolla Axmetjanovning ma’lum qilishicha, yanvar-aprel oylarida Qozog‘istonning Kaspiy dengizidagi Aqtau va Kurik portlari orqali yuk tashish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan uch baravar ko‘paygan.

Savdoni diversifikatsiya qilish Qozog‘iston uchun ekzistensial savoldir. Rossiya so‘nggi bir necha oy ichida Qozog‘iston neftining qariyb 80 foizini Qora dengizdagi port shahar Novorossiyskka olib boradigan Kaspiy quvurini ikki marta to‘xtatib qo‘ydi. Mart oyi oxirida uchta terminaldan ikkitasini bo‘ron tufayli zarar ko‘rganini sabab sifatida ko‘rsatib, berkitdi. Ushbu terminallar faqatgina Qozog‘iston delegatsiyasining aprel oyida muzokaralar uchun Moskvaga borganidan bir necha kun o‘tibgina qayta ochildi.

Iyul oyi boshida Rossiya sudi atrof-muhitga zarar yetkazganlik da’vosi bilan gaz quvuri ishini 30 kunga to‘xtatib qo‘yish haqida qaror qabul qildi. Ushbu qaror bir necha kundan keyin bekor qilingan bo‘lsa-da, Qozog‘iston tomonini jiddiy o‘ylashga majbur qildi. Prezident To‘qayev neftni sotish uchun Rossiyani chetlab o‘tadigan yangi yo‘nalishlar, xususan, dengizni kesib o‘tadigan yo‘nalish qurishga ko‘rsatma berdi.

Ko‘p yillar davomida Markaziy Osiyoda Moskva va Pekin o‘rtasida yashirin mehnat taqsimoti mavjud edi. Moskva xavfsizlikni nazorat qilgan, Pekin esa iqtisodiy rivojlanish bilan shug‘ullangan. Ushbu jihat endilikda o‘zgarmoqda.

Aprel oyining oxirida Xitoy milliy mudofaa vaziri Vey Fenhe Qozog‘istonga tashrif buyurib, prezident To‘qayev bilan uchrashdi. Xitoy Milliy Mudofaa vazirligiga ko‘ra, tomonlar harbiy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada matbuot anjumanida, 2022 yil 10 may
Foto: Mustafa Kaya / Xinhua / SIPA / Scanpix / LETA

Shuningdek, rasmiy Nur-Sulton NATOga a’zo hisoblanuvchi Turkiya bilan ham yaqinroq aloqa o‘rnatishga harakat qilmoqda. May oyi boshida To‘qayevning Anqaraga tashrifi davomida ikki davlat vakillari Qozog‘istonda harbiy dronlarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolagan.

Aprel oyida Qozog‘iston hukumati mudofaa budjetini 441 milliard tengega (taxminan 915 million dollar) oshirgan. Ismi sir tutilgan yuqori martabali amaldorning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘larning bir qismi mamlakat harbiy zaxiralarini oshirishga yo‘naltiriladi. Qozog‘iston Ukrainaning qattiq qarshiligidan saboq olgan, mamlakat armiyani jangovar harakatlardan tashqari kiberhujumlar, dezinformatsiya va saylovlarga aralashish kabi ko‘rinishlarda boruvchi gibrid urushga tayyor bo‘lishi uchun isloh qilishi zarur.

G‘arbda ba’zilar Rossiya armiyasi «qog‘oz yo‘lbars» kabi fosh bo‘ldi, deb hisoblayotgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo davlatlaridan birining yuqori martabali amaldorlari Rossiya ambitsiyalaridan qo‘rqish kuchayib borayotganini aytib o‘tgan.

«Rossiya Sharqiy Yevropa va Ukrainada o‘z vaqtini o‘tkazyapti. Tasavvur qiling, agar ular Ukraina bilan band bo‘lmay qolishsa, biz keyingisi bo‘lamizmi?» – degan u.

Mavzuga oid