Xitoy: Pelosi tashrifi tufayli Tayvanda boshlangan harbiy mashg‘ulotlar yakunlandi
Pekindagilar AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi munosabati bilan orol atrofida Xitoy qurolli kuchlari boshlagan harbiy mashg‘ulotlar yakuniga yetganini ma’lum qildi.
Pekin Tayvan hududi va uning hukumatini boshqarmasada, orolni Xitoy hududi sifatida ko‘radi, Pelosi xonimning tashrifi esa XXR rasmiylarining g‘azabini keltirgandi.
Shundan so‘ng Xitoy TIV yuqori martabali amerikalikning tashrifi hududiy yaxlitlik va suverenitetga daxl qilish sifatida qaralishini ma’lum qildi va harbiylar manyovrlarni boshlashdi.
Chorshanba kuni Pekin manyovrlar yakunlangani hamda dengizdagi va havodagi mashg‘ulotlar muvaffaqiyatli o‘tganini ma’lum qildi.
Tayvan hukumati Xitoyni manyovrlar niqobi ostida bosqinga tayyorgarlik ko‘rishda ayblagan.
Orol hukumati Pekinning nafaqat Tayvan ustidan, balki Xitoy ustidan hokimiyatini ham tan olmaydi. Pekin esa Tayvanni xalqaro izolyatsiyada qoldirishga erishishni maqsad qilgan.
Nensi Pelosi 1990-yillardan buyon orolga tashrif buyurgan eng yuqori martabali amerikalik siyosatchi bo‘ldi. U Xitoyning ogohlantirishlariga qaramay bu ishni qildi va mintaqadagi vaziyat keskinlashuviga sababchi bo‘ldi.
O‘t ochishlar bilan kechgan manyovrlar chog‘ida xitoyliklarning kemalari suv osti kemalari va dengizdan qilingan hujumga qarshi amaliyotlar o‘tkazish ustida ishlagan.
Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi bayonotida bundan keyin ham «Tayvan bo‘g‘ozida muntazam ravishda harbiy tayyorgarlikni tekshirish orqali patrullik davom etishi» va’da qilingan.
Tayvan mudofaa vazirligiga ko‘ra, chorshanba kuni bo‘g‘ozda xitoyliklarning 36 dona harbiy samolyotlari hamda 10 ta kemasi patrullik qilishda davom etgan.
Bosqin ro‘y berishi mumkinmi?
Chorshanba kuni Xitoyning Tayvan masalasi bo‘yicha boshqarmasi orol harbiy yo‘l bilan bosib olinishi ssenariysini istisno qilishdan bosh tortdi.
«Ayirmachi unsurlar yoki tashqi kuchlar «qizil chiziqlarimiz»ni kesib o‘tsa va provokatsiya bo‘lsa, biz keskin choralar ko‘rishga majbur bo‘lamiz», deyiladi Pekinning 20 yildan ortiq vaqt davomidagi Tayvan bo‘yicha ilk batafsil strategiyasida (hujjat ham chorshanba kuni e’lon qilingan).
Strategiyada Pekinning orol qo‘shib olingan taqdirda u yerga qo‘shinlar joylashtirmaslik va okkupatsiya ma’muriyati o‘rnatmaslik bo‘yicha eski va’dalari eslab o‘tilmagan. Bu shuni anglatishi mumkinki, Pekin orolni egallab olsa, Tayvanga muxtoriyat bermoqchi emas.
Vashington nega kerak?
So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, tayvanliklarning aksar qismi har qanday holatda ham kommunistik Xitoyga qo‘shilishga qarshi.
Tayvan AQSh, Yevropa va Osiyodan keluvchi barcha xorijlik amaldorlar tashrifini qutlaydi, ularning tashriflari Xitoydan himoya kafolati sifatida ko‘riladi.
Shunga qaramay, Tayvan hukumati mamlakatning muhim iqtisodiy hamkori bo‘lib qolayotgan Xitoy bilan ziddiyatni kuchaytirmoqchi emas va bunday tashriflarni cheklashga urinmoqda. Bundan tashqari, Xitoyning materikdagi qismida milliondan ortiq tayvanliklar yashaydi.
Tayvan Xitoyning birlashish haqidagi talablarini rad etadi, biroq orol qurolli kuchlari AQSh yordamisiz qudratli qo‘shnisining ehtimoliy tajovuziga qarshi tura olmaydi. Shu bois orol rasmiylari bosqin ro‘y bergan taqdirda zarur qurollarga ega bo‘lish uchun Vashington bilan munosabatlarni mustahkamlashga harakat qilmoqda.
Mavzuga oid
23:04 / 24.12.2024
Xitoy qutb suvlarida suzishga qodir dunyodagi eng yirik yuk tashuvchi kemani sinovdan o‘tkazdi
21:52 / 24.12.2024
Xitoyda 2027 yil oxiriga borib 5G aloqa tarmog‘idan foydalanuvchilar ulushi 85 foizga yetkaziladi
17:07 / 24.12.2024
Xitoyning O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi hajmi kamaydi
23:24 / 23.12.2024