Jahon | 18:13 / 12.08.2022
24140
5 daqiqa o‘qiladi

«Bu HIMARS emasdi». CNN Olenivka koloniyasidagi portlash bo‘yicha surishtiruvi natijasini e’lon qildi

Rossiyaliklarning Olenivkadagi koloniya Ukraina tomonidan o‘qqa tutilgani to‘g‘risidagi versiyasi rad etildi.

Foto: Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

CNN telekanali «DXR» hududidagi ukrainalik harbiy asirlar, jumladan «Azov» polki jangchilari saqlangan Olenivka qamoqxonasi o‘qqa tutilishi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazdi. 29 iyul kuni bu yerda, RF mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra 50 nafar ukrainalik harbiy asir halok bo‘lib, yana 73 nafari yaralangan. Moskva «qonli qirg‘in» «Zelenskiyning jinoyatkor rejimi» tomonidan uyushtirilgani, ukrainlar koloniyani amerikaliklar yetkazib bergan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi (rossiyalik propagandachilar hatto go‘yoki Olenivka koloniyasi hududidan topilgan raketa parchalari aks etgan videoni tarqatishgan) orqali o‘qqa tutilganini ma’lum qilgan. Kiyevdagilar «asirlarni qiynoqqa solish va qatl etish izlarini yashirish» uchun zarbani Rossiyaning o‘zi berganini iddao qilgan.

CNN ekspertlari Olenivkada hujumdan oldin va keyin olingan hamda ochiq manbalarga joylashtirilgan videolar va fotosuratlarni tahlil qilib shunday xulosaga keldiki, voqealar rivoji bo‘yicha rossiyaliklar keltirgan versiya, katta ehtimol bilan o‘ylab topilgan, omborga HIMARS raketalari bilan zarba berilgani istisno qilinadi.

Halok bo‘lgan asirlar saqlangan barak buzilib ketmagan: devorlar va tomning katta qismi butun qolgan. Bino ichkarisida yong‘in ro‘y berganiga dalillar mavjud.

Qurollar bo‘yicha mutaxassis Kris Kobb-Smit CNN bilan suhbatda aytishicha, HIMARS zarbasi ancha jiddiy zarar keltirgan bo‘lardi. «Videoda voronka ko‘rinmaydi, karavotlar joyidan siljimagan, ustunlar qulamagan, ammo yong‘in oqibatida yetkazilgan jiddiy zarar ko‘rinib turibdi. Agar bu baravar o‘t ochish reaktiv tizimining boshqariluvchi zarbasi bo‘lganida, biz o‘ralarni, devor va shift buzilib ketganini, jasadlar parchalanib yotganiga guvoh bo‘lardik», — degan u. Kobb-Smitning hisoblashicha, binoga raketa tufayli emas, intensiv yong‘in tufayli zarar yetgan.

O‘z versiyasini tasdiqlash uchun CNN Nova Kaxovkadan olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini keltiradi, bu yerda 12 iyul kuni HIMARS tomonidan uchirilgan raketalar rossiyaliklarning o‘q-dori omborlarini portlatgandi — natijada bino o‘rnida ulkan o‘ralar va vayrongarchiliklar yuzaga kelgan.

Nova Kaxovka, 11 iyul
Planet Labs PBC / AFP / Scanpix / LETA
Rossiyaliklarning Nova Kaxovkadagi sanoat zonasida joylashgan o‘q-dori ombori portlashdan keyin. 12 iyul
Planet Labs PBC / AFP / Scanpix / LETA

Kobb-Smit HIMARS raketalari qoldiqlari sifatida ko‘rsatilgan parchalar rossiyalik jurnalistlar tomonidan voqea joyining o‘zida tasvirga olinmaganini ham g‘alati deb atadi. «Har qanday surishtiruvning asos elementi o‘q-dori qoldiqlarini topilgan joyida tasvirga olib, vizual dalillar to‘plash hisoblanadi», — deya qayd etadi ekspert.

AQSh rasmiy shaxslari ham Olenivkada amerikaliklarning baravar o‘t ochish reaktiv tizimi qo‘llangani to‘g‘risidagi versiyani inkor etgan. «Bu aniq HIMARS emasdi», — degan CNN bilan suhbatda shaxsini oshkor etishni istamagan yuqori martabali mulozim.

«Portlovchi moddalar bo‘yicha ekspertlarimizga bu tashqaridan yo‘llangan fugas portlashi emasligi ayon bo‘ldi. Katta ehtimol bilan, bu binoga ichkaridan o‘t qo‘yilishi bo‘lgan», — degan G‘arbdagi yana bir manba.

Bundan tashqari, CNN so‘roviga javob bergan tahlilchilar Ukraina front chizig‘idan atigi 15 kilometr masofada joylashgan Olenivkadagi koloniyaga hujum qilish uchun HIMARS orqali o‘t ochishi mantiqsizlik bo‘lishini aytishgan. HIMARS — uzoq masofadagi nishonlarga zarba berish uchun qo‘llanadigan qimmatbaho qurol hisoblanib, uch 300 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni yo‘q qilishga qodir. «Uni [HIMARS] bunday qo‘llashdan ma’no yo‘q. Ukrainlarda bunday qisqa masofa uchun boshqa qurollar bor», — degan CNN’ga NATO rasmiy vakili.

Mavzuga oid