Sport | 16:56 / 12.08.2022
11463
8 daqiqa o‘qiladi

Yoqimsiz haqiqat: Arnautovich transferi haqidagi gaplar «MYu» endi top-klub emasligini ko‘rsatmoqda

«Bolonya»ning 33 yoshli hujumchisi Marko Arnautovichni o‘z safiga qo‘shib olishga urinish «Manchester Yunayted» muxlislarini ranjitdi. Ular o‘zlarini klub tomonidan masxara etilgandek his qilishmoqda. Ammo yoqimsiz haqiqat shuki, «Manchester Yunayted» endi top-klublar qatoridan chetga chiqqan ko‘rinadi.

Erik ten Hag («Manchester Yunayted» bosh murabbiyi)

GOAL nashri «Manchester Yunayted»ning transfer bozoridagi faoliyati va ten Hag duch kelayotgan muammolar to‘g‘risida tahliliy maqola e’lon qildi.

«Manchester Yunayted» tomonidan Arnautovichga qiziqish paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgach, ijrochi direktor Richard Arnold g‘azabnok fanatlarning norozilik xatlariga ko‘mildi. Vaqt ko‘p narsani hal qiladi, ammo «Brayton»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyingi kunlar 33 yoshli futbolchi transferi haqidagi xabarning mavridi emasdi. Muxlislar o‘zlarini klub tomonidan masxara etilgandek his qilishdi.

Arnautovichning amalga oshmay qolgan transferi endi «Old Trafford»da hamma narsa yuz berishi mumkinligini, klubda A, B va hatto C rejasi ham yo‘qligini, bu esa ketma-ket xatolarga yo‘l qo‘yayotgan klub umidsizlikka tushib qolganini anglatardi.

Asosiy nishon Darvin Nunes ekani haqidagi xabarlar bilan boshlangan yoz faoliyatining oxiriga yaqinlashayotgan futbolchi bilan yakunlanmoqda. Nahotki «Manchester Yunayted» uni markaziy hujumchi sifatida asosiy tarkibda tushirishni maqsad qilgan bo‘lsa?! Balki gap faqat tanalar haqida ketayotgandir... Futbolkalarni to‘ldirish uchun kerak bo‘lgan tanalar haqida.

Aslida, agar «Manchester Yunayted» uni to‘rt yil oldin, Joze Mourino tomonidan Zlatan Ibrahimovichga o‘rinbosar sifatida ko‘rib chiqayotganda sotib olganida, yoqimli transfer bo‘lishi mumkin edi.

Marko Arnautovich («Bolonya» hujumchisi)

Arnautovich o‘zini Premer-Liganing o‘rta va past darajadagi klublarida to‘purar sifatida namoyon qildi. «Yunayted»ning hozirgi trayektoriyasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, balki rahbariyat uni jamoaga mos hujumchi deb hisoblagan bo‘lishi mumkin.

Ammo bu transfer yoshi o‘tib borayotgan yana bir hujumchining jamoaga qo‘shilishini anglatardi. Xuddi Odion Igalo, Edinson Kavani yoki Krishtianu Ronaldu kabi. So‘nggi ikkalasi bilan uni umuman taqqoslab bo‘lmaydi.

Bu navbatdagi muvaffaqiyatsiz transfer oynasidan keyingi umidsiz harakatlar edi, chunki «Yunayted»ning hujumchi izlash jarayoni Nunesdan Entoniga, keyinchalik Benjamin Sheshkoga va nihoyat Arnautovichga o‘tdi.

«Yunayted» ko‘zlagan hujumchi Sheshko «RB Leypsig»ga o‘tmoqda. Yana bir reja changga aylandi. Ammo u transfer oynasi ochilganda asosiy nishon emasdi va muzokaralar kech boshlangandi.

Nunes transferiga aloqador manbalarga ko‘ra, «Yunayted» uning transferi bo‘yicha muzokaralarni «Liverpul»dan oldin boshlagan, ammo sust harakat qilgan.

Bu yerda yana bir omil bor – xarajatlar. «Zalsburg» Sheshko uchun 50 million funt so‘ragan, bu juda yuqori narx hisoblanadi. Nunesning narxi 85 mln funt ekanini bilgach, «Manchester Yunayted» uning uchun kurashga qo‘shilmaslikka qaror qilgan.

Taxminan 8 million funt turadigan Arnautovich ancha arzon variant bo‘lib ko‘ringandi. Bu esa g‘azablangan «Yunayted» muxlislarini Gleyzernomika haqida yana gapirishga majbur qildi.

Fanatlarning «Manchester Yunayted» egalari – Gleyzerlar oilasiga qarshi norozilik namoyishi

Yozda Pol Pogba, Kavani, Xuan Mata, Nemanya Matich va Jyessi Lingard kabi yuqori maosh oluvchi futbolchilar ketishi tufayli klub xarajatlari ancha qisqardi. Biroq, ularning o‘rnini to‘ldiradiganlar hamon yo‘q.

Budjetning katta qismi Frenki de Yong uchun zaxira qilingani bois, sifatli hujumchi uchun mablag‘ kamdek tuyulmoqda. Ammo de Yong boshqa masala.

So‘nggi kunlarda Frenkining kamida to‘rtta muqobil variantiga qiziqish paydo bo‘ldi: Fabian Ruis, Adrian Rabio, Gvido Rodriges va Sergey Milinkovich-Savich.

Manbalarga ko‘ra, agar de Yong transferi amalga oshmasa, «Yunayted» ko‘plab zaxira variantlari bilan kelishib qo‘ygan. Ammo niderlandiyalik futbolchi bilan taqqoslash mumkin bo‘lgan Ruisga kelsak, «Yunayted» uni ham qo‘ldan chiqargan ko‘rinadi. Chunki «Napoli» yarimhimoyachisi «PSJ» bilan shartnoma imzolashga yaqin.

Shunga qaramay, bularning barchasi so‘nggi to‘qqiz yil davomida o‘zining kadrlar bo‘limini «qayta ta’mirlash» uchun katta mablag‘ sarflagan klub uchun nihoyatda boshboshdoqlik bo‘lib ko‘rinyapti.

Bosh skaut Jim Loulor va global skautlik bo‘limi rahbari Marsel But kabi asosiy xodimlarning ketishi jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi kerak edi. Bosh muzokarachi Mett Jaj ham ketdi. Arnold esa futbol direktori Jon Mertouga har qachongidan ham ko‘proq vakolat berdi. Shunday bo‘lsa-da, ten Hagning muvaffaqiyatsizligida aynan «Yunayted» skautlari va tahlilchilari ayblanmoqda.

Richard Arnold («Manchester Yunayted» ijrochi direktori)

Ruis, Rabio, Rodriges, Milinkovich-Savich... «Yunayted» butun yoz davomida de Yongga muqobil variantlar izladi, ammo ular bilan shartnoma imzolashi mumkinligiga ishonmadi. Bu esa yondashuv boshboshdoqlik bilan qilinayotgani haqida tasavvur uyg‘otmoqda. Ko‘plab klublar bundan foyda olishlari mumkinligini his qilishyapti.

«U diqqat e’tiborini faqat Tayrell Malasiya, Lisandro Martines, Kristian Eriksen, Entoni va de Yong kabi ilgari birga ishlagan yoki Niderlandiya futboli bilan aloqasi bo‘lgan futbolchilarga qaratdi. Hatto Arnautovich bilan ham 10 yil oldin «Tvente»da birga ishlagan.

«Yunayted» rekruting jamoasi ularning o‘rniga qanday nomlarni taklif qildi? Arnautovich kelishuvi osmonga ko‘tarilgan narxlar va muxlislarning noroziligi tufayli bekor qilinganidan keyin endi ular kimni olmoqchi?» deb yozdi GOAL nashrining «Manchester Yunayted» xabarlariga ixtisoslashgan jurnalisti Jyeyms Robson.

«Brayton»ga qarshi o‘yin arafasida ten Hag faqat «jamoaga kerakli» futbolchilar bilan shartnoma imzolashi va agar maqsadga erisha olmasa, qo‘l ostidagi futbolchilar bilan kifoyalanishini aytgandi.

Bir necha kun ichida ko‘p narsa o‘zgardi. «Brayton»dan uchralgan mag‘lubiyat ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Niderlandiyalik mutaxassis 1:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, bu «juda mashaqqatli ish» ekanini aytdi.

Ten Hag o‘zidan oldingi murabbiylar singari endi «Yunayted» futbolchilar uchun avvalgidek jozibaga ega emasligini tushundi. Ehtimol, hozir Devid Moyyes, Lui van Gaal, Joze Mourino yoki Ole-Gunnar Sulsher davridan ham kamroq jozibaga ega bo‘lishi mumkin.

Erling Holand uchun Manchesterning faqat «ko‘k» jamoasi qiziqroq edi. Nunes uchun «Liverpul»ning atigi bitta nigohi kifoya qildi va u «Enfild»ni tanladi. De Yong «Barselona»da qolish uchun qattiq kurashyapti. Hatto Eriksen ham «Brentford»dan ko‘ra «Yunayted»ni tanlashga shoshilmadi.

2022 yilga kelib «Manchester Yunayted» mana shunday ahvolga tushdi. Yoqimsiz haqiqat shundaki, ular Premer-Liganing haqiqiy elitasidan farqli bozorda xarid qilishmoqda.

Mavzuga oid