O‘zbekiston | 08:17 / 17.08.2022
15031
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda YTH oqibatida 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi Yevropaga qaraganda to‘rt baravar yuqori 

2022-2026-yillarda O‘zbekistonda o‘smirlar salomatligi va farovonligini mustahkamlash bo‘yicha milliy harakatlar strategiyasi loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Shutterstock

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘smirlar salomatlik holatiga oid so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, ularda barcha sabablardan o‘lim darajasi 100 000 kishiga 47,2 ni tashkil etadi.

Yo‘l-transport jarohatlari 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘limining birinchi sababi bo‘lib, OIV/OITS, sil va oshqozon-ichak kasalliklarini birlashtirgandan ko‘ra ko‘proq o‘limga olib kelgan. O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalari oqibatida 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi Yevropa mamlakatlariga qaraganda to‘rt baravar yuqori.

Hujjatda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda 10-18 yoshli o‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish va o‘ziga zarar yetkazish oqibatida o‘lim darajasi Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. 2016 yilda o‘z joniga qasd qilish va o‘zini qasddan jarohatlash oqibatida vafot etganlar eng katta qismini 15-19 yoshdagi o‘g‘il-qizlar tashkil etdi. 

10-19 yoshlilar guruhida o‘z joniga qasd qilish va o‘zini qasddan jarohatlash natijasida o‘lgan erkaklar qariyb 74 foizini 15-19 yoshdagi o‘g‘il bolalar, shu yosh guruhidagi (10-19 yosh) qizlar esa o‘z joniga qasd qilganlar va o‘zini qasddan jarohatlash oqibatida o‘lgan ayollar qariyb 80 foizini tashkil etadi.

O‘smirlarning ovqatlanishi bilan bog‘liq muammolar dolzarbligicha qolmoqda. 2017 yilda o‘tkazilgan ovqatlanish bo‘yicha tadqiqotlarga ko‘ra, 5-19 yoshdagi bolalar va o‘smirlar orasida ortiqcha vazn paydo bo‘lishi o‘g‘il bolalar o‘rtasida 8,4 foizdan 16,3 foizga, qizlar o‘rtasida 11 foizdan 17 foizga, semizlik esa o‘g‘il bolalarda 2 foizdan 5 foizgacha va qizlarda 1 foizdan 3 foizgacha o‘sdi. Qizlar o‘rtasida noto‘g‘ri ovqatlanish va mikroelementlar yetishmasligi kelajakdagi homiladorlik og‘ir asoratlariga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid