Jahon | 18:12 / 02.09.2022
43071
12 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eron Rossiyaga dronlar yuborganini ma’lum qildi. Bu qanday apparatlar?

Tehrondagi ko‘rgazmada Shahed -129 droni. Foto: Getty Images

AQSh prezidenti ma’muriyati Rossiyaga Erondan uchuvchisiz uchish qurilmalari yetkazib berilgani haqida OAVda tarqalgan xabarlarni tasdiqladi. «Bizning ma’lumotga ko‘ra, Rossiya Erondan avgust oyida Mohajer-6 va Shahed seriyasidagi uchuvchisiz uchish qurilmalarini qabul qilib oldi. Dronlar Erondagi aerodromda Rossiya transport samolyotlariga yuklangan, keyin ular Rossiyaga uchgan. Biz buni ko‘rib turibmiz», degan brifingda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per.

Erondan Rossiyaga uchuvchisiz uchish apparatlarining ilk partiyasi yuborilgani haqida avvalroq Amerika matbuotida - Washington Post gazetasi va CNN telekanalida xabar qilingandi.

Gazeta razvedka xizmatidagi anonim manbasiga, telekanal esa Jo Bayden ma’muriyati vakiliga tayanib xabar tarqatgan.

Xabarlarda Mohajer-6, Shahed -129 va Shahed-191 dronlari Rossiyaga 19 avgust kuni yuborilgani aytilgan.

Washington Post xabarida rossiyalik harbiylar tomonidan o‘tkazilgan ilk sinovlarda apparatlar faoliyatida qator kamchiliklar aniqlangani aytilgan. Gazeta aynan qanday muammolarga duch kelinganiga aniqlik kiritmagan.

Eronda dronlar dasturi 1980-yillardan rivojlana boshlanganiga qaramay, mamlakat doimiy ravishda sanksiyalar ostida bo‘lib kelgani tufayli, xalqaro ekspertlar hisoblashicha, ishlab chiqarilgan dronlarning aksari xorij mamlakatlari dronlarining ko‘chirmasi hisoblanadi.

Rossiyaga Eron uchuvchisiz uchish qurilmalari yetkazib berilayotgani haqida Amerika matbuotida tarqalgan xabar katta sensatsiya bo‘lmadi - Moskva Tehrondan dronlar sotib olishni rejalashtirayotgani haqida iyul oyidayoq ma’lum bo‘lgandi.

Shu bilan birga Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov seshanba kuni Washington Post nashrida chiqqan materialga bildirgan munosabatida ushbu nashr so‘nggi vaqtlarda «juda ko‘p yolg‘on-yashiq xabarlar tarqatayotgani»ni qayd etdi.

Moskva yaqinida o‘tkazilgan «Armiya-2022» ko‘rgazmasidagi Mohajer-6 droni. Foto: Getty Images

Harbiy ekspertlarning ishonch bilan aytishicha, Ukrainada dronlarning o‘tkir yetishmovchiligiga duch kelgan Rossiya Eronga yuzlanishga majbur bo‘lgan, chunki boshqa davlatlardan bunday texnikalarni xarid qilishning deyarli imkoni yo‘q, Rossiyaning o‘zida esa bu sinfdagi dronlarni keng ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan.

Eron dronlari

Xorij texnologiyalaridan foydalanish imkoniyati cheklanganiga qaramay, Eron uchuvchisiz aviatsiya apparatlari ishlab chiqarishi bilan mashhur. Bu mamlakat ancha yillardan buyon xalqaro sanksiyalar ostida yashaydi va eronliklarda bunday qat’iy sharoitlarda yashab qolish bo‘yicha katta tajriba mavjud.

«Eron 80-yillardan buyon o‘z uchuvchisiz uchish qurilmalarini ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirib keladi va bu sohaga katta ahamiyat qaratgan. Shuning uchun ular ham taktik, ham strategik, ham razvedkachi va ham zarbdor dronlar liniyasiga ega. Eron sanksiyalar ostida yashashga, harbiy sanoat uchun zarur bo‘lgan barcha narsaga ega bo‘lishga va sanksiyalarga qaramay bu sohani rivojlantirishga ko‘nikkan. Barcha to‘siqlarga qaramay, hatto nisbatan murakkabroq bo‘lgan uzoq masofaga harakatlanuvchi ballistik raketalar hamda yadro loyihalari ham rivojlantirilmoqda», deydi BBC bilan suhbatda isroillik harbiy ekspert David Gendelman.

Eron harbiy samolyotlarni mustaqil ravishda loyihalashtira olmaydi, ammo sanksiyalar amalda bo‘lgan davrda xorij texnologiyalarini o‘rganib, ularning nusxalarini ishlab chiqarishni yaxshi o‘zlashtirgan. Shu tariqa, eronliklar hatto Amerikaning Northrop F-5 qurilmasini o‘rgangan holda o‘z qiruvchi samolyotini ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Eron sanoati monarxiya davridan meros bo‘lib qolgan harbiy aviatsiya uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha boy tajribaga ega. Bundan tashqari, Eron, katta ehtimol bilan, xorijda sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda turli ehtiyot qismlar va butlovchi qismlarni sotib olishi mumkin.

Shahed -171 - amerikaliklarning RQ-170 Sentinel droni nusxasi. Shahed -191 - bu dronning kichraytirilgan versiyasi. Foto: Getty Images​​​​​

1980-yillardayoq, Iroq bilan urush davrida Eronda uchuvchisiz aviatsiya imkoniyatlariga e’tibor qaratilgan. Eronning mahalliy uchuvchisiz uchish qurilmalarini yaratish dasturi 1988 yilda, Iroq bilan urush yakunlanganidan keyin tashkil etilgan.

1990-yillarda bu dastur faollik bilan rivojlangan va 2010 yilga kelib Eronda nafaqat dronlarni ishlab chiqarish, balki ularni qo‘llash (asosan razvedka maqsadlarida) bo‘yicha ham yaxshigina tajriba to‘plangandi.

Eron dronlari, ekspertlar fikricha, G‘arb dronlari namunalarini o‘rganish orqali erishilgan texnologiyalar yordamda ishlab chiqarilgan.

Rossiya qanday dronlarni olmoqda?

Amerikaning harbiy dronlarni tadqiq qilish markazi bo‘lmish Bard-kollej ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilda Eron birinchi, ikkinchi va uchinchi sinfga mansub bo‘lgan 179 dona dronga ega bo‘lgan.

Birinchi toifaga taktik dronlar, kvadrokopter va samolyotlar kiradi, ikkinchi va uchinchi toifalar - o‘rta va og‘ir vazndagi dronlar bo‘lib, ular parvoz balandligi va havoda qolish muddatiga ko‘ra tasniflanadi (medium-altitude yoki high-altitude long-endurance UAV - MALE UAV yoki HALE UAV).

MALE UAV - bu turklarning Bayraktar Tb2 dronlari ham mansub bo‘lgan sinfdir.

Rossiyaga yetkazib berilgan Mohajer-6 ushbu tasnifga ko‘ra dronlarning ikkinchi sinfiga kiradi. Bu dronlarning butun bir oilasi bo‘lib, Globalsecurity.Org ma’lumotiga ko‘ra, ularning birinchi namunalaridan eronliklar 1990-yillar oxiridayoq Afg‘onistonda razvedka maqsadlarida foydalangan. O‘shanda ular bu qurilmalarni qurollar bilan ham sinovdan o‘tkazishgan, dronga RPG-7 granatomyoti o‘rnatilgandi.

Ukraina urushda turklarning Bayraktar Tb2 dronlarini muvaffaqiyatli qo‘llamoqda. Foto: ANADOLU AGENCY

Mohajer-6 2002 yilda paydo bo‘lgan va Eron bir necha razvedkachi dronlarini «Hizbulloh»ga bergan, guruh ulardan Isroil bilan qarama-qarshilikda qo‘llashga harakat qilgan.

Bu dronning so‘nggi versiyasi Mohajer-6’ni ishlab chiqarish 2018 yilda boshlangan bo‘lib, u Qaem bombalarini olib uchadi.

Nomi umumiyligiga qaramay, Shahed -129 va Shahed-191 butunlay boshqacha apparatlar. Bunga ularning prototiplari G‘arbning turli dronlari ekani sabab bo‘lishi mumkin.

Shahed -129 - nisbatan eski ishlanma, u 2012 yildan buyon uchiriladi. Birlashgan qirollikning mudofaa tadqiqotlari institutining «Yaqin Sharqdagi harbiy dronlar» (Armed Drones in the Middle East) nomli hisobotida aytilishicha, u, katta ehtimol bilan isroilliklarning qandaydir yo‘l bilan eronlik muhandislar qo‘liga tushib qolgan Hermes 450 dronini o‘rganib chiqish asosida yaratilgan.

Shahed-191 esa Eronda amerikaliklarning razvedka droni bilan bog‘liq shov-shuvli voqeadan ishlab chiqilgan.

2011 yil 4 dekabrida amerikaliklarning RQ-170 Sentinel rusumli droni Afg‘onistonning g‘arbiy qismida, Eron bilan chegara yaqinida yo‘qolib qoladi, bir necha kun o‘tib esa uni Eron televideniyesida namoyish etadi.

AQSh mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, u qandaydir texnik nosozlik oqibatida qulab tushgan. Eron harbiylari esa o‘z apparaturalari yordamida uning boshqaruviga kirib, uni Eron hududiga qo‘ndirishganini aytishgan.

Noqulay qo‘nishdan keyin apparatning texnik holati qanday bo‘lgani ma’lum qilinmagan.

Bu avariyadan keyin Eronda tashqi ko‘rinishi amerikaliklar droniga juda o‘xshash bo‘lgan Shahed-171 dronini yasashdi. Endilikda Tehron Rossiyaga yuborayotgan Shahed-191 amerikaliklarning RQ-170 apparatining eronliklar tomonidan biroz kichraytirib yasalgan nusxasidir.

Eronliklar dronlari nechog‘lik mukammal ekanini aytish qiyin, chunki Eron bunday ma’lumotlarni oshkor etmaydi.

Ammo shunisi ma’lumki, bu dronlarda kamida dvigatellar bilan muammo chiqishi mumkin. 2019 yilda Amerika mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi tomonidan e’lon qilingan «Eron harbiy qudrati» nomli hisobotda aytilishicha, Eron mahalliy ishlab chiqarilgan motorlar yetarli darajada muvaffaqiyatli chiqmagani tufayli G‘arbda ishlab chiqarilgan dvigatellar va boshq butlovchi qismlardan foydalanishga majbur bo‘lgan.

Mohajer kabi Shahed-129 va Shahed-191 dan ham quruqlikdagi nishonlarga zarba berishda foydalanish mumkin.

Dronlarning Ukraina nizosidagi ahamiyati

Ammo zarba berish missiyalari bu dronlar uchun asosiy vazifa emas.

MALE UAV sinfidagi dronlarning asosiy afzalligi - uzoq vaqt davomida havoda qolishi va kuzatuv, razvedka, nishonni belgilash imkoniyatlaridir.

«Orion» - rossiyaliklarning uzoq vaqt parvoz qila oluvchi ilk yirik droni «Armiya-2017» ko‘rgazmasida.

Uning «sinfdoshlari» bo‘lmish turklarning Bayraktar Tb2 dronlari Ukraina armiyasi uchun aynan shunday rol bajarmoqda.

Amerikaning «Eron yadrosiga qarshi birgalikda» (United Against Nuclear Iran - UANI) nodavlat tashkilotining «Eron dronlari dasturi tahdidi» nomli hisobotida aytilishicha, Eron Iroq va Suriyada Mohajer va Shahed-129 dronlarini qo‘llagan, bu dronlar quruqlikdagi nishonlarga zarbalar bergan.

Ammo Eron dronlarni Suriyadagi yaxshi qurollanmagan guruhlarga qarshi zarba berish uchun qo‘llay olgan bo‘lsa-da, Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimlari va radioelektron kurash vositalariga ega bo‘lgan muntazam armiyasiga qarshi harbiy harakatlarda bu ishni takrorlash oson bo‘lmaydi.

Rossiyada MALE sinfidagi dronlarni ishlab chiqarish imkoniyati mavjud, «Kronshtadt» kompaniyasi «Orion» dronlarini ishlab chiqaradi, 2021 yil dekabrida bunday qurilmalar orqali Suriyadagi nishonlarga zarbalar yo‘llangani xabar qilingan.

Bu dronlar Dubnadagi (Moskva yaqinida) zavodda ishlab chiqariladi, iyun oyi oxirida kompaniya rahbariyati korxona uch smenada ishlay boshlaganini xabar qilgandi.

Rossiya matbuotida Ukrainadagi urushda bu dronlardan foydalanilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, Ukrainadagi UNIAN agentligi esa aprel oyida Ukraina qurolli kuchlari shunday uchuvchisiz uchish qurilmasini urib tushirgani to‘g‘risida xabar bergandi.

Ammo, isroillik harbiy ekspert David Gendelmanning qayd etishicha, Rossiya har qanday razvedka droniga katta ehtiyoj sezmoqda va Erondan bunday qurilmalar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma shunday talabning bir qismini qondirishi ko‘zda tutilgan.

«Agar Rossiya eronliklarning uchuvchisiz uchish qurilmalariga qiziqayotgan bo‘lsa, bu qandaydir jahon darajasidagi qurilmalar bo‘lgani tufayli emas, balki Rossiyaning o‘z ishlab chiqarish darajasi son jihatdan ham, sifat jihatdan ham pastligi tufaylidir, ular bu sohani rivojlantirishga sarmoya kiritmagan. Eron dronlari - bu odatda G‘arb apparatlari namunalari xitoyliklarning butlovchi qismlari asosida yaratilgan muhandislik namunalaridir, shu tufayli ularning sifati AQSh apparatlari bilan solishtirganda past, ammo ularga, aftidan, Rossiyaga ham shuning o‘zi yetarli», deb hisoblaydi ekspert.

Mavzuga oid