O‘zbekiston | 16:03 / 17.08.2022
12406
1 daqiqa o‘qiladi

Andijonda 28 tup qimmatbaho daraxt kesib tashlandi

Shahrixondagi yo‘l bo‘yida archa (mojjyevelnik) manzarali qimmatbaho daraxtlari kesib tashlanib, o‘simlik dunyosiga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan. Daraxtkushlikni yana obodonlashtirish xodimlari qilgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan kadr

Andijon viloyati Shahrixon tumanida, Qo‘rg‘oncha mahallasi hududidan o‘tgan A373-Andijon–Toshkent avtomagistral yo‘lining o‘ng tomonida joylashgan archa (mojjyevelnik) manzarali qimmatbaho daraxtlaridan jami 28 tupi tuman obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari tomonidan kesib yuborilgan.

Viloyat Ekologiya boshqarmasiga ko‘ra, daraxtlarni kesish uchun ruxsatnoma olinmagan.

O‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni undirish miqdori hisob-kitob qilinganda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani aniqlangan. Holat tuman prokuraturasiga oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yil boshida Andijon shahar perinatal markazi hududida qimmatbaho daraxt navlari ro‘yxatiga kiritilgan 12 tup eldor qarag‘aylari noqonuniy ravishda kesilgan, holat bo‘yicha Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Kun.uz bu jinoyat ishi nima bilan yakun topgani bo‘yicha surishtiruv olib bormoqda.

Mavzuga oid