Jahon | 08:12 / 27.08.2022
10503
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya TIV biometrik «zagranpasport»lar berishni to‘xtatdi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida va Rossiyaning xorijdagi konsulliklarida biometrik «zagranpasport» olish uchun arizalarni qabul qilish to‘xtatildi - idora buni «texnik sabablar» bilan izohladi. 

Foto: TASS

Rossiya fuqarolari «yangi namunadagi» biometrik «zagranpasport» - biometrik ma’lumotlarga ega bo‘lgan, 10 yil davomida amal qiladigan hujjat uchun ariza topshirish imkoni yo‘qligiga duch kelmoqda. Rossiya TIV 26 avgust, juma kuni idora konsullik departamenti rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda «texnik sabablarga ko‘ra» biometrik ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlarga arizalar qabul qilish «to‘xtatilgani»ni tasdiqladi. 

«Texnik sabablarga ko‘ra 2022 yil 26 avgustdan elektron ma’lumot saqlovchi (10 yil amal qilish muddati) pasportlarni berish uchun arizalarni qabul qilish vaqtincha to‘xtatildi. Qabulning qayta tiklanishi keyinroq e’lon qilinadi», — deyiladi vazirlik xabarida. 

Rossiyaning xorijdagi konsulliklarida ham biometrik pasport olish uchun arizalar qabul qilish to‘xtatildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining konsullik axborot portalidagi xabarda «elektron tashuvchini qayta formatlash zarurati tufayli» hujjatlar berish vaqtincha to‘xtatilgani ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, idora ma’lumotlariga ko‘ra, besh yil muddatga amal qiladigan «zagranpasport» berish «belgilangan tartibda o‘zgartirishlarsiz» davom etmoqda. 

Iyun oyida Forbes Rossiyaning Raqamli transformatsiya vazirligi Rossiya chipli plastik kartalar ko‘rinishidagi ichki «raqamli pasportlar» loyihasini noma’lum muddatga muzlatib qo‘yganini yozgan edi - nashr manbasiga ko‘ra bu mansabdor shaxslarning g‘oyani amalga oshirish uchun yetarli miqdordagi mos keladigan chiplar to‘planishi borasidagi shubhalari bilan bog‘liq.

Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bosqin boshlanganidan beri mamlakatning turli sanoat tarmoqlarida materiallar, qurilmalar va resurslar tanqisligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shu tariqa, Rossiya farmatsevtika kompaniyalari xromatografik ustunlar - yangi dori vositalarini ishlab chiqishda va ro‘yxatga olingan dori vositalarini ishlab chiqarishda sifat nazorati uchun foydalaniladigan qurilmalarning yetishmasligiga duch kelmoqda. Aloqa operatorlari Vladimir Putin rejimiga qarshi kiritilgan sanksiyalar tufayli uskunalarning yetishmasligi tufayli tarmoqlarning kelajakda ishlamay qolishi mumkinligini ta’kidladi. 

Sanksiyalar tufayli butlovchi qismlarni sotib olishning iloji yo‘qligi tufayli Rossiya aviakompaniyalari, jumladan, «Aeroflot» ehtiyot qismlarni olish uchun samolyotni qismlarga ajratishga kirishdi, deya xabar beradi OAV. Iyun oyida Rossiya hukumati ushbu choradan foydalanishni rasman tavsiya qildi.

Mavzuga oid