O‘zbekiston | 14:48 / 23.08.2022
58151
9 daqiqa o‘qiladi

“Plan”ga tushgan yigit, bir harf uchun o‘qilgan hukm - Toshkent tuman IIB xodimlari va sudyalari uchun odamlar taqdiri ikki chaqa

Ayrim tergovchi va sudyalar shaxmat o‘yinchisiga o‘xshaydi: odamlar taqdirini istasa oq, istasa qora katakka suradi. Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi shunday “o‘yinchilar” 20 yoshli yigitni davlat dushmaniga, aybsiz erni esa aybdorga chiqarishdi.

Foto: Kun.uz

Sud hukmi o‘qiladi, jazo tayin. Ayblanuvchi adolat binosida adolat istab, atrofga umidvor boqadi. Afsuski, u o‘ziga oldindan hukm chiqarilganini, sud majlisi o‘sha hukmni rasmiylashtirib qo‘yish uchun o‘tkazilgan spektakl ekanini sezmaydi, hatto.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tuman sudida bu kabi holatlar oddiy holga aylanib qolgan. Buni mazkur sudning oxirgi 4-5 oydagi ikkita ishi misolida ko‘rish mumkin.

Davlat dushmaniga aylantirilgan yigit

20 yoshli Abdurahim Abdug‘aniyev do‘konda sotuvchilik bilan shug‘ullanib kelgan. 2022 yilning 7 aprel kuni Toshkent tuman IIB TEQKB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Abdurahimning uyali telefoni ko‘zdan kechiriladi. Tekshiruv jarayonida telefon xotirasida taqiqlangan diniy materiallar borligi, Abdurahim ularni Telegram orqali tanishiga jo‘natgani aniqlanadi.

Abdurahimning yaqinlari va advokati tergov va suddan mutlaqo norozi. Aytishlaricha, tuman IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Abdurahimning bo‘yniga bu ayblovni “ilish” uchun ko‘plab protsessual normalarni buzishgan, jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazishgan.

Toshkent tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant M.Hamidov ayblov xulosasini yozishda shunchalar qattiq “ijod” qiladiki, Abdurahimdan dahshatli vatan xoinini “yasaydi”. Xususan, tergovchi tomonidan 20 yoshli yigitning bo‘yniga Jinoyat kodeksining 159-modda 1-qismi, 159-moddasi 1-qismi “a” bandi, 159-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 244¹-modda 3-qismi “g” bandi ilib qo‘yiladi.

Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan ochiq da’vat qilish, shuningdek, bunday mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatishda ifodalangan jinoyatlar uchun jazoni nazarda tutadi.

Ma’lumot va o‘quvchi qiyoslab olishi uchun: joriy yil iyul oyi boshlarida Qoraqalpog‘istonda 20 ga yaqin insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan namoyish va tartibsizliklar tashkilotchilariga Jinoyat kodeksining aynan shu 159-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ammo, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tuman sudi sudyasi S.Muhamedov maydalashib o‘tirmadi. 2022 yilning 4 avgust kungi hukm bilan Abdurahim Abdug‘aniyevni Jinoyat kodeksining 159-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 244¹-modda 3-qismi “g” bandi bilan aybli deb topdi va uzil-kesil 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Ayblov xulosasi va sudning hukmidan ko‘rinadiki Abdurahim Abdug‘aniyevni Jinoyat kodeksining 159-moddasida ko‘rsatilgan, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish jinoyatini sodir qilgani birorta aniq dalil bilan isbotlanmagan. Bu – tergovchi M.Hamidov va sudya S.Muhamedov ayblanuvchiga aynan ushbu moddani atay qo‘llash orqali unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan og‘ir jazo tayinlashni oldindan rejalashtirgan, degan fikrni uyg‘otmay qolmaydi. Ularning mazkur harakati yaqin o‘tmishdagi dahshatli kunlarni yodga soladi.

Ayblov xulosasi va sud hukmida keltirilishicha, Abdurahim Abdug‘aniyev taqiqlangan material ekanini bilmagan holda uni internetdan yuklab (“skachat”) qilib olganini, keyin ikki tanishiga yuborganini aytgan. Bor gap shu.

Aslida, diniy mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatish jinoyat emas, ma’muriy huquqbuzarlik. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184²-moddasiga binoan, bu huquqbuzarlik tegishli vositalarni musodara qilgan holda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar bu qilmish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 244³-moddasiga asosan BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi.

Shundan tushunib olsa ham bo‘ladiki, tergovchi va sudyada bordi-yu Abdurahimga 159-modda tirkalmasa u bor-yo‘g‘i ma’muriy bilan “qutulib” ketadi degan, qo‘rquv bo‘lgan.

Abdurahim Abdug‘aniyev muqaddam sudlanmagan. Diniy oqim a’zosi sifatida profilaktik ro‘yxatlarda ham turmagan. Tergovchi va sudyaning ochiqchasiga “adashib”, hali yosh bo‘lgan yigitning taqdiriga daxl qilishlariga kim yoki nima sabab bo‘lgani noma’lum. Yoki IIB xodimlariga bu yo‘nalishda ham “plan” to‘ldirish topshirilganmikan?

Abdurahimning musibatda qolgan ota-onasi odil sudlovdan adolat va shafqat istab apellyatsiya shikoyati kiritgan.

Bir insonni juvormarg qilayotgan “i” harfi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tumani sudining navbatdagi “qovun tushirishi” er-xotin o‘rtasidagi janjal bilan bog‘liq.

Asli Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan Abror Shamarov 2011 yilda o‘zbekistonlik qiz bilan nikohdan o‘tadi. Ma’lum sabablarga ko‘ra er-xotin ajrashishgan va 4 farzanddan 3 nafari ota bilan yashayotgandi. 2021 yilning 30 noyabr kuni Abror bolalarini ko‘rish uchun kelgan turmush o‘rtog‘i bilan tortishib qoladi va tortishuv vaqtida uning tilidan “harom” degan so‘z ishlatiladi. Turmush o‘rtog‘ini haqorat qilgani uchun avval ham MJtKning tegishli moddasi bilan ma’muriy jazoga tortilgan Abrorga shu so‘z qimmatga tushdi.

Ayol IIBga murojaat qiladi va endi unga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi 1-qismi (haqorat qilish) bilan ish qo‘zg‘atiladi.

Ma’lumot uchun, Abror Shamarovni Toshkent tuman IIB xodimlari azaldan ta’qib qilib keladi. Imkoniyat bo‘ldi degunicha unga ziyon yetkazish payida bo‘lishadi. Kun.uz ixtiyorida buni asoslashga yetarli dalillar bor.

Ishni ko‘rib chiqqan JIB Toshkent tuman sudi sudyasi Abror Shamarovni Jinoyat kodeksining 140-moddasi 1-qismi (haqorat qilish) bilan aybli deb topdi va 5,7 mln so‘m jarima jazosi tayinladi.

Toshkent viloyati sudi jinoiy ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ish qayta ko‘rilib, Toshkent tumani sudining chiqargan hukmi bekor qilingan hamda Shamarov oqlanib, adolat tiklanganday bo‘lib turgan edi.

Ammo Oliy sud kassatsiya instansiyasi oqlovni bekor qilib, qayta ko‘rish uchun ishni apellyatsiya instansiyasiga yubordi. Shu zaylda bir so‘z yoki bir harf qiymati insonlar taqdirida aks etmoqda.

Adolat qila olmaydigan sud esa ishni u instansiyadan bu instansiyaga otib, o‘yinchoq qilishdan bo‘shamayapti.

Darvoqe, Shamarovga nisbatan oqlov hukmida ta’kidlanishicha, dastlabki tergov organi va birinchi instansiya sudi Oliy sud Plenumi qarorlari tushuntirishlariga rioya qilmasdan, Abror Shamarovni ayblash uchun (!) faqatgina guvohlarning isbotini topmagan ko‘rsatuvlarini asos qilib olgan.

Bundan tashqari, sudga oid lingvistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, taqdim etilgan diskdagi videolavhada Abror Shamarov turmush o‘rtog‘i bilan tortishuvda “haromi” so‘zini ishlatmagani, “harom” so‘zini shar’iy nuqtayi nazardan taloq ma’nosiga tenglashtirib qo‘llagani aniqlangan.

Bu – tergovchi xayol surib tergov qildi, sudya esa “osmonga qarab” hukm chiqardi, degani.

O‘z istagiga qarab ish ko‘radigan, IIB tergovchilari va sudyalar bor ekan, tizimda adolatsizliklar davom etaveradi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid