Jahon | 14:56 / 03.08.2022
12423
4 daqiqa o‘qiladi

Pelosi Vashington Tayvanni tinimsiz qo‘llab-quvvatlashi haqida ma’lum qildi

AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga munozarali tashrifi chog‘ida parlamentda nutq so‘zladi va mahalliy hukumat vakillari bilan uchrashdi. 

Foto: Central News Agency | Getty Images News | Getty Images

Tayvanga tashrifi chog‘ida AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi bahsli orol rasmiylariga Vashingtonning tinimsiz qo‘llab-quvvatlashi haqida ma’lum qildi. 3 avgust, chorshanba kuni Taybeyda mahalliy ma’muriyat rahbari Tsay Inven bilan uchrashuvda u AQSh Tayvanga nisbatan o‘z majburiyatlaridan voz kechmasligini «aniq yo‘l bilan aytish» uchun kelganini bildirdi.

Tashrif, shuningdek, amerikaliklar Tayvan bilan «barqaror do‘stlikdan faxrlanishi»ning belgisidir, deya qo‘shimcha qildi Pelosi, u AQSh hokimiyat iyerarxiyasida prezident va vitse-prezidentdan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Tayvan parlamentidagi nutqi davomida u Tsay Invenga yetakchiligi uchun minnatdorchilik bildirdi va parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi. «Biz Tayvanni dunyodagi eng erkin jamiyatlardan biri ekanligi uchun hurmat qilamiz», dedi Vakillar palatasi spikeri. 

O‘z navbatida, Tayvan ma’muriyati rahbari Xitoy rasmiylarining talablari va «harbiy tahdidlarning kuchayishi»ga bo‘ysunmasligini ta’kidladi. Tayvan «demokratiya himoya chizig‘ini» ushlab turadi, dedi Tsay Inven. Tayvan parlamenti vitse-prezidenti Tsay Chichan bilan uchrashuvda Pelosi orolga «do‘stlik, mintaqa uchun tinchlik uchun» kelganini ta’kidladi. 

Ayni paytda, Tayvan 3 avgust kuni Xitoy rasmiylarini rejalashtirilgan harbiy mashg‘ulotlar vaqtida Tayvan hududiy suvlariga qisman bostirib kirishga urinayotganlikda aybladi. Tayvan mudofaa vazirligi vakilining aytishicha, bu «mantiqsiz harakat» xalqaro tartibni shubha ostiga qo‘yadi. Agentlik, shuningdek, rejalashtirilgan manyovrlarni orol portlari va shaharlariga tahdid deb atadi va tayyorgarlik choralari kuchaytirilishi hamda «tegishli» javob choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.

Kecha Vakillar palatasi spikeri bo‘lgan AQSh HHK samolyoti Tayvandagi Taybey aeroportiga qo‘ndi. Bu AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikerining Tayvanga so‘nggi 25 yil ichida birinchi tashrifidir. AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidlashicha, Kongress Oq uydan mustaqil, hukumatning teng huquqli tarmog‘i, shuning uchun safar qilish qarori «to‘liq spikerga bog‘liq».

Tayvanni o‘z hududi deb biluvchi XXR hukumati Pelosining orolga tashrifiga keskin qarshi chiqdi. Xitoy raisi Si Tszinpin AQSh prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida AQShni Vashingtonning Tayvan bo‘yicha pozitsiyasi yuzasidan «o‘t bilan o‘ynashmaslik» haqida ogohlantirdi. 

Bunga norozilik sifatida XXR TIV AQShning Pekindagi elchisi Nikolas Bernsni chaqirtirdi. Bundan tashqari, Xitoy orol bilan savdo-sotiqni qisman to‘xtatib, Tayvan bo‘g‘ozida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishini e’lon qildi. Xitoyning CGTN telekanali xabar berishicha, XXR qiruvchi samolyotlari Pelosi layneri yaqinlashib kelayotgan vaqtda Tayvan bo‘g‘ozi orqali orol tomon o‘tgan. 

Mavzuga oid