Sport | 16:03 / 28.07.2022
15510
13 daqiqa o‘qiladi

«PSJ»ga aql kirdi. Klub transfer bozorida namunali ishlamoqda 

Mavsumlar oralig‘ida «PSJ» transfer yangiliklarida kam tilga olinyapti. Parijliklar Robert Levandovski va Orelen Tchuameniga da’vogarlik qilishdi, lekin unchalik faol emas. Fransuzlarni bir qancha taniqli nomlar bilan bog‘lashdi, ammo bu mish-mishlar darajasida bo‘ldi, ko‘pincha asossiz edi. 

Foto: Getty Images

«PSJ»ning aqli kirdi va muvozanatli transfer siyosatini olib bormoqda. Gap shunchaki moliyaviy feyr-pleyda emas. Parijda hammani ketma-ket sotib olaverish shart emasligini tushunishdi. Yangi bosh murabbiy Kristof Galte hozirgi tarkibdan juda mamnun va ko‘proq yulduz olishni talab qilmayapti. Shu tomondan jamoani Zinedin Zidan qo‘lga olmagani ham foyda berdi. Aks holda, katta ehtimol bilan, yana bir ommaviy xaridlar jarayoniga guvoh bo‘lardik. 

«PSJ» asosiy maqsadini amalga oshirdi – Kilian Mbappeni olib qoldi 

May oyi oxirida hujumchi Kilian Mbappe «Real»ga o‘tishi haqidagi mish-mishlarga qaramay, «PSJ» bilan shartnomasini 2025 yilgacha uzaytirdi. Bunga ko‘pchilik ishonmagandi. La Liga xo‘jayinlari transferning barbod bo‘lishidan haligacha o‘ziga kelolmay, moliyaviy qoidalarni buzgani uchun «PSJ» ustidan UYeFAga shikoyat qilmoqda. 

«PSJ» bu shov-shuvlarga befarq. Asosiy maqsadga erishildi. Dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri Parijda qolmoqda. 23 yoshli Kilian oyiga 4 million funt maosh oladi, bu esa uni dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylantiradi. Sky Spors xabariga ko‘ra, shartnomani imzolash uchun unga 100 million funt bonus berilgan. 

Foto: Getty Images

Balki Kilian «Real»ga nisbatan to‘g‘ri ish qilmagandir, lekin bu «PSJ»ni tashvishga solmasligi kerak. Klub yosh superyulduzni saqlab qolishdan manfaatdor edi. Unga ko‘p pul sarflandi, ammo yuqori saviyadagi futbolchi bunday sarmoya kiritilishiga arziydi. 

Vitinya, Ekitike, Mukiele – nisbatan kamtarona va oqilona transferlar 

1 iyul kuni «PSJ» o‘zining ilk transferini, «Portu» yarimhimoyachisi Vitinya bilan 2027 yilgacha shartnoma imzolaganini e’lon qildi. 22 yoshli futbolchi uchun parijliklar 40 million yevro to‘ladi. O‘tgan mavsumda portugaliyalik futbolchi «Portu» safida barcha musobaqalarda 47 o‘yinda maydonga tushib, 4 gol urdi va 2 golli uzatmani amalga oshirdi. Balki «PSJ» biroz ortiqcha to‘lagandir. Lekin juda ko‘p emas, istiqbolli futbolchi uchun 40 million yevro – yaxshi narx.

Foto: Getty Images

16 iyul kuni «Reyms» to‘purari Ugo Ekitike transferi e’lon qilindi. Hujumchi parijliklar safiga ijara asosida kelib qo‘shildi. Shartnoma bir yilga mo‘ljallangan va futbolchini to‘liq sotib olish imkoniyatini nazarda tutadi. O‘tgan mavsumda Ekitike Liga 1 musobaqasida 24 o‘yinda 10 ta gol urgan. 

Goal France jurnalisti Mark Meshenua xabariga ko‘ra, parijliklar 20 yoshli hujumchining ijarasini moliyaviy feyr-pleyga moslashish uchun rasmiylashtirishgan. «Reyms» Ekitike uchun kafolatlangan to‘lovlar sifatida 28,5 million yevro oladi. Yana 6,5 million yevro bonuslar shaklida taqdim etiladi. «PSJ» bu mavsumda qiymatning bir qismini to‘laydi. Klub feyr-pley haqida o‘ylay boshlagani yaxshi belgi. Oldingi yillarga nisbatan taraqqiyot. 

Shuningdek, 26 iyul kuni «Leypsig»ning fransiyalik himoyachisi Nordi Mukiele transferi tasdiqlandi. 24 yoshli futbolchi bilan 2027 yilgacha shartnoma tuzilgan. Transfer qiymati 10 million yevrodan sal ko‘proqni tashkil qiladi. O‘tgan mavsumda Mukiele Bundesligada 28 o‘yin o‘tkazib, 3 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Himoya chizig‘i kuchaytirilmoqda, arzon va sifatli transfer. 

Foto: Getty Images

24 yoshli portugaliyalik yarimhimoyachi Renatu Sanshesh ham yaqin vaqt ichida jamoaga o‘tishi kutilmoqda. Futbolchi klub bilan yiliga 5 million yevro maoshni ko‘zda tutuvchi shartnomani kelishib olgan. Endi «Lill»ni rozi qilish kerak. «PSJ» transfer uchun 20-30 million yevro to‘lashi mumkin. 

«Nitssa» yarimhimoyachisi Kefren Tyuram ham «PSJ»ga o‘tishi mumkin. Kristof Galte u bilan avvalgi klubida birga ishlagan. Ehtimol shu bilan boshqa transferlar bo‘lmaydi. «PSJ» hatto mish-mishlar darajasida ham katta nomlarga qiziqmayapti. Parijliklar, aksincha, bunday futbolchilarni olishni istamayapti. 

«PSJ» Ronaldu, Grizmann, Shkrinyar va Skamakka transferidan oqilona voz kechdi 

Krishtianu Ronaldu («Manchester Yunayted») va Antuan Grizmann («Atletiko») xizmatlari «PSJ»ga taklif etildi. Ammo bu variantlardan darhol voz kechildi. Ular pulni sovurmaslikka qaror qilishdi, garchi oldin yulduzlar masalasida bunga yo‘l qo‘yishgan bo‘lsa-da. 

Himoyachi Milan Shkrinyar «Inter»da qoladigan bo‘ldi. L’Equipe xabariga ko‘ra, «PSJ» italiyaliklar talab qilayotgan 70 million yevroni to‘lashga rozi bo‘lmadi. Futbolchining shartnomasi 2023 yil yozida tugashini hisobga olsak, «Inter»ning talabi juda yuqori edi. 

Foto: Getty Images

«Sassuolo» hujumchisi Janluka Skamakka bonuslar bilan birga 42-43 million yevro evaziga «Vest Hem»ga o‘tdi. «PSJ» A Seriyaning 36 ta o‘yinida 16 ta gol urgan 23 yoshli futbolchiga qiziqish bildirgandi. Ammo uning transferi uchun 30 million yevrodan ko‘proq to‘lashni istamadi. 

«PSJ» ham «Bavariya» hujumchisi Robert Levandovskiga qiziqish bildirdi, ammo yuqori darajada emas. Futbolchi «Barselona»ga o‘tmoqchi edi, shuning uchun parijliklar kurashga jiddiy qo‘shilmadi. Xuddi shu amaliyot «Real»ga o‘tgan «Monako» himoyachisi Orelen Tchuameniga nisbatan ham qo‘llandi. «PSJ» o‘z qiziqishi bilan futbolchining narxini ko‘tardi, ammo transfer uchun kurashmadi. «Real» Tchuameni uchun 80 million yevro to‘ladi. «PSJ» rahbariyati har ikkala holatda oqilona yo‘l tutdi. 

Klubga o‘tish ishtiyoqi yo‘q futbolchilarga ko‘p pul sarflash yaramaydi. Aks holda, keyinchalik ulardan qanday qutulish haqida o‘ylashga to‘g‘ri keladi. «PSJ» buni endi anglab yetdi. 

«PSJ» tarkibni tozalamoqchi 

«PSJ» yozda 11 nafar futbolchisini sotishga tayyor. Parijliklarning transferlari bilan shug‘ullanuvchi Antero Enrike va Luish Kampush ketishi kerak bo‘lgan futbolchilar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Le Parisien xabariga ko‘ra, undan himoyachilar Leyvin Kurzava, Abdu Diallo, Tilo Kerer, yarimhimoyachilar Leandro Paredes, Danilo Pereyra, Idrissa Guyye, Ander Errera, Jorjino Veynaldum, Erik Ebimbe va Yulian Draksler, shuningdek, hujumchi Mauro Ikardi joy olgan. Klub ular uchun jami 282 million yevro sarflagandi. Sotuvdan shuncha miqdorda pul olish imkonsiz, ammo xarajatlarni qisman qoplash mumkin. 

Ro‘yxatga hujumchi Neymar va himoyachi Presnel Kimpembe kiritilmagan. Ammo bu ular tarkibda qoladi degani emas. Futbolchilarning kelajagi bir qancha omillarga bog‘liq. Neymar haqiqatan ham iyun oyi oxirida ketmoqchi edi, biroq Galte bilan gaplashgach, fikrini o‘zgartirdi. Ular taktika, maydondagi pozitsiya va o‘zgaruvchan rollar haqida gapirishdi. Qayd etilishicha, bu suhbatlar Neymarni ilhomlantirgan. 

Foto: Getty Images

Neymar, ehtimol, yarimhimoyachi va aldamchi «to‘qqizlik» sifatida Lionel Messi o‘rnida navbati bilan o‘ynaydi. Braziliyalik futbolchi ko‘proq hujumkor rolga ega bo‘ladi, lekin u raqib chiziqlari orasidagi bo‘shliqdan foydalanish uchun chuqurroq borishi kerak. Braziliyalik futbolchi «PSJ»ga ta’til muddatidan bir hafta oldin qaytdi va mashg‘ulotlarda cheklovlarsiz qatnashmoqda. Maurisio Pochettino ishdan bo‘shatilib, Galte kelganidan keyin Neymar o‘zining «PSJ»ga kerakligini his qilmoqda. Buni yangi murabbiy ham tasdiqlayapti. 

«Neymar baxtiyor, u mashg‘ulotlarda yaxshi ishlamoqda. Transfer oynasi vaqtida nima bo‘lishini bilmayman, bu masalani u bilan yakkama-yakka muhokama qilmaganman. Lekin u odamlarning gapiga ahamiyat bermasa kerak. U mashg‘ulotlardan zavq olmoqda», dedi Galte. 

Kimpembe uchun klub 50 + 10 million yevro olishni xohlaydi, «Chelsi» 20 million kamroq bermoqchi. Ammo himoyachi ketishni istamayapti. 

«Yuventus» Leandro Paredes bo‘yicha taklif bilan chiqqan. Turinliklar bir yillik ijara uchun 15 million yevro, shuningdek, bonuslarni to‘lashga tayyor. «PSJ» kamida 20 million yevro olishni yoki futbolchini kamida 35 million yevroga to‘liq sotishni istayapti. «Manchester Yunayted» ham bunday taklif haqida o‘ylamoqda. 

Jorjino Veynaldum «Roma»ning qiziqish doirasiga kirgan. Fransiyaliklar 31 yoshli yarimhimoyachi uchun 10 million yevro talab qilmoqda. Ammo uning taxminan 7 million yevrolik maoshi ham bor. «Roma» uni bir yillik ijaraga olib, maoshining yarmini to‘lamoqchi. Yarimhimoyachi o‘tgan mavsumda «PSJ» safida 38 o‘yinda maydonga tushib, 3 gol urdi va 3 golli uzatmani amalga oshirdi. Get French Football News so‘rovnomasida u Fransiya chempionatining eng muvaffaqiyatsiz futbolchisi deb topildi. Veynaldum jamoaga moslasha olmadi, «PSJ» u bilan bajonidil xayrlashadi. 

Mauro Ikardi esa Galte rejalariga kiritilmagan. Biroq u ketishni istamayapti, chunki shartnoma bo‘yicha 2024 yilgacha hisoblangan maosh uni qoniqtirmoqda. «Roma» Ikardiga qiziqish bildirmoqda. Ammo Mauroning o‘zi Joze Mourino bilan ishlashni istamayapti, hatto Parijda zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishni afzal ko‘ryapti. 

Foto: Getty Images

Yana bir variant – «Monsa». A Seriyaning yangi a’zosi Silvio Berluskoniga tegishli. La Gazzetta dello Sport xabariga ko‘ra, Ikardining rafiqasi va agenti Vanda Naraga allaqachon o‘zining teledasturini olib borish taklifi tushgan. Bu Mauroning pozitsiyasiga ta’sir qilishi mumkin. 

Kurzava, Diallo, Kerer, Pereyra, Guyye, Ebimbe – katta ehtimol bilan Galte jamoasida maydonga tushmaydi. Ularni qayergadir ishga joylashtirishga to‘g‘ri keladi, bu ijrochilar uchun ko‘p pul olish dargumon. Ander Errera va Yulian Draksler bir vaqtlar umidli yarimhimoyachilar edi. Parijda ham ularga joy yo‘q. Albatta ro‘yxatdagilarning hammasini sotish imkonsiz. Shu tufayli kimdir asosiy o‘yinchilarga o‘rinbosar sifatida zaxirada o‘tiradi. 

Kristof Galtening ixtiyorida ikkita to‘liq tarkib bor 

Le Parisien xabariga ko‘ra, faqat darvozabon Janluiji Donnarumma, himoyachilar Ashraf Hakimi va Markinos, yarimhimoyachi Marko Verratti, hujumchilar Lionel Messi va Kilian Mbappe uchun Galte jamoasi asosiy tarkibidan o‘rin kafolatlangan. 

Galte jamoaning taktik sxemasini 3-4-1-2 qilib o‘zgartirdi va Messiga yangi pozitsiya topdi. Yaponiyaga mavsumoldi safari davomida Presnel Kimpembe, Markinos va Serxio Ramos markaziy himoyachilar uchligidan joy oldi. Lateral pozitsiyasini Nunu Mendesh egalladi, unga Xuan Bernat va Hakimi yordam berib turdi. Maydon markazida Idrissa Guyye va Vitinya o‘ynadi, ularning o‘rniga Marko Verratti va Leandro Paredes tushirildi. Hujumchilar juftligini Mbappe va Neymar tashkil etdi. Messi ulardan orqaroqda, hujum va yarimhimoyani bog‘lovchi «o‘nlik» nuqtasida o‘ynadi. 

«PSJ» hozirda deyarli teng kuchli ikkita ajoyib tarkibga ega. Jamoa yangi futbolchilarni faol ravishda sotib olishi mumkin edi, lekin maqsadli kuchayish bilan cheklanmoqda va ortiqcha futbolchilarni sotishga urinmoqda. O‘tmishdagi bema’ni xarajatlardan keyin «PSJ» oqilona strategiyani amalga oshiryapti. Hozirda klubning transfer bozoridagi ishi namunali bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid