Sirdaryoda portlagan avtobus bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilindi
«O‘zavtosanoat» Sirdaryo viloyatida «Isuzu» avtobusining gaz balloni portlagani yuzasidan rasmiy munosabat bilan chiqdi.
18 avgust kuni Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida «Isuzu» rusumli avtobusga o‘rnatilgan gaz balloni portlashi oqibatida 6 nafar inson vafot etib, 15 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olgandi.
Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida, «O‘zavtosanoat» tizimidagi komplaens xizmati xodimlari hamda «Samarqand avtomobil zavodi» mas’ul xodimlari zudlik bilan joyiga borishgan.
Qayd etilishicha, 18 avgust kuni 14:30 larda Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida joylashgan, «Nur Trans Gaz» MChJ gaz to‘ldirish shoxobchasi hududida davlat raqami 90 946 WAA bo‘lgan «Isuzu SAZ NP21» rusumli avtobusning ust qismiga o‘rnatilgan gaz ballonlaridan biri portlagan.
«Mazkur avtobus dizel yonilg‘isida harakatlanishga moslashgan holda, 2012 yilda «Samarqand avtomobil zavodi» MChJ QKda ishlab chiqarilib, MChJning Xorazm viloyatidagi rasmiy dileri orqali sotilgan.
Keyinchalik, avtobusni sotib olgan korxona tomonidan 2014 yilda 60 litr sig‘imli, 6 dona gaz balonlar avtobus konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritilgan holda, avtobusning ust qismiga o‘rnatilgan.
Bundan tashqari, ushbu avtobus bir yillik kafolat davrida kafolat talablari bo‘yicha belgilangan davriy ko‘rikdan o‘tkazish masalasida rasmiy dilerga murojaat qilmagan», deyiladi ma’lumotda.
Ta’kidlanishicha, kafolatli xizmat ko‘rsatish sohasi siyosatiga ko‘ra, avtobus konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritilgan hollarda, berilgan kafolat doirasidan o‘z-o‘zidan chiqib ketadi.
Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksi 262-moddasi (Transportni ta’mirlash yoki uni foydalanishga chiqarish qoidalarini buzish) 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mavzuga oid
21:21 / 13.11.2024
Urganchga Xitoydan 30 dona zamonaviy avtobus olib kelindi
20:17 / 13.11.2024
Pokistonda to‘y avtobusi daryoga qulashi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi
09:26 / 13.11.2024
Toshkentda yana 7 ta ko‘chada avtobus yo‘laklari joriy etiladi
23:06 / 11.11.2024