Jahon | 10:40 / 03.08.2022
8945
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Pelosining Tayvanga tashrifi fonida AQSh elchisini TIVga chaqirtirdi

Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pelosining Tayvanga safari yuzasidan Vashingtonga «qat’iy norozilik» bildirdi. Xitoy armiyasi «yuqori jangovar shay» holatga keltirildi.

Foto: AP

AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi - Amerika rahbariyatidagi hokimiyat iyerarxiyasidagi uchinchi shaxsning Tayvan oroliga tashrifi fonida Xitoy AQShning Pekindagi elchisi Nikolas Bernsni XXR TIVga chaqirtirdi. Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Se Fen 2 avgust, seshanba kuni Vashingtonga «qat’iy norozilik» bildirdi.

«Bu qadam o‘ta jiddiy, uning oqibatlari o‘ta og‘ir bo‘ladi», — deya Sening so‘zlaridan iqtibos keltirgan Xinhua agentligi. «Xitoy buni hech qachon befarq kuzatmaydi», deya ta’kidladi diplomat. 

Se Fenning qayd etishicha, Qo‘shma Shtatlar «o‘z xatolari uchun javob berishi kerak». U Vashingtonni «noto‘g‘ri harakatlarini zudlik bilan tuzatishga, Pelosining Tayvanga tashrifi natijasida yuzaga kelgan salbiy oqibatlarni bartaraf etish uchun amaliy choralar ko‘rishga» chaqirdi. 

Xitoy harbiylari «yuqori jangovar shay holatda» ekanini va tashrifga «javob sifatida bir qator aniq maqsadli harbiy amaliyotlarni boshlashi»ni ma’lum qildi. Ular 3 avgust kuni orol atrofidagi suvlarda bir qator harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish rejalarini ochiqladi.

Ayni paytda, Xitoyning ingliz tilidagi Global Times nashri xabar berishicha, Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi (XXOA) allaqachon Tayvan yaqinida mashg‘ulotlarni boshlagan. 

XXR TIVning qurol nazorati bo‘yicha departamenti direktori Fu Tsun, o‘z navbatida, harbiy ssenariy ehtimolini rad etmadi: «Tayvan va Xitoyning birlashishiga kelsak, bizning pozitsiyamiz shundan iboratki, biz buning uchun hamma narsani tinch yo‘l bilan qilyapmiz, biroq harbiy variantdan voz kechmaymiz».

O‘z navbatida, Xitoyning Buyuk Britaniyadagi elchisi Chjen Tszeguan Britaniya deputatlari delegatsiyasi Tayvanga tashrif buyursa, bu «jiddiy oqibatlarga olib kelishi» bilan tahdid qildi. «Biz Britaniya tomonini Xitoy-Britaniya qo‘shma kommyunikesiga rioya qilishga va Tayvan masalasining o‘ta nozikligini e’tibordan chetda qoldirmaslikka, AQSh izidan bormaslikka chaqiramiz», — dedi diplomat. 

AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi bo‘lgan samolyot 2 avgust kuni Tayvandagi Taybey aeroportiga qo‘ndi. Xitoyning CGTN telekanali xabar berishicha, XXR qiruvchi samolyotlari Pelosi layneri yaqinlashib kelayotgan vaqtda Tayvan bo‘g‘ozi orqali orol tomon o‘tgan. 

Reuters agentligining manbalarga tayanib xabar berishicha, Pelosi Sinbey shahridagi inson huquqlari milliy muzeyida tayvanlik bir guruh jamoat arboblari, shuningdek, Tayvan ma’muriyati rahbari Tsay Inven bilan uchrashishni rejalashtirgan. The Washington Post gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, Pelosi Tayvanning yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi Semiconductor Manufacturing Co shirkati raisi Mark Lyu bilan ham gaplashmoqchi bo‘lgan. 

Nensi Pelosining Osiyo turnesi 31 iyul kuni boshlandi. Safar dasturiga Malayziya, Singapur, Yaponiya va Janubiy Koreyaga tashriflar kiritilgan. XXR raisi Si Tszinpin AQSh prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida AQShni Vashingtonning Tayvan bo‘yicha pozitsiyasi yuzasidan «o‘t bilan o‘ynashmaslik» haqida ogohlantirdi. 

Gap AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikerining Tayvanga so‘nggi 25 yil ichida birinchi tashrifi haqida ketmoqda.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidlashicha, Kongress Oq uydan mustaqil, hukumatning teng huquqli tarmog‘i, shuning uchun safar qilish qarori «to‘liq spikerga bog‘liq». 

Mavzuga oid