Jahon | 12:53 / 27.08.2022
32973
16 daqiqa o‘qiladi

Lamborghini tarixi: Traktorsoz usta nega qimmatbaho sport avtomobillari ishlab chiqaruvchi kompaniyaga asos solgandi?

1960-yillar boshida traktor ishlab chiqaruvchi italiyalik tadbirkor o‘zi boshqarib yurgan mashinadagi nosozlik haqida aytish uchun Ferrari kompaniyasiga boradi. U yerda kompaniya egasi unga qo‘pol muomalada bo‘ladi. Bundan jahli chiqqan tadbirkor qimmatbaho sport avtomobillari ishlab chiqaruvchi kompaniyani tashkil etadi.  U Ferruchcho Lamborjini edi.

Foto: touringsuperleggera.eu

Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin 10-15 yil o‘tib dunyoning aksariyat davlatlari keskin iqtisodiy rivojlana boshlaydi. Odamlarning daromadi va shunga yarasha turmush tarzi ham yaxshilanib borar ekan, ularning ehtiyojiga hamohang tarzda ko‘plab yangi texnikalar kashf etiladi, borlari takomillashtiriladi.

1950-yillarda Yevropada boshqa sohalar kabi avtomobilsozlik sanoati ham tez sur’atlarda rivojlana boshlaydi. Ehtiyojga qarab qimmat sport avtomobillari ishlab chiqarish ko‘payadi. O‘sha paytda bir nechta avtomobilsozlik kompaniyalari sportga ixtisoslashgan mashinalar ishlab chiqarar, ularning orasida Italiyada ishlab chiqariladigan Ferrari eng mashhuri edi.

Ana shunday sharoitda sport avtomobillari bozorida yangi kompaniya paydo bo‘ladi va sport avtomobillari ixlosmandlari uchun mashinalar ishlab chiqara boshlaydi. Bu Automobili Lamborghini S.p.A. kompaniyasi edi.

Automobili Lamborghini S.p.A. ning ilk zavodi / Foto: touringsuperleggera.eu

Ferruchcho Lamborjini

Italiyalik taniqli tadbirkor Ferruchcho Lamborjini 1916 yilda Italiyaning Adriatika dengiziga tutash Ferrara provinsiyasidagi qishloqlardan birida, fermer oilasida tug‘iladi.

Ferruchcho bolaligida turli texnikalarga juda qiziqqani uchun otasi unga ferma hududida kichik ustaxona ochib beradi. Kunlardan bir kun u ustaxonani yoqib yuborishiga sal qoladi. Shundan so‘ng ustaxona vaqtinchalik yopiladi.

Ikkinchi jahon urushi davrida Ferruchcho harbiy texnikalar ishlab chiqaradigan zavodlardan birida ishlaydi. Urushdan so‘ng u qishlog‘iga qaytib keladi va qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish maqsadida Lamborghini Trattori S.p.A. kompaniyasini tashkil etadi.

1949 yilda kompaniya o‘zining ilk traktorini ishlab chiqara boshlaydi. Kompaniyada sanoqli xodim ishlar va Lamborjinining o‘zi bosh usta sifatida traktorlarni yig‘ishda ishtirok etardi.

Ferruchcho Lamborjini / Foto: alamy.com

O‘sha paytda urushda mag‘lub bo‘lgan Italiya iqtisodiyoti endi tiklanayotgan va mamlakat qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun ko‘plab traktorlar kerak edi. Ana shunday vaziyatdan Lamborjini foydalanib qoladi va kompaniyasini ancha rivojlantirib oladi. Lamborghini Trattori S.p.A. kompaniyasi kengayib, uning aylanma mablag‘i ortadi.

Lamborghini avtomobillarining ishlab chiqarilish tarixi

1950-yillarning oxiriga kelib Ferruchcho Lamborjini bir nechta kompaniya egasiga aylanib ulgurgan, asosiy sohasi hanuz traktor ishlab chiqarish edi. O‘sha paytda uning garajida boshqa boylarda bo‘lgani kabi bir nechta qimmatbaho avtomobillar bor edi.

U Mercedes 300SL, Maserati 3500 GT, Jaguar E-type va Ferrari 250 GT mashinalarini minar va ularning orasida eng sevimlisi Ferrari 250 GT edi. U shu avtomobili tufayli Ferrari kompaniyasi Enso Ferrari uning nafsoniyatiga tegadigan gaplar gapiradi.

Ferrarining haqoratomuz gaplariga chiday olmagan Ferruchcho unga o‘zining kim ekanligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ladi va qimmatbaho sport avtomobillari ishlab chiqaradigan zavod ochishga qaror qiladi.

Ferruchcho Lamborjining o‘g‘li keyinchalik Enso Ferrari nega otasining nafsoniyatiga tekkanini hikoya qilib bergan.

Unga ko‘ra, kunlardan bir kun Ferruchcho o‘zi minib yurgan Ferrari 250 GT’ning biriktiruv pedalida kichik nosoz borligini sezib qoladi. Surishtirib ko‘rganida shu rusumdagi boshqa avtomobillarda ham shunday nosozlik borligi ma’lum bo‘ladi. Ferrari 250 GT zavoddan kichik nosozlik bilan ishlab chiqarilgan.

Shundan so‘ng u Ferrari rahbari Enso Ferrari bilan uchrashib o‘zi aniqlagan nosozlik haqida xabar bermoqchi bo‘ladi.

Ferruchcho Ensoning oldiga borib Ferrari 250 GT avtomobili zavoddan biriktiruv pedalidagi nosozlik bilan chiqarilayotgani haqida aytadi. Garchi Ferruchcho do‘stona ohangda gapirgan bo‘lsa ham, uning gaplari Enso Ferrariga yoqmaydi.

Ferruchcho Lamborjinining traktor ishlab chiqaruvchi kompaniya egasi ekanini bilgan Enso Ferrari unga qo‘pol muomalada bo‘ladi.

U Ferruchchoga sport avtomobillari sohasida hech narsani bilmasligini, borib «traktorlari bilan o‘ralashishini va tushunmagan narsasiga tumshug‘ini tiqmasligini» aytadi.

Ferrarining qo‘pol muomalasidan qattiq xafa bo‘lgan Ferruchcho o‘sha kunning o‘zidayoq Ferrari 250 GT’ni traktor ishlab chiqarilayotgan korxonaga olib boradi. Zavod xodimlari uni qismlarga ajratishadi. Shunda Ferrari 250 GT va Lamborghini traktorlarining ehtiyot qismlari qariyb bir xil ekani, faqat o‘lchamlari farq qilishi ma’lum bo‘ladi.

Korxona ishchilari Ferruchchoning ko‘z o‘ngida Ferrari 250 GT qayta yig‘ishadi va uning nosoz joyini osongina to‘g‘rilab berishadi.

Shundan so‘ng u avtokorxona ochishga qaror qiladi va yangi rusumdagi qimmatbaho sport avtomobili loyihasi ustida ishlay boshlaydi. Maqsadi, Ferrari 250 GT’dan ham zo‘r bo‘lgan sport avtomobillarini ishlab chiqarish edi.

Ferruchcho Lamborjini / Foto: zoomit.ir

Avtomobilsozlik kompaniyasining tashkil etilishi

1963 yilda Ferruchcho Lamborjini Automobili Lamborghini S.p.A. kompaniyasini tashkil etadi. Yangi avtomobillarga dvigatel ishlab chiqarish uchun u Ferrari kompaniyasiga bir nechta dvigatel loyihasini tayyorlab bergan iste’dodli muhandis, Bizzarrini S.p.A kompaniyasining egasi Jotto Bitssarinini taklif etadi.

1963 yil oktyabr oyida Automobili Lamborghini S.p.A. o‘zining ilk avtomobili Lamborghini 350 GTV’ni Turindagi avtoshouda namoyish etadi. Bu avtomobil yagona nusxada bo‘lib, keyinchalik u Lamborghini 350 GT avtomobillarini ishlab chiqarish uchun asos bo‘ladi.

Lamborghini 350 GT / Foto: granturismoevens.com

Oradan bir yil o‘tib, kompaniya Lamborghini 350 GT avtomobillarini seriyali tarzda ishlab chiqara boshlaydi.

Ferruchcho ilk avtomobiliga qanday logotip tanlashni o‘ylab o‘tirganida unga sevimli sigiri tuqqanini va bolasi buqacha ekanini xabar berishadi. Shundan so‘ng u o‘zi ishlab chiqarayotgan avtomobillarga logotip sifatida hujum qilayotgan buqa tasvirini tanlaydi.

1965 yilda Turinda o‘tkazilgan avtoshouda kompaniya o‘zining yangi modeli - Lamborghini Miura’ni ommaga taqdim etadi. 1966 yilda Jyenevada o‘tkazilgan avtomobillar ko‘rgazmasida uning ishchi nusxasi taqdim etiladi.

Lamborghini Miura / Foto: autoblog.com

1967 yilda kompaniya Lamborghini Miura’dan 111 dona sotishga muvaffaq bo‘ladi. Shundan so‘ng dunyo bo‘ylab qimmatbaho sport avtomobillari ixlosmandlari orasida Automobili Lamborghini S.p.A. mashinalari mashhur bo‘la boshlaydi.

1966 yilda Lamborghini 400 GT avtomobili ishlab chiqarila boshlanadi va u ham muvaffaqiyatli sotiladi.

1971 yilda kompaniya o‘zining eng muvaffaqiyatli modellaridan biri bo‘lgan Lamborghini Countach’ni yasab chiqadi. Uni seriyali ishlab chiqarish 1974 yildan boshlanadi.

Lamborghini Countach 1974 yil / Foto: shutterstock.com

Lamborghini Countach dunyodagi eshiklari vertikal tarzda ochiladigan ilk avtomobil edi. U ana shu xususiyati bilan ham ko‘pchilikning e’tiborini tortadi va uzoq yillar davomida muvaffaqiyatli sotiladi.

Ferruchchoning bankrot bo‘lishi va kompaniyalarning sotilishi

1972 yilda Ferruchcho Lamborjiniga bankrotlik xavf sola boshlaydi. O‘sha yili Janubiy Amerikadagi bir nechta davlat Lamborghini Trattori S.p.A. bilan traktorlar yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni bekor qiladi. Ishlab chiqarilgan traktorlar sotilmay qolib ketadi

Oqibatda, Lamborjini bankrot bo‘lmaslik uchun Lamborghini Trattori S.p.A. kompaniyasidagi aksiyalarining bir qismini Fiat kompaniyasiga sotadi.

Keyinchalik, Ferruchcho Lamborghini Trattori S.p.A.ning egaligini Same Deutz-Fahr Group kompaniyasiga sotishga majbur bo‘ladi. Kompaniya bir necha marta qo‘ldan-qo‘lga o‘tsa-da, Lamborghini traktorlari hanuzgacha ishlab chiqarilmoqda.

Lamborghini tarktori, 1970-yillar. / Foto: autoliterate.blog

O‘shanda muvaffaqiyat bilan sotilayotgan Lamborghini Countach Ferruchcho Lamborjinini bir muddat butunlay bankrot bo‘lishdan saqlab qoladi. Ammo keyinchalik Ferruchchoga baribir bankrotlik xavf sola boshlaydi.

1972 yilda Lamborjini Automobili Lamborghini S.p.A.ning 51 foiz aksiyalarlarini shveysariyalik investor Jorju-Anri Rosettiga, 1974 yilda qolgan  49 foiz aksiyalarni uning sherigi Rene Leymeruga sotib yuboradi.

1993 yilda Ferruchcho Lamborjini 76 yoshida vafot etadi. Bu paytda uning ixtiyorida na sport avtomobillari, na traktor ishlab chiqarish korxonalari egaligi yo‘q edi.

Lamborjini Ferruchchodan keyin

Lamborjini kompaniyani sotib yuborgandan keyin oradan ko‘p o‘tmay jahon bozorida qimmatbaho sport avtomobillariga bo‘lgan talab keskin tushib ketadi. Oqibatda, 1978 yilda Automobili Lamborghini S.p.A. bankrot deb e’lon qilinadi.

Sud kompaniyani sotish haqida qaror chiqaradi. Uni shveysariyalik aka-uka Mimramlar sotib olishadi.

Oradan biroz o‘tib ular Automobili Lamborghini S.p.A.ni Chrysler korporatsiyasiga sotishadi. Shu tariqa kompaniya AQShliklar ixtiyoriga o‘tadi. O‘sha paytda Lamborghini Diablo modelini ishlab chiqarish ishlari ketayotgandi.

Lamborghini Diablo, 1978 yil / Foto: styleofeye.com

Lamborghini Diablo qimmatbaho sport avtomobillari ixlosmandlari orasida tez ommalashadi va kompaniyani jahon darajasiga olib chiqadi.

1994 yilda Automobili Lamborghini S.p.A.ni M’tec (Megatech) investitsiya guruhi sotib oladi. Oradan 4 yil o‘tib ular kompaniyani Germaniyaning Audi AG kompaniyasiga sotishadi. O‘shandan buyon Automobili Lamborghini S.p.A.ga nemislar egalik qilib kelmoqda.

Bugungi kunda Audi AG nemislarning Volkswagen Group koorporatsiyasi tarkibiga kiradi. Volkswagen Group koorporatsiyasi Automobili Lamborghini S.p.A.dan tashqari, Bugatti Automobiles S.A.S., Ducati Motor Holding S.p.A., Bentley Motors Ltd. kabi qimmatbaho avtomobillar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga egalik qiladi.

Automobili Lamborghini S.p.A. Audi AG qo‘l ostiga o‘tgach nemislar Lamborghini Murciélago modelini ishlab chiqara boshlashadi. Bu model ham hashamatli avtomobil ixlosmandlarining sevimli mashinalaridan biriga aylanadi.

Lamborghini Murciélago, 1995 yil / Foto: CARS.UA

Keyinchalik, kompaniya o‘ndan ortiq yangi modeldagi avtomobillar ishlab chiqargan. Ular orasida Lamborghini Gallardo, Lamborghini Aventador, Lamborghini Urus kabilar juda ommalashgan va har biridan 5 mingtadan, 15 mingtagacha sotilgan.

2017 yilda kompaniya yo‘ltanlamas Lamborghini Urus’ni 200 ming dollardan sotuvga chiqargan va undan 15 ming dona sotilgan.

Narxlar, boylar va hashamat

Ferruchcho Lamborjini boshidan qimmat sport avtomobillari ixlosmandlari uchun mashinalar ishlab chiqarishni rejalashtiradi. Ammo 1960 yillarda hali odamlarning cho‘ntagi o‘ta qimmat mashinalarni ko‘tarmasdi.

Ikkinchi tomondan mashinalarga arzonroq narx belgilansa ular boylarning e’tiborini tortmasdi. Shu sababli Ferruchcho mashinalarga juda baland narx belgilamaydi.

Masalan, ilk ishlab chiqarilgan Lamborghini 350 GT avtomobillari 18-20 ming dollar atrofida sotilgan. Bu pulga o‘sha paytda oddiy avtomobillardan 10 ta olish mumkin bo‘lgan.

Lamborghini 400 GT / Foto: mecum.com

1966 yilda ishlab chiqarilgan Lamborghini 400 GT’ning narxi 15 ming dollar, 1967 yilda savdoga chiqarilgan Lamborghini Miura’ning narxi 20 ming dollardan boshlangan.

1971 yilda Lamborghini Miura’ning yangilangan modeli ishlab chiqariladi va 21 ming dollardan sotiladi.

Lamborghini Miura’ning yangilangan modeli, 1971 yil / Foto: krone.at

1974 yilda kompaniya Lamborghini Countach rusumli avtomobillarini ishlab chiqara boshlaydi va ularning boshlang‘ich narxi 50 ming dollardan boshlanadi. 1982 yilda ishlab chiqarila boshlangan Lamborghini Jalpa 54 ming dollar narxlangan.

1990-yillar boshida kompaniya yanada hashamatli avtomobillar ishlab chiqarishni boshlaydi. O‘sha yili Lamborghini Diablo superkari ishlab chiqariladi va uning narxi 200 ming dollardan boshlangan.

Lamborghini Diablo, 1980 yil / Foto: digitaltrends.com

1995 yilda Lamborghini Diablo’ning yangilangan modeli ishlab chiqariladi va unga 230 ming dollar narx qo‘yiladi. Oradan birmuncha vaqt o‘tib ushbu model yana yangilanadi va Lamborghini Diablo GTR deb nomalangan rusum 300 ming dollardan sotila boshlanadi.

Kompaniya Audi AG ixtiyoriga o‘tgach 2001 yilda kompaniya Lamborghini Murciélago superkarini ishlab chiqaradi. Uning narxi 275 ming dollardan boshlangan. Keyinchalik, 2009 yilda uning yangilangan modeliga 500 ming dollardan buyurtmalar olinadi.

Lamborghini Murciélago, 2002 yil / Foto: youngheaven.us

2003 yildan ishlab chiqarilgan Lamborghini Gallardo 200 ming dollardan boshlangan. Ushbu mashina kompaniya tarixida eng ko‘p sotilgan mashinalardan biri hisoblanadi.

2011 yilda Lamborghini Aventador superkariga 400 ming dollar narx qo‘yiladi. Bu mashina hanuzgacha ishlab chiqarilmoqda. 2016 yilda ishlab chiqarilgan Lamborghini Centenario’ning narxi 500 ming dollar bo‘lgan.

Lamborghini Centenario / Foto: shutterstock.com

Kompaniya ayrim mashinalarni seriyali ishlab chiqarmay, faqat maxsus buyurtma bilan ham ishlab chiqaradi. Shuningdek, boylarning xohishiga qarab avtomobillarning kuzovi tilla suvi yuritilgan holda, salon qismi ham turli qimmatbaho toshlar bilan bezatib beriladi. Bundan avtomobillar odatda bir necha million dollarga baholanadi.

2012 yil Lamborghini Sesto Elemento superkaridan bor-yo‘g‘i 20 dona chiqarilgan. Uning narxi 2,8 million dollardan boshlanadi.

Lamborghini Sesto Elemento / Foto: shutterstock.com

2013 yilda ishlab chiqarilgan Lamborghini Veneno’dan bor-yo‘g‘i 16 dona ishlab chiqarilgan va ular 4 million dollardan 8 million dollargacha baholangan.

Bahosi oshgan eski avtomobillar

Bugun tarixiy avtomobillar ixlosmandlari orasida o‘tgan asrda ishlab chiqarilgan Lamborghini mashinalari juda mashhur va ular ancha qimmat narxlanadi.

Masalan, 2015 yilda o‘tkazilgan kimoshdi savdolarida 1964 yilda ishlab chiqarilgan ikki o‘rindiqli Lamborghini 350 GT qariyb 1 million dollarga sotilgan.

2018 yilda 1967 yilda yagona nusxada ishlab chiqarilgan Lamborghini Marzal 1,8 million dollarga sotilgan.

Lamborghini Marzal, 1967 yil / Foto: Motor1.com

Eng qimmat Lamborghini avtomobillari o‘nligi:

  • Lamborghini Countach LP400 (1974 yilda ishlab chiqarilgan) – 1,72 million yevro
  • Lamborghini Reventon Roadster (2010 yilda ishlab chiqarilgan) – 1,85 million yevro
  • Lamborghini Sesto Elemento (2010 yilda ishlab chiqarilgan) – 2,19 million yevro
  • Lamborghini Miura SV (1972 yilda ishlab chiqarilgan) – 2,38 million yevro
  • Lamborghini Centenario Roadster (2016 yilda ishlab chiqarilgan) – 2,44 million yevro
  • Lamborghini Sian FKP 37 (2020 yilda ishlab chiqarilgan) – 2,44 million yevro
  • Lamborghini Aventador J (2012 yilda ishlab chiqarilgan) – 2,68 million yevro
  • Lamborghini Veneno (2013 yilda ishlab chiqarilgan) – 3,66 million yevro
  • Lamborghini SC18 Alston (2018 yilda ishlab chiqarilgan) – 6,4 million yevro
  • Lamborghini Veneno Roadster (2014 ishlab chiqarilgan) – 7,63 million yevro
Lamborghini Veneno Roadster, 2014 yil / Foto: autoforum.cz

Oxirgi yillarda kompaniya elektromobillar ishlab chiqarishga ham e’tibor qaratmoqda. 2022 yilda Lamborghini Countach LPI 800-4 deb nomlangan giperkar namoyish etildi. U gibrid dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, narxi narxi 2 million dollardan boshlanadi.

Lamborghini Countach LPI 800-4 / Foto: roadandtrack.com

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid