Jahon | 07:53 / 20.08.2022
4892
2 daqiqa o‘qiladi

Chernogoriya hukumatiga ishonchsizlik votumi e’lon qilindi

Serb pravoslav cherkovi bilan kelishuv imzolanganidan bir necha hafta o‘tib Chernogoriya assambleyasida parlament tomonidan hukumatga ishonchsizlik votumi bo‘yicha ovoz berish jarayoni o‘tkazildi.

Dritan Abazovich / Foto: Picture Alliance

20 avgust, shanbaga o‘tar kechasi, Chernogoriya assambleyasi sayti xabariga ko‘ra, bosh vazir Dritan Abazovich boshchiligidagi Chernogoriya hukumatiga mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan ishonchsizlik votumi bildirildi. Bu Chernogoriya va Serb pravoslav cherkovi (SPCh) o‘rtasida kelishuv imzolanganidan uch hafta o‘tmasdan sodir bo‘ldi.

Bosh vazir Abazovich va Serbiya patriarxi Porfiriy tomonidan imzolangan kelishuvga binoan, Chernogoriyadagi SPChning huquqiy maqomi tasdiqlandi, tegishli mulk kafolatlari berildi va uning ayrim maxsus huquqlari bekor qilindi.

Abazovichning so‘zlariga ko‘ra, qabul qilingan kelishuv boshqa muhim masalalarga e’tibor qaratish uchun Chernogoriyadagi SPCh mulkiga oid barcha cherkov nizolarini hal qilishga yordam berishi kerak. Tanqidchilar fikricha, boshqa diniy jamoalardan tashqari, SPCh bilan maxsus kelishuvga ehtiyoj yo‘q edi.

Hukumatning qulashi muddatidan oldin parlament saylovlariga olib keladimi yoki Chernogoriya assambleyasini tashkil etuvchi partiyalar yangi hukmron koalitsiya tuzishga harakat qiladimi, hozircha aniq emas.

36 yoshli Dritan Abazovich 2022 yilning 28 aprelida Podgoritsadagi hukumat tepasiga keldi. Chernogoriya prezidenti Milo Jukanovich singari u g‘arbparast siyosatchi sanaladi.

2006 yilda Chernogoriya Serbiya bilan davlat ittifoqini tark etgach, Belgrad hukumati SPCh, shuningdek, serbparast mahalliy siyosiy partiyalar va tashkilotlardan foydalanib, Chernogoriyadagi ta’sirini kuchaytirishga harakat qildi.

Taxminan 620 ming aholiga ega Chernogoriya 2017 yildan beri NATO a’zosi bo‘lib, YeIga a’zo bo‘lishga intilmoqda, biroq bunga Bolqon davlatidagi siyosiy kelishmovchiliklar to‘sqinlik qilyapti. SPCh Chernogoriyadagi eng nufuzli diniy tashkilotdir.

Mavzuga oid