Sport | 14:22 / 07.08.2022
14306
13 daqiqa o‘qiladi

FIFA ijara qoidalarini kuchaytirdi. Klublarga oson bo‘lmaydi

Foto: FIFA

FIFA transfer tizimini optimallashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirmoqda. Jarayon 2017 yilda boshlangan va o‘zgarishlar bosqichma-bosqich joriy qilinyapti.

Jumladan, transferlarni ro‘yxatga oluvchi yagona elektron tizimi va futbolchilarning raqamli pasporti allaqachon paydo bo‘lgan. Joriy yilning uchinchi choragiga qadar FIFA Clearing House ishga tushiriladi. U birdamlik mukofotlarini to‘lash va taqsimlashning avtomatlashtirilgan tizimi uchun mas’ul bo‘ladi. Agentlik to‘lovlari bo‘yicha o‘zgarishlar ham navbatda turibdi: ular vositachilarni litsenziya olishga, daromadlar to‘g‘risida hisobot berishga va 10 foizdan ortiq komissiya olmaslikka majburlamoqchi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli islohotlar sekin kechmoqda. Ular 2020 yilda ijara bo‘yicha yangi me’yoriy-huquqiy bazani qabul qilishmoqchi edi, ammo muddat ikki yilga ko‘chirildi. Natijada, qoidalar faqat 2022 yil mart oyida tasdiqlandi va iyul oyida nihoyat kuchga kirdi. Hozircha faqat xalqaro miqyosdagi ijara uchun, lekin milliy assotsiatsiyalar kelasi uch yil ichida ushbu qoidalarni qabul qilishi kutilmoqda.

Endi ijaralar qanday tartibga solinadi: muddat va miqdor bo‘yicha qat’iy cheklovlar

FIFA «yosh futbolchilarning rivojlanishi, raqobatbardosh muvozanatni ta’minlash va futbolchilarning bir jamoada to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik» uchun ijara munosabatlarini tartibga solmoqchi. Ya’ni, tashkilot boy klublar tomonidan o‘nlab futbolchilarni balansda ushlab turilishi va kamtarona jamoalarga ijaraga berib yuborishiga chek qo‘ymoqchi.

Buning uchun quyidagi qoidalar joriy etildi:

- ijara muddati va moliyaviy shartlari ko‘rsatilgan yozma shartnoma bo‘lishi;

- ijaraning maksimal muddati – bir yil, minimal muddati - ikki transfer oynasi o‘rtasidagi vaqt;

- subijaraning taqiqlanishi, ya’ni ijaradagi futbolchini boshqa klubga ijaraga bermaslik;

- ikki klub o‘rtasidagi ijara soni bo‘yicha cheklov: bir jamoaga uch nafardan ko‘p futbolchi berilmasligi va uch nafardan ko‘p futbolchi olinmasligi.

Lekin eng muhimi – mavsum davomida ijara sonining umumiy cheklanishi.

Kelgusi ikki yil klublar uchun o‘tish davri bo‘ladi – yangi shartlar ko‘pchilikni transfer siyosatini keskin o‘zgartirishga majbur qiladi.

Shunday qilib:

- Joriy yilning 1 iyulidan 2023 yilning 30 iyuniga qadar klub ko‘pi bilan sakkiz nafar futbolchini ijaraga berishi yoki olishi mumkin;

- 2023 yil 1 iyuldan 2024 yil 30 iyungacha – ko‘pi bilan yetti nafar futbolchini;

- 2024 yil 1 iyuldan boshlab – ko‘pi bilan olti nafar futbolchini.

Cheklovlardan faqat 21 yosh va undan kichik bo‘lgan futbolchilar, shuningdek, klub tarbiyalanuvchilari ozod qilinadi (15 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lganlar va klubda kamida 36 oy o‘tkazganlar ushbu toifaga kiradi).

Foto: Getty Images

Ijara instituti uzoq vaqtdan beri bor. «Chelsi» «ijara modasi»ning ommalashishiga sabab bo‘ldi

London klubi yirik ijara tarmog‘ini yaratishda birinchilardan bo‘lmagan. Biroq, ko‘plab ijara shartnomalari haqida gap ketganda, aynan «Chelsi» esga olinadi. Tizim sobiq texnik direktor Maykl Emenalo tomonidan ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, klub katta salohiyatga ega yosh futbolchilarni topib, ularni rivojlantirish orqali kelajakda foyda olishi yoki asosiy tarkib futbolchisiga aylantirishi lozim edi.

Buning uchun klub o‘z yosh toifasidagi eng kuchli futbolchilarni yig‘ib olib, so‘ngra ularni ijaraga berib, o‘yini ochilib ketguncha kuzatardi. Ko‘pchiligi Niderlandiya (asosan «Vitess») va Germaniya klublariga jo‘natilardi.

Bu tizim ko‘p marta tanqid qilingan: futbolchilar yillar davomida ijaradan ijaraga o‘tib, oxir-oqibat «Chelsi» libosini kiyishga umid qilmasdan yo‘qolib qolishardi (masalan, Lukas Piazon bilan shunday voqea sodir bo‘lgan).

Shu bilan birga, asosiy jamoada o‘ynashga qodir bo‘lganlar unchalik ko‘p emasdi. Tanlov jarayoni juda qattiq bo‘lib, faqat bo‘lg‘usi yulduzlargina asosiy jamoaga olinardi. Futbol jamoatchiligi «Chelsi» ijara siyosatidan yoshlarni rivojlantirish uchun emas, balki daromad olish uchun foydalanayotganini tanqid qilib kelar edi.

Ammo bu klubni xavotirga solmadi – tizim haqiqatan ham barqaror moliyaviy modelni yaratishga imkon berdi. U nafaqat daromad keltirdi, balki «Chelsi» uchun asosiy tarkib futbolchilarini ham yetishtirdi: Meyson Maunt, Ruben Loftus-Chik, Trevo Chaloba, Ris Jyeyms va boshqalar.

Mana bir nechta muvaffaqiyatli bitimlar:

- Mario Pashalich («Xayduk»dan 2,5 mln yevroga sotib olingan) ➡️ «Atalanta»ga 14,5 mln yevroga sotildi;

- Natan Ake (tarbiyalanuvchi) ➡️ «Bornmut» 22,8 mln yevro;

- Fikayo Tomori (tarbiyalanuvchi) ➡️ «Milan» 28,8 mln yevro;

- Mark Gehi (tarbiyalanuvchi) ➡️ «Kristal Pelas» 23,3 mln yevro;

- Temmi Abraham (tarbiyalanuvchi) ➡️ «Roma» 40 mln yevro.

Ijarada ma’lum vaqt o‘ynab, keyinchalik «Chelsi» ularni sotib yuborganidan so‘ng yulduzga aylanganlar ham bo‘ldi (Kevin de Bryuyne, Tibo Kurtua, Muhammad Saloh). Bular «murabbiylik falsafasining qurbonlari», shunchaki o‘z vaqtida jamoa modeliga mos kelmadi.

Ammo faoliyatini ijaralarda o‘tkazib, cho‘kib ketgan va arzon-garovga berib yuborilganlar ham bo‘ldi.

«Doimiy ijaralardan ma’no yo‘q», - deb Piazon so‘zlarini keltirmoqda Daily Mail. «Bu hech bir futbolchi uchun yaxshi emas. 22 yoshimda har mavsumni turli klublarda o‘tkazyapman, bunda ijobiy holatni ko‘rmayapman. Asosiy tarkibdan joy olish qiyin. Har bir jamoaning o‘z futbolchilari bor. Har safar asosiy tarkibdan joy olish uchun kurashaman, o‘yin daqiqalari va gollarga intilaman».

Qishda «Chelsi»ning 21 futbolchisi ijarada edi. Ulardan o‘n nafari 21 yoshdan oshgan: Natan Bakster, Jyeyk Klark-Solter, Emerson Palmiyeri, Metyu Miazga, Bobo Rahmon, Xuan Kastilo, Dujon Sterling, Tiyemue Bakayoko, Denni Drinkuoter, Mishi Batshuayi. Shu bilan birga, ularning to‘rt nafari klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Shu sababli, klub ijaradagilar kvotasini buzmadi. Hozir esa ijarada 13 nafar futbolchi qoldi.

- Romelu Lukaku, hujumchi («Inter», ijara muddati 30.06.23)

- Tino Anjorin, yarimhimoyachi («Haddersfild», 31.05.23)

- Natan Bakster, darvozabon («Hall», 31.05.23)

- Yan Matsen, himoyachi, («Byornli», 31.05.23)

- Gabriyel Slonina, darvozabon («Chikago Fayr», 31.12.22)

- Tiyemue Bakayoko, yarimhimoyachi («Milan», 23.06.22)

- Jyeymi Kamming, darvozabon («MK Dons», 31.05.23)

- Genri Lourens, himoyachi («MK Dons», 31.05.23)

- Lukas Bergstryom, darvozabon («Peterboro Yunayted», 31.05.23)

- Brayan Fiabema, hujumchi («Rusenborg», 31.12.22)

- Itan Uodi, darvozabon («Uoking», 31.05.23)

- Prins Adegoke, darvozabon («Uelling Yunayted», 31.05.23)

- Sem Makkleland, himoyachi («Barrou», 31.05.23)

Foto: Getty Images

Yangi qoidalar bilan «Atalanta» qiyin vaziyatga tushib qoladi. Hozirda klubning 35 nafar futbolchisi ijarada (oldin ular ikki baravar ko‘p edi!)

«Chelsi» o‘z ijara tizimini ishlab chiqqanidan so‘ng, ko‘plab klublar undan andoza olishga harakat qildi. «Atalanta» esa tajribani hammadan yaxshiroq o‘zlashtirdi – qishda jamoaning 64 futbolchisi ijarada edi.

2016 yilda Jan Pero Gasperini bosh murabbiy bo‘lgach, keng miqyosdagi islohotlar boshlandi. Oldin klub yoshlarni tarbiyalashga e’tibor qaratgan bo‘lsa, endi transfer bozori orqali daromad olishni ko‘zlay boshladi.

Rahbariyat asosiy tarkibni kuchaytirish uchun akademiya kerakli miqdorda iqtidorli futbolchilarni yetishtira olmasligini tushundi. Jismonan chidamli va qobiliyatli futbolchilarga muhtoj bo‘lgan Gasperinini xursand qilish va pul topish kerak edi. Shu joyda «Chelsi» tizimi qo‘l keldi.

«Atalanta» Wallabies agentligining skautlik xizmati bilan hamkorlik qila boshladi va yosh futbolchilar bozoriga kirdi. 2019 yilda klub 76 futbolchini ijaraga berdi. Bu yil qishda - 64. Strategiya ish bera boshladi.

- Alessandro Bastoni va Roberto Galyardini mos ravishda 31,1 million yevro va 20,5 million yevro evaziga «Inter»ga o‘tdi;

- Frank Kessie bir qancha ijaralardan so‘ng «Milan»ga 32 million yevroga sotildi;

- Deyan Kulushevski «Yuventus»ga 35 million yevro evaziga berildi.

So‘nggi yillarda hech bir klub «Atalanta» kabi arzon sotib olib, qimmatga sotmagan. Klub, hatto pandemiya davrida ham daromad oldi.

«Atalanta» so‘nggi bir necha yil davomida ijaraga berilgan futbolchilar soni bo‘yicha yetakchi jamoalar qatoriga kirdi. Shu bilan birga, ularning aksariyati akademiya tarbiyalanuvchilari va 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardir. Ular bozorda bir necha sabablarga ko‘ra talabgir hisoblanadi: «Atalanta» maktabining obro‘si, kambag‘al klublarning qiziqishi va yoshlarning istiqbol uchun ketishga tayyorligi.

Yangi qoidalar kuchga kirgach, «Atalanta»da ijaraga berilgan futbolchilar ancha kamaydi – 35. Italiya klubi hali cheklovlarni buzgani yo‘q, chunki futbolchilarning aksariyati mamlakat ichidagi jamoalarga tarqalib ketgan, shuningdek, istisno ostiga tushganlari ham bor.

A Seriyada «Inter» ham ijara tizimini tashkil qilgan, ammo ko‘lami «Atalanta»nikidan kamroq - qishda klubning 47 futbolchisi ijarada edi, hozir esa 29. Shuningdek, «Yuventus», «Sassuolo», «Jyenoa» va «Napoli» klublarida ham o‘nlab futbolchilar ijaraga berilgan.

Foto: Manchester Siti

Qoidalarni chetlab o‘tish mumkin. «Siti» va «Leypsig» uchun oson bo‘ladi

21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar va o‘z tarbiyalanuvchilari uchun qoidalar ko‘proq erkinlik beradi. Biroq, baribir, yangi qoidalarga moslashib olishga to‘g‘ri keladi. Bu esa klublarga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.

Qoidalarni chetlab o‘tish mumkin va bu konsorsiumlarning bir qismi bo‘lgan jamoalar uchun oson. Masalan, «Manchester Siti» yosh futbolchilarni «Nyu-York Siti»ga sotishi, keyin esa o‘zaro manfaatli shartlar asosida qayta sotib olishi mumkin, chunki klublar bir tuzilmaga kiradi.

City Football Group 12 ta klubga egalik qiladi, shuning uchun variantlar juda ko‘p: ingliz klubidan tashqari, «Palermo», «Jirona», «Trua», «Mumbai Siti», «Nyu-York Siti», «Iokogama F. Marinos», «Lommel», «Melburn Siti», «Montevideo Siti Torke», «NAK Breda» va «Sichuan Tszyunyu» ham bor.

Xuddi shu holat «Leypsig» kiradigan Red Bull tizimidagi jamoalarga ham taalluqli – avval futbolchilar ijara shartnomalari bo‘yicha almashtirilgan bo‘lsa, endi ular qisqa muddatli transferlarni rasmiylashtirishi mumkin.

Yangi qoidalar futbolning umumiy iqtisodiyotiga va futbolchilarning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, FIFA shunga umid qilmoqda. Yillar davomida jamoadan jamoaga sarson-sargardon bo‘lish o‘rniga, futbolchilarning istiqboli aniqroq bo‘ladi: yo unga bir klubda ishonch bildiriladi yoki boshqa joyda rivojlanish imkoniyatini berilib, sotiladi. Shuningdek, FIFA yangi qoidalarning joriy etilishi raqobat muhitini kuchaytirishga yordam beradi, deb hisoblamoqda.

Mavzuga oid