Sport | 12:02 / 28.08.2022
23091
16 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul» 9 ta gol urdi, «Siti» va «Arsenal»da kambek. Kun o‘yinlari

Yevropa futbolida shanba oqshomida ro‘y bergan asosiy voqealar.

Angliya: «MYu» Ronaldusiz ham uddaladi, Holand APLda het-triklar hisobini ochdi

Sauthempton – Manchester Yunayted 0:1
Gol: 0:1 – 55 Brunu Fernandesh.
Sauthempton – Bazunu, Uoker-Piters, Salisu, Bella-Kochap, Djyenepo, Elyunussi (Armstrong, 63), Uord-Prouz, Aribo, Lavia, Armstrong (Mara, 77), Adams.
Manchester Yunayted – De Xea, Diogu Dalot, Varan, Martines, Malasia, Eriksen, Brunu Fernandesh, Maktomini, Reshford, Sancho (Ronaldu, 68), Elanga (Kazemiro, 80).
Ogohlantirishlar: Diogu Dalot (50), Maktomini (82).

APLda o‘yinlar kunini «MYu» ochib berdi va jamoaning yulduzli xaridi Kazemiro, sardor Maguayr hamda «Napoli» yoki «Sporting»ga o‘tishi aytilayotgan Krishtianu Ronaldu o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshladi. Bosh murabbiy Erik ten Hag bu taktik qaror ekanini aytdi va bu qaror o‘zini oqladi deyish ham mumkin, debyutdayoq «Sauthempton» darvozaboni va himoyachilari uchta aniq zarba yo‘lini to‘sishdi.

Bu epizodlar birinchi bo‘limning eng yorqin lahzalari bo‘lib qoldi, ammo shunda ham ijobiylik topish mumkin. Gap shundaki, «qizil iblislar» fevral oyidan buyon ilk bor safar o‘yinida tanaffusgacha darvoza daxlsizligini saqlay olishdi. Yarim yil oldin ular Lidsdagi o‘yinda safar o‘yinlaridagi g‘alabali seriyani davom ettirishgandi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limida Brunu Fernandesh hisobni ochdi va golni maydon tashqarisidagi Ronalduning oldiga chopib borib nishonladi. Krishning o‘zi maydonga faqat 68-daqiqada chiqdi. Kazemironing premerasi esa 80-daqiqaga to‘g‘ri keldi, asosiysi esa «MYu» qatorasiga ikkinchi o‘yinda g‘olib bo‘ldi.

Liverpul – Bornmut 9:0
Gollar: 1:0 – 3 Dias, 2:0 – 6 Elliott, 3:0 – 28 Aleksander-Arnold, 4:0 – 31 Firmino, 5:0 – 45 van Deyk, 6:0 – 46, avtogol Mifem, 7:0 – 62 Firmino, 8:0 – 80 Karvalyu, 9:0 – 85 Dias.
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold (Klark, 83), van Deyk, Gomes, Roberson (Tsimikas, 69), Xenderson (Baychetich, 70), Fabino, Elliott (Karvalyu, 46), Firmino (Milner, 69), Saloh, Dias.

«Liverpul» nihoyat ilk g‘alabasiga erishdi, qizillar autsayder «Bornmut»ni yenga olmaganida ham g‘alati bo‘lgan bo‘lardi, bu jamoa startda g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, «Man Siti» va «Arsenal»ga qarshi keyingi ikki o‘yinda jami 0:7 hisobida yutqazgandi. «Enfild»da mehmonlarning dahshatli tushi davom etdi, o‘tgan mavsumda jami to‘rtta assist muallifi bo‘lgan  Roberto Firmino bu o‘yinning ilk daqiqalaridayoq Elliotga APLda gollari sonini ochishga yordam berdi, 28-daqiqaga kelib assistlar bo‘yicha het-trik qayd etdi, ko‘p o‘tmay o‘zi ham darvozani ishg‘ol etdi.

Van Deyk birinchi bo‘limni beshinchi gol urilishi bilan yakunlab berdi, qizillar bungacha bir bo‘limda bunday farq bilan ustun kelishmagandi, endi Liverpuldagi o‘yinni shunchaki oxirigacha yetkazib qo‘yish qolgandi. Ammo Yurgen Klopp jamoasi qon isini oldi va «Bornmut»ni 9:0 hisobida yakson etdi. Qizillarda bunday hisobdag g‘alaba 1989 yil sentabridan buyon kuzatilmagandi. Klopp uchun bu personal rekord, Firmino esa «Liverpul» uchun gollari sonini 100 taga yetkazib qo‘ydi.

Manchester Siti – Kristal Pelas 4:2
Gollar: 0:1 – 4, avtogol Stounz, 0:2 – 21 Andersen, 1:2 – 53 Bernardu Silva, 2:2 – 62 Holand, 3:2 – 70 Holand, 4:2 – 81 Holand.
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Stounz, Ruben Diash, Joau Kanselu (Gyundo‘g‘an, 61), Palmer, de Bryuyne, Bernardu Silva, Rodri, Foden, Mahrez (Alvares, 61), Holand (Serxio Gomes, 84).

Bu vaqtda Manchesterda shov-shuvli sensatsiya ro‘y berayotgandi, «Siti» tanaffusga qadar «Kristal Pelas»dan 2 ta javobsiz gol qabul qilib oldi. Ammo yakunda londonliklar ustozi Patrik Viyeyra baribir sobiq jamoasini ranjita olmadi, o‘yindagi burilish esa Bernardu Silva ijrosidagi solo bilan boshlandi, unga to‘p himoyachiga tegib, rikoshet bo‘lib darvozaga borgani ham yordam berdi. Shundan keyin Holandning soati boshlandi. Norvegiyalikning birinchi goli mehmonlarning kayfiyatini tushirib yubordi, keyin ular shunchaki raqibning taktika o‘zgartirishlari qarshisida dog‘da qoldi.

Xosep Gvardiola hujumdagi futbolchilar sonini oshirdi, Alvares qanotda ham, markazda ham ochila boshladi, Kevin de Bryuyne o‘zining asosiy vazifasi tayanch zonasini yopishdan tashqari, o‘ng qanotdan hujumlarga o‘tdi. Bunday sharoitda Holand osonlik bilan to‘pni darvozaning bo‘sh burchagiga yo‘llab, jamoasini oldinga olib chiqdi. Het-trikdan keyin esa Gvardiola kun qahramonini maydondan olib, unga tribunada olqishlar yog‘dirilishiga sharoit yaratib berdi. Holand APLning to‘rt turida olti gol urib, «Siti» tarixidagi eng yaxshi mergan Serxio Aguero yo‘lidan ketmoqda.

Chelsi – Lester 2:1
Gollar: 1:0 – 47 Sterling, 2:0 – 63 Sterling, 2:1 – 66 Barns.
Chelsi – Mendi, Djyeyms, Tiago Silva, Chaloba, Kukurelya, Chiluell, Loftus-Chik, Maunt (Aspilikueta, 46), Jorjino (Kovachich, 75), Gallaher, Xaverts, Sterling (Pulishich, 75).

«Chelsi» Lidsdagi 0:3 hisobidan keyin o‘ziga kela boshladi, lekin bu safar ham ko‘klar jamoasiga oson bo‘lgani yo‘q. Birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq Gallaher ikkinchi sariq kartochkani olib, jamoani qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Bu mavsumdagi barcha o‘yinlarda ko‘rsatilgan uchta qizil kartochkadan ikkitasi londonliklarga to‘g‘ri kelmoqda, bir hafta oldingi o‘yinda Kulibali o‘yinni oxirigacha yetkazib qo‘ya olmagandi. Qolaversa, jamoa bosh murabbiyi Tomas Tuxel ham Antonio Konte bilan mojaro vaqtida qizil olgan. Ammo o‘sha o‘yinlarda «Chelsi» ochko yo‘qotgandi, bu o‘yinda esa Sterlingning darajasi g‘alabani ta’minladi. Forvard darvoza sari ikki zarba yo‘lladi va ikki gol muallifiga aylandi.

Arsenal – Fulhem 2:1
Gollar: 0:1 – 56 Mitrovich, 1:1 – 64 Edegor, 2:1 – 85 Gabriel.
Arsenal – Remsdeyl, Uayt, Gabriel, Saliba, Tirni (Nketia, 61), Djaka, El-Nenni, Edegor, Saka, Gabriel Jyezus (Tomiyasu, 89), Martinelli.
Fulhem – Leno, Tete (Mbabu, 79), Rim (Stensfild, 88), Adarabioyo, Robinson, Kebano (Kerni, 69), Rid, Pereyra (Diop, 79), Palinya (Chaloba, 88), Dekordova-Rid, Mitrovich.
Ogohlantirishlar: Uayt (36), Palinya (44), Gabriel Jyezus (44), Robinson (51), Dekordova-Rid (70).

Bunday realizatsiya «Arsenal» futbolchilarida bo‘lganida bormi! «Kanonirlar» «Fulhem» darvozasi atrofidan ketishmadi, ammo gol bo‘lavermadi. Mehmonlar esa o‘z imkoniyatini kutishdi. Aniqrog‘i jamoaning eng yaxshi hujumchisi Mitrovich to‘pni Gabriel Magalyanesdan tortib oldi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib, hisobni ochdi. Ammo Edegor tezda muvozanatni tikladi, o‘yin oxirida esa Gabriel burchak zarbasidan keyin g‘alaba golini urib, xatosini yuvdi. Mikel Arteta jamoasi to‘rt o‘yinda to‘rt g‘alaba bilan turnir jadvalida yakkapeshqadamlikni davom ettirmoqda.

Italiya: Dibala «Yuve»ni g‘alabasiz qoldirdi

Yuventus – Roma 1:1
Gollar: 1:0 – 2 Vlahovich, 1:1 – 69 Abraham.
Yuventus – Shchensni, De Shilo, Danilo, Bremer, Aleks Sandro, Kuadrado (Makkenni, 77), Rabo (Zakariya, 58), Kostich, Lokatelli (Rovella, 86), Miretti (Milik, 77), Vlahovich (Kin, 86).
Roma – Ruy Patrisiu, Karsdorp (Chelik, 62), Smolling, Manchini (El-Shaaravi, 46), Rojyer, Spinatssola (Zalevski, 46), Matich, Kristante, Pellegrini (Bove, 90), Dibala (Kumbula, 78), Abraham.
Ogohlantirishlar: Lokatelli (6), Kristante (41), Kostich (77), Chelik (90).

Dibalaning Turinga qaytishi avvaliga argentinalikka yoqimsiz hissiyotlar taqdim etdi, «Yuventus» safida esa Vlahovich standart vaziyatdan ajoyib gol ura olishini ko‘rsatdi. Serbiyalik hujumchining zarbasi rikoshet bilan darvoza to‘sini ostiga bordi, keyin u ikkinchi bor gol urilishida ishtirok etdi, ammo bu safar to‘p uning qo‘liga tekkani ma’lum bo‘ldi va videotakrordan keyin Lokatellining goli bekor qilindi.

«Roma» birinchi bo‘limda umidsiz holatda edi, ammo Joze Mourino tanaffusda o‘yinni o‘zgartiradigan o‘zgarishlar qildi. Portugaliyalik mutaxassis ikki futbolchini almashtirdi, taktikaga tuzatishlar kiritdi va o‘yin kartinasi o‘zgara boshladi. Dibala esa baribir o‘zi haqida eslatib qo‘ydi. Burchak zarbasi amalga oshirilganida u to‘pni to‘xtatmay yerga sapchitib zarba berdi, ammo bu darvozaga emas, havoda to‘p uchun kurashgan Abrahamning boshiga bordi. Dibalaning o‘zi gol muallifi bo‘la olmadi, ammo bu harakati jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Milan — Bolonya 2:0
Gollar:
 Leau (21), Jiru (58). 
Milan – Menyan, Kalabriya, Tomori (Gabbiya, 83), Kalulu, Ernandes (Ballo-Ture, 75), Binnosir (Adli, 61), Tonali, de Ketelare (Pobega, 62), Jiru, Leau, Messias (Salemakers, 62). 

«Milan» chempionlik mavsumidan keyin o‘ziga ishonch bilan o‘ynamoqda. «Rossoneri» raqibni xato qilishga majburlab, natijaga erishishning hadisini olgan. Shanba kuni boshlang‘ich tarkibda debyut qilgan De Ketelare ham bu ishni uddaladi. Belgiyalik futbolchi maydon markazida to‘pni egallab oldi va uni jarima maydoniga qadar olib bordi, u yerda esa to‘pni qabul qilgan Rafael Leau avval raqib darvozabonini gazonga qulatib, keyin yaqin burchakni aniq nishonga oldi.

Ikkinchi gol — Jiruga xos akrobatik zarba bilan amalga oshdi — bu ham «Bolonya» himoyachilarining qo‘pol xatosi natijasi bo‘ldi. Va bu holatlar o‘tgan chempionatni yodga solmoqda. Boshqa favoritlar yo‘qotishlar qilar ekan («Inter» juma kuni «Latsio»ga yutqazgandi), «Milan» barqaror va ishonch bilan o‘ynamoqda va turnir jadvalini boshqarmoqda, garchi qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga bo‘lsa-da. «Napoli» ham ochko yo‘qotmasdan kelmoqda.

Germaniya: «Bavariya» ochko yo‘qotdi

Startni muvaffaqiyatsiz boshlagan uch jamoadan («Ayntraxt», «Leypsig» va «Bayyer») ikkisi ilk g‘alabalariga erishib, vaziyatini o‘ngladi. Doimiy ravishda YeChL hududida bo‘ladigan «Bayyer» bungacha qatorasiga uch o‘yinda mag‘lub bo‘lgandi. Ammo Maynsda Ozmunni zaxirada qoldirgan leverkuzenliklar raqibni tanaffusga qadar tor-mor etishdi, uchta goldan ikkitasi qanot himoyachisi Frimpong nomiga yozildi. U — kutilmagan qahramon bo‘ldi, «Leypsig»da esa yana Nkunku birinchi planda.

Birinchi gol urilishida fransuz futbolchisiga VAR yordamga keldi, chunki arbitr «Volfsburg» futbolchisi tomonidan qo‘l bilan o‘ynalganini ko‘rmay qolgandi. Domeniko Tedesko nihoyat mavsumdagi ilk g‘alabasini nishonladi. «Borussiya» esa «Herta»ni kichik hisobda mag‘lub etdi, ammo darvozabon mahorati bo‘lmaganida dortmundliklar yirik hisobda g‘alaba qozongan bo‘lishardi. U faqat Modestaning bosh bilan yo‘llagan zarbasi qarshisida ojiz qoldi, ammo berlinliklarni o‘yin oxirida Rixterning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi qutqarishi mumkin edi. Ammo darvozabon Kobel mehmonlarni qutqardi, u darvoza to‘sini ostidan kirayotgan to‘pni qaytarib yubordi.

Bavariya – Borussiya M 1:1 (0:1, 1:0)
27 avgust, «Alyans-Arena» stadioni
Gollar: 0:1 – 43 Tyuram, 1:1 – 83 Sane. 
Bavariya – Noyyer, Pavar, Ernandes, Upamekano, Devis, Zabitser (Musiala, 67), Kimmix, Myuller, Mane (Gnabri, 68), Koman, Sane (de Ligt, 85).
Borussiya M – Zommer, Skalli, Elvedi, Itakura, Nets, Kramer, Xofmann (Xerrmann, 85), Noyxaus (Fridrix, 77), Kone (Yanchke, 85), Plea (Volf, 52), Tyuram.
Ogohlantirishlar: Plea (37), Kimmix (63), Zabitser (63), Sane (80), Kramer (90), Pavar (90).

O‘tgan mavsumda «Borussiya» M «Bavariya» uchun dahshatli tushga aylangandi, jamoa bundesliga o‘yinlarida myunxenliklardan to‘rt ochko olgan va chempionni Germaniya Kubogida yakson etgandi (6:0). O‘tgan turda «Bohum»ni yanchib tashlagan (7:0) Yulian Nagelsmann jamoasi gladbahliklarni qo‘rqitishi mumkin edi. Ammo mehmonlar chempionlarning birinchi bo‘limdagi hujumlariga turib berishdi va bo‘lim oxirida Tyuramning goli evaziga ustun holda tanaffusga chiqib ketishdi. Ikki goli ofsayd tufayli bekor qilingan Manedan farqli o‘laroq, fransuz hujumchisi barchasini qoida bo‘yicha qildi, u maydonning o‘z jamoasi tomonidayoq Upamekanodan qochib ketib hisobni ochdi.

Mehmonlar darvozaboni Zommer fantastik o‘yin o‘tkazib, 19 seyv bilan bundesliga rekordini o‘rnatdi. Shveytsariyalik posbonni faqat Sane alday oldi, u zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Musialaning uzatmasini shunchaki yo‘qqa chiqara olmasdi. Yakunda ikki jamoa ham mag‘lubiyatsiz davom etadigan bo‘ldi, ammo bu natija ko‘proq «Bavariya» uchun qadrli bo‘ldi, jamoa hamon peshqadamlikni saqlab qolmoqda.

Kun statistikasi

  • «Sassuolo» hujumchisi Pinamonte A Seriyada besh jamoa safida gol urgan 1999 yilda tug‘ilgan 1-chi futbolchi bo‘ldi. U avvalroq «Frozinone», «Inter», «Jyenoa» va «Empoli» uchun ham gol urgandi.
  • «Union» o‘z tarixida 1-marta bundesliga o‘yinida olti gol urdi.
  • 5 iz 19 penalti otrazil nachinaya s pozaproshlogo sezona golkiper
  • «Elche» darvozaboni Badia so‘nggi ikki mavsumda o‘z darvozasiga belgilangan 19 penaltidan 5 tasini qaytardi. La ligada bunday muddat ichida shuncha seyvni avval faqat «Osasuna» vakili Serxio Errera amalga oshirgandi, uning darvozasiga bunday muddatda 14 bor penalti qo‘yilgan.
  • «Bavariya» hujumchisi Manening 5 ta goli VAR aralashuvidan keyin bekor qilindi.
  • 2020/21 yillar mavsumidan buyon «Real Sosedad» 16 marta 1:0 hisobidagi g‘alabani qayd etdi. Basklar top-5 chempionatlarda bu borada faqat «Sevilya»dan ortda (18).

Mavzuga oid