O‘zbekiston | 07:46 / 27.07.2022
21491
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Jahon hamjamiyati bugun 1990-yillardagi xatolarni qayta takrorlamasligi lozim»

Amudaryoning narigi sohilida tinchlik bo‘lmasa, O‘zbekistonda va Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning "Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaatida aytilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, o‘zining yangi tarixida chuqur ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar inqirozga duch kelayotgan Afg‘onistonga nisbatan dunyoda e’tibor susayib borayotgani xavotir uyg‘otmasdan qolmaydi.

“Aminmizki, jahon hamjamiyati bugun 1990-yillardagi xatolarni qayta takrorlamaydi, ularni chetlab o‘ta oladi va bu maqsadga albatta erishish lozim.

Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar. Shu bois bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir, chunki gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda”, dedi davlat rahbari.

Bildirilishicha, hozirgi paytda Afg‘oniston muvaqqat hukumati mamlakatda tinchlikni qaror toptirish bo‘yicha muayyan qadamlar qo‘ymoqda, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalar, xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga harakat qilmoqda. 

“Biz ushbu sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Shu bilan birga, davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlamlaridan vakillar keng ishtirok etadigan tarkibni shakllantirish, inson, ayniqsa, xotin-qizlar, barcha milliy va diniy guruhlarning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishning fundamental asosi bo‘lib qolmoqda.

Biz Afg‘onistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishlarining oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun o‘zining qat’iy irodasini namoyon etib, keskin choralar ko‘rishga chaqiramiz”, dedi prezident.

Ta’kidlanishicha, bunday yondashuv muvaqqat hukumatga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi, Afg‘oniston uchun yon-atrofdagi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro foydali hamkorlik muhitida barqaror taraqqiy etish bo‘yicha aniq istiqbollar ochadi.

Mavzuga oid