Jahon | 20:01 / 31.07.2022
38487
8 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukrainaga 100 dona PzH 2000 yuborishga rozi bo‘ldi. Bu qanday texnika?

Germaniya Ukrainaga sotishga rozi bo‘lgan Panzerhaubitze 2000 o‘ziyurar artilleriya qurilmasi Ukraina qurolli kuchlarining artilleriya imkoniyatlarini jiddiy kuchaytiradi. Bu o‘ziyurar texnikaning yuqori xususiyatlaridan tashqari 100 donalik partiyani e’tirof etish mumkin - bu mojaro boshidan buyon eng yirik partiyalardan biri bo‘ladi.

Panzerhaubitze 2000 - 1996 yildan ishlab chiqarila boshlangan.

Shu vaqtga qadar Ukrainaga Germaniya va Niderlandiyadan shunday o‘ziyurar qurilmalardan 10 dan ortig‘i keltirilgandi. Ammo ular shu vaqtgacha zaxiradan olib kelinayotgandi. Endi esa, matbuotdagi xabarlarga ko‘ra, ularni qurish kerak bo‘ladi va bu bir necha yil vaqt olishi mumkin. Bu shartnoma frontdagi vaziyatni jiddiy va tez o‘zgartira olmaydi. Ammo bu qadar ko‘p zamonaviy qurol kelajakda vaziyatni o‘zgartirmay qolmaydi.

Xarakteristikasiga ko‘ra Panzerhaubitze 2000 - dunyodagi eng yaxshi o‘ziyurar artilleriya tizimlaridan biri. U o‘qlash mexanizmi bilan jihozlangan, bu esa o‘q uzish tezligini daqiqasiga 10 taga yetkazadi. Alohida rejimda u to‘qqiz soniyada uch bor o‘q uzishi mumkin.

52 kalibrli Rheinmetall L52 qurolidan o‘q otish masofasi NATO standartidagi 155-millimetrli snaryadda 30 kilometrdan ortiqni tashkil etadi. Ammo maxsus o‘q-dori qo‘llanganida bu masofa jiddiy oshishi mumkin.

Panzerhaubitze 2000 amerikaliklarning yuqori aniqlikda harakatlanuvchi M982 Excalibur snaryadlaridan foydalanishi mumkin. Ukrainaga bunday snaryadlar yetkazib berilgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q, ammo Pentagon 8 iyul kuni e’lon qilgan Ukrainaga yetkaziladigan qurollar ro‘yxatida Kiyevga 155-millimetr kalibrli yuqori aniqlikdagi snaryadlar yetkazilishi aytilgandi. Ko‘plab ekspertlar hisoblashicha, bunda gap aynan M982 haqida ketgan.

M982 Excalibur snaryadlari ikkita galma-gal ishlovchi navigatsiya tizimlaridan - o‘t otish nuqtasidan nishongacha trayektoriyani hisoblovchi GPS va inersiyaga asoslangan tizimlardan foydalanadi. Inersial tizim tashqi axborot manbalariga, masalan, sun’iy yo‘ldosh signaliga bog‘liq bo‘lmaydi, u faqat snaryad parvozi trayektoriyasini hisoblaydi.

56 tonna bo‘lishiga qaramay, Panzerhaubitze 2000 yo‘lsiz hududlarda tez harakatlana oladi. Foto: Getty Images

Bunda snaryad manyovr qilish va yetib borish masofasini 40 kilometrgacha oshirishga yordam beruvchi yig‘iladigan «qanotlar»dan foydalanadi. Ayrim modifikatsiyalar esa bundan ham uzoqroqqa otish imkonini beradi. 

GlobalSecurity.org saytiga ko‘ra, stvoli uzunligi 52 kalibr bo‘lgan 155-millimetrli quroldan foydalanganda M982 snaryadi 47 kilometr masofadagi nishongacha yetib boradi.

Shu bilan birga, piyodalarga, zirhli nishonlarga va mustahkam boshpanalarga qarshi qo‘llash uchun turli variantdagi snaryadlar ishlab chiqariladi.

M982 Excalibur’ning nishondan chetga og‘ish ehtimoli besh metrdan oshmaydi.

Panzerhaubitze 2000’ning asosiy xususiyatlari - aniqligi, uzoq masofaga otishi va otish tezligi yuqoriligi. Foto: AFP

Shu tariqa, bu snaryad HIMARS va MLRS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan otiladigan GMLRS raketalari muqobiliga aylanadi. Uning kuchi va uchish masofasiz biroz pastroq, ammo snaryadni urib tushirish raketani urib tushirishga qaraganda ancha qiyinroq.

M982 Excalibur Germaniyaning PzH 2000 o‘ziyurar artilleriya qurilmasida yoki Ukrainaga allaqachon yetib kelgan amerikaliklarning M109A3GN gaubitsasi orqali qo‘llanishi mumkin. To‘g‘ri, M109A3GN gaubitsasi uzunligi atigi 39 kalibr va bu snaryadning uchish masofasida ham aks etadi.

M982 Excalibur snaryadlaridan M777 gaubitsasida ham foydalanish mumkin, ammo internetda tarqalgan suratlarga ko‘ra, bu qurolning Ukrainaga yetkazib berilgan modifikatsiyasida yuqori aniqlikdagi snaryadlarni otish uchun kerak bo‘ladigan elektron bloklar mavjud emas. Ukrainaga bunday bloklarga ega gaubitsalar ham yetkazilgani, ammo obektivga tushmagani to‘g‘risida ham tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘q.

Bunday bloklar yo‘qligi ko‘plab sharhlovchilar ukrainlarning M777 gaubitsalari yuqori aniqlikda harakatlanuvchi va boshqariluvchi M982 Excalibur tipidagi o‘q-dorilardan foydalana olmasligini aytishiga sabab bo‘lgandi.

Otish tezligi yuqoriligi va zamonaviy boshqaruv tizimlari evaziga Panzerhaubitze 2000 nishon tomon bir vaqtning o‘zida bir necha snaryad yog‘dirish rejimidan samarali foydalanishi mumkin. Bu rejim Multiple Round Simultaneous Impact yoki MRSI deb ataladi, Rossiyada buni ifodalash uchun «olov bo‘roni» atamasini qo‘llashadi.

Bu rejimda quroldan navbati bilan bir necha snaryad otiladi, har bir o‘t ochilishida balandlik burchagi o‘zgartiriladi. Buning hisobiga snaryadlar nishonga bir vaqtning o‘zida yetib boradi. Barcha hisob-kitoblar EADS MICMOS bort kompyuterida amalga oshiriladi, bu kompyuter butun tizim ishlashini tezlashtiradi va soddalashtiradi.

Bunday rejimda o‘t ochish ko‘plab armiyalarda, jumladan Rossiyanikida ham qo‘llanadi.

Panzerhaubitze 2000’ning o‘ziga xos kamchiliklari bor, eng asosiysi - vazni. 56 tonnalik o‘ziyurar qurilma - o‘z toifasidagi eng og‘ir qurollardan biri. Masalan, polshaliklarning «Krab» o‘ziyurar artilleriya qurilmasi og‘irligi (uni ham Ukraina sotib olmoqda) 48 tonnani tashkil etadi, M109 esa - 28 tonna. T-72 tanki 41 tonna tosh bosadi.

Bu uning harakatiga u qadar ta’sir ko‘rsatmaydi - nemislarning o‘ziyurar gaubitsasi dala maydonlari bo‘ylab soatiga 40 kilometrdan ortiq tezlikda yo‘l bosadi. Ammo bunday mashina jang maydonida shikastlanganida uni tortib ketishga to‘g‘ri kelganda vazn muammoga aylanishi mumkin. Masalan, Ukraina qurolli kuchlari ixtiyoridagi BREM-1 evakuatsiya mashinasi maksimum 50 tonnalik texnikani evakuatsiya qilishga qodir.

Shunga qaramay, yuqori tezlikda harakatlanish o‘ziyurar gaubitsalar uchun juda muhim xususiyatdir. Batareyalar o‘zaro faol janglari sharoitida bunday texnika qisqa fursatda davomli o‘t ochib, pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkin va bu qarshi javobdan qochib qolish imkonini beradi.

Ukrainadagi urushda Rossiya artilleriya tizimlari soni bo‘yicha katta ustunlik qilmoqda, ammo uning parki asosan eski qurilmalardan iborat. Eng zamonaviysi - «Msta S». Uzun stvolli 152-millimetrli gaubitsalarning 47 kalibrda oddiy o‘q-dori bilan otish masofasi 30 kilometrni tashkil etadi.

Rossiya armiyasida (ukrainlarniki kabi) sovetlar davriga mansub uzoq masofaga otuvchi 203-millimetrli 2S7 «Pion» o‘ziyurar artilleriya qurilmalari, shuningdek uning takomillashtirilgan varianti 2S7M «Malka» bor. Ular 37 kilometrgacha zarba berishi mumkin, ammo ularning aniqligi PzH 2000’nikidan past.

25 iyul kuni Centre for Information Resilience mustaqil tahlil markazi tadqiqotchisi Benjamen Pittet sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarga ko‘ra, Rossiya «Pion»larni saqlovdan chiqarayotgani haqida xabar bergandi, bu qurollar Rossiya mudofaa vazirligining Omskdagi Bosh raketa-artilleriya boshqarmasining 94-arsenalida saqlab kelinayotgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aprel oyidagi tasvirlarda 170 dona 2S7 gaubitsalarini ko‘rish mumkin edi, 18 iyulga kelib ularning soni 110 dona qolgan.

Mavzuga oid