Jahon | 21:59 / 10.08.2022
44939
15 daqiqa o‘qiladi

Janub uchun jang: Rossiya armiyasi keyingi yurishni qachon va qanday boshlashi mumkin?

Rossiya armiyasi so‘nggi kunlarda o‘nlab batalon-taktik guruhlarini Donbassdan Ukraina janubiga ko‘chirdi - bu minglab jangchilar va yuzlab texnikalar degani.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

Bunday manyovrlar rossiyaliklar fevral oyidayoq egallab olingan Xerson va uning atrofidagi hududlarni Ukraina armiyasi tomonidan e’lon qilingan qarshi hujumdan himoyalash istagini anglatishi mumkin.

Janubdagi yangi guruh katta va juda ko‘p desant bo‘linmalarni o‘z ichiga olgan, mudofaada motoo‘qchilar o‘rniga bunday bo‘linmalardan foydalanish u qadar oqilona qaror bo‘lmaydi.

Bu tez orada Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi asosiy harbiy harakatlar teatri Donbassdagi yalangliklardan janubdagi dashtlarga, Dnepr daryosining quyi oqimining ikki sohilidagi hududlarga ko‘chishi mumkinligini anglatadi.

Bu yo‘nalishda tez kunlarda faol harbiy harakatlar boshlanib ketishi va butun urushga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga Donbassdagi harbiy harakatlar ham to‘xtamayapti va ukrain piyodalari Rossiya artilleriyasining doimiy zarbalari ostida qolmoqda.

Bu hujumkor guruhmi?

Foto: AFP

Rossiya Xarkiv atrofidagi va Donbassdagi qo‘shinlarning bir qismini ko‘chirayotgani haqida 28 iyul kuniyoq harbiy sharhlovchi,  «Axboriy qarshilik» guruhi koordinatori Konstantin Mashovets xabar bergandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iyul oyi oxirida rossiyaliklar Sharqiy harbiy okrug bo‘linmalarini Xerson va Zaporijjya oblastlariga qayta joylashtirgan.

Xususan, gap urush boshida Kiyevga bostirib kirgan 35-qo‘shma armiyasi qismlari haqida ketmoqda: aynan uning 64-motoo‘qchilar brigadasi mart oyida Buchani ishg‘ol qilgan va aynan shu yerda harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblangan.

Keyinroq bu 35-armiya Xarkiv oblastining Izyum shahri ostonasidagi janglarda ishtirok etgan.

«Shaxsan men uchun, masalan, RF Qurolli kuchlari Sharqiy okrugi 35-qo‘shma armiyasi harakatga keltirilishi va qo‘llanishi o‘ziga xos ma’noga ega - bu ularning bosh shtabi e’tiborini qayerga qaratganini ko‘rsatadi», - degan Konstantin Mashovets.

«Uzoq sharq» brigadalaridan tashqari, rossiyaliklar Ukraina janubiga jami soni 10 ming atrofidagi harbiyni tashkil etuvchi havo-desant bo‘linmalarining katta qismini ham tashlamoqda.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

Xerson oblastida Dneprning o‘ng sohiliga rossiyalik desantchilar kelganini (ya’ni Xerson shahri joylashgan sohil) 1 avgust kuni Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich ham «Feygin Live» kanali efirida tasdiqladi.

«Ko‘rinib turibdiki, dushman qo‘shinlari qo‘mondonligi Janubiy operatsion zonada (ya’ni Mikolayiv, Kriviy Rih va Zaporijjya yo‘nalishlari) asosini Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari tashkil etuvchi hujumkor qo‘shinlar guruhini… va RF Qurolli kuchlari havo-desant kuchlarining asosiy qismlarini, shuningdek Janubiy harbiy okrugning 49- va 58-qo‘shma armiyalarini joylashtirmoqda», deb hisoblaydi Konstantin Mashovets.

Qolaversa, janubga olib kelinayotgan texnikalarga qarab ham rossiyaliklarning rejalari haqida xulosa chiqarish mumkin.

30 iyul kuni ijtimoiy tarmoqda Qrimdan Ukrainaning materik qismiga yo‘l olgan eshelon videosi tarqaldi.

Unda V belgisi (Rossiyaning Sharqiy harbiy okrugiga mansublikni ifodalaydi) qo‘yilgan texnikalar ortilgandi.

Bu texnikalar orasida quyidagilarni uchratish mumkin: IMR-2 (muhandislik tanki), bir necha EOV-4421 (harbiy ekskavatorlar), bir qancha TMM-3 (armiyada kengligi 40 metrgacha bo‘lgan to‘siqlarni yengib o‘tish uchun foydalaniladigan og‘ir mexanizatsiyalashgan ko‘priklar), shuningdek BAT-2 (harbiy buldozer).

Eshelonda ekskavatorlar va traktorlar ham bo‘lib, nazariy jihatdan ular okoplar va boshqa mudofaa istehkomlari qurish uchun ishlatilishi mumkin, muhandislik tanklari, harbiy buldozer hamda mexanizatsiyalashgan ko‘priklarning vazifasi - kolonna vayronalar va kichik daryolar qiyofasidagi to‘siqlardan oldinga siljishni ta’minlash hisoblanadi.

Desantchilar va «vagnerchilar»

«Tushunish kerakki, dushmanda yaxshi tayyorgarlikka ega kuchlar yetarli emas, havo-desant bo‘linmalari esa nisbatan eng yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan qismlar bo‘ladi. Kuchsizlangan holatida ham yetarlicha harbiy salohiyatni saqlab qolib, mudofaani ushlashi ham, muhim yo‘nalishlarda hujum harakatlarini amalga oshirishi ham mumkin», deydi BBC News Ukraina bilan suhbatda «Strategiya XXI» global tadqiqotlar markazining xavfsizlik masalalari bo‘yicha loyihalari rahbari Pavel Lakiychuk rossiyalik desantchilar ko‘chirib keltirilishi haqida.

Rossiyaliklar Ukraina qurolli kuchlarining Xersonga hujumkor harakatlaridan mudofaalanish uchun emas, balki yurish boshlashga tayyorlanayotgani haqida xulosaga janubiy yo‘nalishda xizmat qilayotgan va anonimlik asosida BBC Ukraina xizmati bilan suhbatlashishga rozilik bergan ukrainalik ofitser ham qo‘shiladi.

«Tajribaga ko‘ra, har qanday bo‘linma hujumkor harakatlarda ham, mudofaalanishda ham ishlay olishi kerak, bu taktika masalasi. Ammo desantchilardan mudofaada foydalanish - ayniqsa strategik nuqtayi nazardan qaralganda juda g‘alati ko‘rinadi. Agar gap mudofaadagi manyovrlar haqida ketmayotgan bo‘lsa», deydi harbiy.

«Aftidan, klassik qo‘shma qurolli amaliyot bo‘ladi. «Pion»lar (203-millimetrli o‘ziyurar gaubitsa) va boshqa juda ko‘p artilleriya qurollari olib kelishmoqda», deya qo‘shimcha qilgan ofitser.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

Uning so‘zlariga ko‘ra, «vagnerchilar» («Vagner» va «Liga» nomli xususiy harbiy kompaniyalar a’zolari, Ukraina razvedkasiga ko‘ra, bu guruhlar bosqin boshidan buyon Rossiya armiyasi safida jang qilmoqda va shturmchi piyodalar funksiyalarini bajarmoqda) bilan raqobat ham rossiyalik harbiy ofitserlarning harakati tajovuzkorligini oshirishi mumkin.

OAVda yozilishicha, aynan «vagnerchilar» may oyida Popasnaya muvaffaqiyatli shturm qilinishida, yaqinda esa Uglegir TES egallanishida muhim rol o‘ynagan.

«Vagnerchilar» samaradorlik ko‘rsatmoqda va buning evaziga rag‘batlantirilmoqda. Rossiya armiyachilari ham muvaffaqiyat qozonishni istaydi - bu o‘rinda pul uchun kurash ketishi mumkin», deya taxmin qiladi ukrain ofitseri.

Ehtimoliy hujum yo‘nalishlari

«Uch yo‘nalishda hujum qilish mumkin: Zaporijjyaga, Mikolayiv va Krivoy Rogga hamda Nikopolga. Uchinchi yo‘nalish bo‘lishi ehtimoli yuqori», deya prognoz qiladi Pavel Lakiychuk.

«Krivoy Rog yo‘nalishida zarbdor guruh tashkil qilingani» to‘g‘risida ilk bor 3 iyul kuni Ukraina qurolli kuchlari «Janub» operativ qo‘mondonligi xabar bergandi.

«Rossiyaliklar o‘ylagani shunday: Krivoy Rogga yurish qilib, hududni shimoldan o‘rab olish va Snegirevkadan Mikolayivni chetlab o‘tgan holda Voznesenskka yurish qilish. Ular avval ham shunday qilishgan», degandi Aleksey Arestovich.

Konstantin Mashovets esa rossiyaliklar kuchlarni to‘plashi istiqbolda Zaporijjyaga tahdid solishini aytadi.

«Shaxsan mening fikrimcha, dushman Dneprning ikki sohili bo‘ylab ham shimolga hujum qilishga tayyorlanmoqda. Ya’ni Nikopol-Zaporijjya (o‘ng sohilda) va xuddi shu vaqtda boshqa tomondan (chap sohil bo‘ylab) yana Zaporijjyaga. Ammo bu darhol emas, faqat Janubiy operatsiya zonasidagi «kechiktirib bo‘lmas muammoli masalalar hal qilingani»dan keyin bo‘ladi», deya yozadi Konstantin Mashovets.

Yana bir harbiy sharhlovchi, Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi sobiq zobiti Oleg Jdanov telemarafon efirida rossiyaliklarning asosiy sa’y-harakatlari Mikolayivdan shimoldagi Voznesensk yo‘nalishiga qaratilishini taxmin qildi.

«Voznesensk - urush boshidan buyon ularning siyosiy vazifasi. Ular Xerson-Mikolayiv-Voznesensk bo‘ylab ilgariladi va keyin Odessa va Dnestrbo‘yiga o‘tishga harakat qilishdi. Shuning uchun hozir ham ular urush boshida oldilarida turgan siyosiy vazifalarni bajarish kontekstida nimagadir qodir ekanliklarini namoyish etishmoqchi», deydi Oleg Jdanov.

Dnestrbo‘yiga qadar «yo‘lak ochish»ni mart oyi oxirida Rossiya armiyasi qo‘mondonligi «maxsus harbiy amaliyot»ning maqsadlaridan biri sifatida belgilagandi.

«Dnestrbo‘yiga qadar yorib o‘tish masalasiga kelsak - buni to‘liq istisno etib bo‘lmaydi. Ammo bu holda amaliyot yanada kengroq xarakter kasb etishi kerak bo‘ladi. O‘shanda Mikolayivga hujum qilishdan tashqari, Ukraina sohillari bo‘ylab Odessa yo‘nalishida dengiz-desant amaliyoti o‘tkazish, shuningdek Dnestrbo‘yining o‘zidan qandaydir taktik udarlar berilishi lozim bo‘ladi», deya qayd etadi Pavel Lakiychuk.

«Ukraina qurolli kuchlari Dnestrbo‘yi yo‘nalishida desant amaliyoti va provokatsiyalarga tayyor turibdi va rossiyaliklar bu yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishishi dargumon», deb qo‘shimcha qiladi u.

«Tayyor va tayyorlanmoqda»

Foto: Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi

Aleksey Arestovichning baholariga ko‘ra, Rossiya janubiy teatrda jami 30 ga yaqin batalon-taktik guruhlarni jamlagan.

Bu 20 mingdan ortiq jangchi degani.

Arestovichning so‘zlariga ko‘ra, bu guruhlar jiddiy yo‘qotishlarga uchragan va to‘liq shtat bilan maqtana olmaydi.

«Bu qo‘shinlarning jangovar tayyorgarlik darajasi shubha uyg‘otadi. Ularga odamlar yetishmaydi, ruhiy-psixologik va texnik holati ko‘p narsani orzu qiladi», degan prezident ofisi rahbari maslahatchisi Mark Feygin bilan efirlardan birida.

Shu bilan birga, bu guruhlar hujum harakatlari uchun (mudofaa haqida gapirmasa ham bo‘ladi) yetarli darajada kuchga ega. Ayniqsa, rossiyaliklarning artilleriya va unga o‘q-dorilar borasida hech qayerga yo‘qolib qolmagan ustunligi hisobga olinsa.

Rossiyaliklar xuddi shunday miqdordagi batalon-taktik guruhlar bilan Izyumga muvaffaqiyatli hujum qilishgandi. Keyin bu kuchlar Luhansk oblastining qolgan qismini egallash uchun janglarga yuborildi (to‘g‘ri, Luhansk oblastida rossiyaliklarning batalon-taktik guruhlari soni ko‘proq edi va 50 ga yaqinlashardi).

«Bizga asta-sekinlik bilan artilleriya kelmoqda. Qo‘llar o‘sib bormoqda, yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Ammo rossiyaliklar hamon o‘t ochish kuchida ustunlikka ega», deya tan oladi janubiy yo‘nalishdagi ofitser.

Shu bilan birga, rossiyaliklarning asosiy yo‘nalishi qanday bo‘lishidan (yoki barcha uch yo‘nalishda oldinga siljish) qat’i nazar, so‘nggi oylarda janubda o‘z kuchlarini qarshi hujumga o‘tish uchun jamlagan ukrain armiyasi ham rossiyalik harbiylarni qarshi olishga tayyor.

«Rossiyaliklar hujumga o‘tishga tayyorlanmoqda. Biz ham tayyormiz va tayyorlanyapmiz. Shuning uchun ularni qarshi olamiz», deya anons qiladi Aleksey Arestovich.

Foto: Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi

Ukraina qurolli kuchlarining tayyorgarligi rossiyaliklarning logistika tizimlari bo‘ylab berilayotgan artilleriya zarbalarida aks etadi.

So‘nggi kunlarda ukrain armiyasi Antonov ko‘priklari, rossiyaliklarning Oleshek, Chernobayevka, Nova Kaxovka, Berislava va hatto front chizig‘idan 80 km masofadagi Skadovska hududlaridagi o‘q-dori omborlarini muvaffaqiyatli o‘qqa tutdi.

Ammo eng e’tiborli zarba Xersondan 40 km masofadagi Brilovkada rossiyaliklarning 40 vagonli temiryo‘l esheloni shaxsiy tarkib va o‘q-dorilar bilan birga yo‘q qilinishi bo‘ldi.

Rossiya bu zarba va u haqdagi bayonotni rasman izohlamadi. Shu bilan birga, Rossiyadagi harbiy korrespondentlar ushbu hudud aholisining portlash ovozlari va yong‘inlar aks etgan videolarini o‘z sahifalariga joyladi.

Bundan tashqari, ukrain armiyasi Ingulets daryosining chap sohilidagi Davidov Broda posyolkasidan janubda platsdarmni (tayanch punkti) ushlab turibdi.

Donbass va Xarkiv

Foto: Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi

Rossiyaliklar Ukraina janubida kuchlarini qaytadan to‘plashiga parallel ravishda frontning boshqa uchastkalarida - Xarkiv atrofi va Donbassda ham harbiy harakatlar to‘xtamayapti.

Avgust oyi boshida eng qaynoq nuqtalar Baxmutdan janubdagi Kodema, Gladosovo va Mayskoye qishloqlari, shuningdek, 2014 yilda Donetsk aeroporti uchun janglar vaqtida ukrainlar armiyasining afsonaviy mudofaa nuqtasi bo‘lgan Peski bo‘ldi.

Ukraina mediamakonini «Sarmat» batalonining (56-brigada) 21-alohida motoo‘qchilar brigadasi jangchisi Sergey Gnezdilovning Peski himoyachilari artilleriya ko‘magisiz juda og‘ir ahvolga tushib qolgani to‘g‘risidagi posti hayajonga soldi.

«Siz yo‘qotishlar soni va ulushini hatto tasavvur ham qila olmaysiz. Bu… go‘shtqiymalagichdan o‘tish, batalon bu yerda shunchaki o‘z jasadlari bilan hujumni to‘xtatib turibdi», deya yozgan u.

Keyinroq yordam yetib borgani, dushman esa atigi bir necha yuz metrga ilgarilay olgani ma’lum bo‘ldi.

Bu vaqtda Ukraina armiyasi ham Donbassda raqibga zarbalar berishni davom ettirmoqda - Horlivka yaqinida, Verxnetoretsk ostonasida ukrain harbiylarining artilleriya zarbasi oqibatida «DXR» reaktiv artilleriya divizioni komandiri, «Korsa» laqabi bilan tanilgan Olga Kachura halok bo‘ldi.

Urushga qadar u Donetsk militsiyasida ishlagan va podpolkovnik darajasigacha ko‘tarilgan, ammo 2014 yilda rossiyaparast ayirmachilar safiga qo‘shilgan va o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «respublika»dagi «reaktiv artilleriya divizionidagi yagona ayol komandir» bo‘lgan. Rossiya propagandasi undan «Givi» va «Motorola» darajasidagi media personaj yaratgan.

Umuman olganda, harbiy sharhlovchilarning prognoz qilishicha, asosiy janglar janubga ko‘chgan taqdirda ham Xarkiv oblasti va Donbassdagi front tinchimaydi - Ukraina armiyasi o‘z zaxira kuchlarini janubdagi dashtlarda boshlanayotgan asosiy harbiy harakatlar teatriga o‘tkaza olmasligi uchun rossiyaliklar ukrainlarning pozitsiyalariga bosimni saqlab qolishda davom etadi.

Mavzuga oid