“O‘qishga kirishni 45 yil orzu qildim” - 64 yoshida talaba bo‘lgan ayol
Farida Hoshimova 64 yoshida talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi. Pensiya yoshida o‘qishga kirish ham, uni davom ettirish ham oson emasligi aniq. U nega keksayganda o‘qishga kirishga qaror qilgani, uydagilarining qarshiligini qanday yenggani haqida Kun.uz'ga hikoya qilib berdi.
“Maktab davridan rosa o‘qishga hujjat topshirganman, lekin…”
— 1958 yil Andijon viloyati Jalaquduq tumanida oddiy ishchi oilasida tug‘ilganman. Otam haydovchi, onam uy bekasi bo‘lgan. Otam o‘tib ketgan, onam hayot, 85 yoshni qoralab qo‘ygan. Oilada 9 farzandmiz, men to‘ng‘ich qizman. Yoshligimdan kitob o‘qishga, qo‘shiq aytishga qiziqardim. Onam xalq og‘zaki ijodini juda yaxshi biladigan, ko‘p kitob o‘qiydigan ayol bo‘lgan va bu menga ta’sir qilmay qolmagan.
Maktab davridan fan olimpiadalariga qatnashib yuradigan bilimli qiz edim. Lekin negadir omadim chopmadimi, hech o‘qishga kirolmaganman. Nima bo‘lsa ham umidsizlikka tushmadim, 1978 yilda Asaka shahridagi maktabgacha tarbiya pedagogika bilim yurtiga kirdim. 1980 yil bu yerni imtiyozli diplom bilan tugatdim. Keyin qo‘shnimizga turmushga chiqdim. Juda yaxshi oila bo‘lgani uchun ancha-muncha armonlarim ham ortda qoldi.
“Oilali bo‘lganimdan keyin turmush o‘rtog‘im o‘qishga ruxsat bermadi”
— Hozir 3 nafar farzandimiz bor. Ularning hammasini uyli-joyli qilganmiz.
Turmush davomida ota-onamni, turmush o‘rtog‘imni va qaynota-qaynonamning duosini oldim. Shu orada juda ko‘p joylarda, bog‘chalarda ishladim. Musiqa tarbiyachisi bo‘lib bog‘chada ishladim. 1983 yildan 2012 yilgacha musiqa tarbiyachisi va maktabda musiqa o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. Shu paytlarda ham hech bo‘lmasa, sirtqi bo‘limga o‘qishga kirishni xohlaganman, biroq xo‘jayinim ko‘nmadi.
Oliy ma’lumotli kadr bo‘lmagani uchun ishdan bo‘shatishgan
— Turmush o‘rtog‘im o‘qishimga ruxsat bermadi, deb tushib qolmadim. O‘zim sevgan kasbni davom ettiraverdim. Ijod bilan shug‘ullanaverdim, 400tacha she’rlar, ssenariylar yozdim. Maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim o‘quvchilari uchun multfilm va ertaklarni she’riy tarzda yozib sahnalashtirdim.
2021 yilda aprel oyigacha bir xususiy bog‘chada ishlayotgandim. O‘rnimga oliy ma’lumotli kadrni ishga olishdi. Shundan keyin xo‘jayinimdan o‘qishga topshirish uchun ruxsat so‘radim. Nasibam qo‘shilgan bo‘lsa kiraman, deb iltimos qilgandim, ular rozi bo‘ldi.
“Eng yuqori ballarni olib, 2-o‘rinda o‘qishga qabul qilindim”
— Hujjatlarimni Andijon davlat universiteti pedagogika institutiga topshirdim. Ijodiy imtihonda eng yuqori ballni oldim. Majburiy fanlar imtihonidan ham yaxshi topshirib, umumiy 142,4 ballni qo‘lga kiritib, 2-o‘rinda o‘qishga kirdim.
Birinchi kursni ham a’lo baholarga bitirib oldim. Bu orada “Yoshlar murabbiysi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 2-o‘rinni oldim. Nafaqaga chiqqanimdan keyin “Yorqishloq” MFYdan qaynonalar jamoatchilik kengashi raisi bo‘lib ishladim. Ajrashish yoqasida turganlarni yarashtirishga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan xursandman.
2022 yil 6 martda “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. 2019 yilda “Mening qo‘shig‘im” nomli she’riy to‘plamim chiqqan bo‘lsa, hozir bog‘cha tarbiyachilari uchun “Bolam dedim, bolim dedim” qo‘llanmasi ustida ishlayapman.
O‘qishga hujjat topshirishga oilasi qarshilik qilgani haqida
— O‘qishga topshirishimga avvaliga oilam qarshilik qildi. Shu yoshga yetganda o‘qishni nima qilasiz deyishdi. Hadis-u shariflarda ham beshikdan to qabrgacha ilm izlash kerakligi aytilgan. Bolalarimga o‘qishga kirishni 45 yil orzu qilganimni, mingdan oshiq kitob o‘qiganim, endi o‘zimni sinash payti kelganini aytdim. Oila a’zolarimga bergan ikkinchi javobim esa shunday bo‘ldi:
“Kasalxonaga borsangizlar, qancha bolalar onasining tuzalishi uchun katta-katta pul sarflab, dardiga davo topolmay yuribdi. Alloh menga shuncha salomatlikni, kuch-quvvatni berdi. 3 kelin olgan bo‘lsam, biror marta xafagarchilik bo‘lmadi, ularga ham onalik, ham qaynonalik vazifasini bajardim. Qo‘ni-qo‘shni, tanishlarning onang shu yoshda o‘qiydimi degan gapiga e’tibor qilmanglar, onam o‘qib rohat qilyapti denglar”, – dedim.
“Magistraturada ham o‘qimoqchiman”
— O‘qishga kirganim haqidagi xabar kelganida, shunday xursand bo‘ldim, tabriklarga ko‘milib ketdim.
Bakalavrdan keyin, magistraturani ham o‘qimoqchiman. 70 yoshga yetganimda magistraturani ham bitirarkanman. O‘zimning o‘ylab yurgan mavzularim bor. Alloh nasib qilsa, o‘sha mavzularda ilmiy ish qilib, yaxshi ustozlar bilan orzularimni ro‘yobga chiqaraman.
“Kursdoshlarim nevaram bilan teng”
— Bu yoshda miyaga bilim kiradimi, deyishadi, lekin odam o‘qiyotgan narsasiga qiziqsa, bilim olishning kechi yo‘q. Darslarda birinchi partada o‘tiraman. Dars qoldirmayman. Barcha ustozlarim menga qo‘llaridan kelgancha yordam beryapti. O‘qiyotgan fanlarimni ham a’lo baholarga bitirib oldim.
Tinmay o‘qidim, berilgan vazifalarni bajardim, mustaqil ishlar qildim. Guruh sardorimiz 2004 yil, nevaram bilan teng. Meni hamma kursdoshlarim hurmat qiladi. Bu yil kursdoshlarim bilan institutimizda o‘tkazilgan “Zakovat” o‘yinida qatnashib,16 guruh ichida 4-o‘rinni oldik.
O‘qishga kirgandan keyin ishga ham kirdim. Hozir ingliz tilini o‘rganishni boshladim.
O‘qish armon bo‘lib qolganlarga maslahat
— Insonda iroda kuchli bo‘lsa, yaxshilik haqida o‘ylasangiz, har qanday maqsadga erishsa bo‘ladi. Odam o‘zining tushkunlikka tushishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Yomon fikrlaydigan odamdan uzoq yurish kerak. Bunday odamlar sizni orzularingiz, yaxshi xislatlaringizdan mahrum qilishi mumkin. Hamisha yuragingiz toza bo‘lsin, hammaga yaxshilik, savob ishlar qiling.
Ezgulikning kechi yo‘q. Mana menga ergashib, 10 nafarcha tanishlarim o‘qishga topshirdi. Ular 30-40dan oshgan. Baribir oliy ta’limning boshqacha shukuhi bo‘larkan. Endi o‘qib nima qilaman, mening davrim o‘tdi, demanglar. Beshikdan qabrgacha ilm izlash kerak, ilm odamni yoshartiradi.
Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.