O‘zbekiston | 16:05 / 01.09.2022
27492
4 daqiqa o‘qiladi

«Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi?» - Mustaqillik tantanasida ilk marta Turkiston muxtoriyati yodga olindi

Mustaqillikning 31 yilligiga bag‘ishlab Yangi O‘zbekiston bog‘ida o‘tkazilgan bayramda jadidlar ham xotirlandi. Badiiy sahna ko‘rinishi orqali Markaziy Osiyodagi ilk demokratik davlat – Turkiston muxtoriyati yodga olindi, Cho‘lponning «Go‘zal Turkiston» she’ri kuyga solindi.

31 avgust kuni Toshkent shahridagi Yangi O‘zbekiston bog‘ida davlat mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Unda jadidlar ham xotirlandi.

Sahna ko‘rinishi avvalida shoir Jumaniyoz Jabborov qalamiga mansub, jadidlar haqidagi ushbu satrlar o‘qib eshittirildi:

Vale, bu dunyoda oliy hakam bor,
O‘shal qudrat erur mangu ustuvor.

Shahidlar bong urib har shom-u nahor,
Bizni ogoh etar, bo‘ling, deb, hushyor.

Ular xalqimizga qalqon edilar,
Abadiy barhayot vijdon edilar!

Badiiy qismda Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Munavvar qori, Fitrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi ko‘plab jadidlar hamda Markaziy Osiyodagi ilk demokratik davlat – Turkiston muxtoriyati yodga olindi.

«Mo‘tabar, ahli vatanim! Xudoyi taolo bizga hurriyat berdi. Muborak va xayrli bo‘lsin. Milliy islohot va taraqqiyotimiz uchun harakat va sa’y etmoqqa yo‘l ochiqdir. Yashasin, Turkiston muxtoriyati”, – dedi Mahmudxo‘ja Behbudiy roli ijrochisi.

Shuningdek, Cho‘lpon yozgan quyidagi «Go‘zal Turkiston» she’ri kuyga solindi:

Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi?
Sahar vaqtida gullaring so‘ldi.

Chamanlar barbod, qushlar ham faryod,
Hammasi mahzun. Bo‘lmasmi dil shod?

Bilmam ne uchun qushlar uchmas bog‘chalaringda?

Birligimizning tebranmas tog‘i,
Umidimizning so‘nmas chirog‘i.

Birlash, ey xalqim, kelgandir chog‘i,
Bezansin endi Turkiston bog‘i.

Qo‘zg‘al, xalqim, yetar shuncha jabru jafolar!

Ol bayrog‘ingni, qalbing uyg‘onsin,
Qullik, asorat – barchasi yonsin.

Qur yangi davlat, yovlar o‘rtansin.
O‘sib Turkiston, qaddin ko‘tarsin,

Yayrab, yashnab o‘z Vataning gul bog‘laringda!

Turkiston muxtoriyati – 1917 yil 27 noyabrda Turkiston mintaqasida tuzilgan dastlabki demokratik hukumat. Unga Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan Butun Turkiston musulmonlarining favqulodda 4-qurultoyida asos solingan.

Qurultoy Turkiston o‘lkasini Rossiya tarkibidan muxtor deb e’lon qilgan hamda Ta’sis Majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyatni Muvaqqat kengash (ijro hokimiyati) va Milliy Majlis (parlament) boshqaruviga topshirgan.

Qisqa muddat ichida xalq o‘rtasida katta e’tibor qozongan Turkiston muxtoriyati yillar davomida jamlangan muammolarni hal qilish, shu bilan birga davlatchilik asoslarini shakllantirishga harakat qiladi. Uning faoliyati butun Turkiston mintaqasida yashayotgan tub yerli xalqlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangan.

Lekin, bolsheviklar Turkiston muxtoriyatiga katta xavf deb qaraydi hamda muxtoriyat va uning a’zolarini qonundan tashqari deb hisoblab, vazirlarni qamoqqa olish haqida qaror qabul qiladi. 1918 yil 30 yanvarda muxtoriyatni tugatish uchun harbiy harakatlar boshlanadi.

Sovet rejimi qurol jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan qizil gvardiyachilar yordamida Turkiston muxtoriyati hukumatini ag‘darib tashlaydi. Bunda minglab tinch aholi qurbon bo‘lgan.

Millat ziyolilari asos solgan muxtoriyat «beshikdayoq bo‘g‘ilgan» – bor-yo‘g‘i 72 kun davomida mavjud bo‘lgan. Uning asoschilari va unga xayrixoh bo‘lgan oydinlar qatag‘on qilingan.

O‘zbekistonda Mustaqillik bayramidan oldingi sana – 31 avgust Qatag‘on qurbonlari xotirasi kuni sifatida nishonlanadi. Toshkentning Yunusobod tumanida, qator jadidlar otib tashlangan joyda Shahidlar xotirasi yodgorlik majmui tashkil etilgan.

Mavzuga oid