Jahon | 12:11 / 05.09.2022
14339
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroning dollarga nisbatan kursi 20 yil ichidagi eng past darajaga tushdi

2002 yil oxiridan beri birinchi marta yevro kursi 0,9881 AQSh dollarini tashkil qildi. Yevropadagi gaz inqirozi va Ukrainadagi urush oqibatlari fonida yagona Yevropa valutasi arzonlashmoqda.

Foto: Mykola Tys

Yevropada gaz ta’minoti bilan bog‘liq inqiroz fonida yagona Yevropa valutasi deyarli 20 yil ichidagi eng past darajaga tushdi. 5 sentabr, dushanba kuni ertalab bir yevroni 0,9881 AQSh dollariga sotib olish mumkin. Oxirgi marta yevro 2002 yil oxirida bundan ham pastroq qiymatda baholangandi.
 
Yevropa markaziy banki (YeMB) 2 sentabrda bazaviy kursni 0,9993 dollar qilib belgiladi. Yagona Yevropa valutasi o‘tgan yil davomida asta-sekin qadrsizlanib bordi va iyun oyida keskin pasayib ketdi, iyul o‘rtalarida esa dollarga yetib oldi. Mutaxassislar buni Ukrainadagi urush oqibatlari va Rossiyadan tabiiy gazning beqaror yetkazib berilishi bilan bog‘lashmoqda. Yevropalik iste’molchilar endi import qilinadigan tovarlar uchun ko‘proq to‘lashlari kerak bo‘ladi, Yevropa eksporti esa xalqaro bozorlarda yanada jozibador bo‘ladi. 

Yevropa markaziy banki allaqachon kredit stavkalarini oshirgan va inflatsiyani jilovlash uchun buni yana amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) ham shunga o‘xshash choralarni ancha tezroq amalga oshiradi, bu dollarning mustahkamlanishiga yordam beradi. Dollar va yevro oxirgi marta 2002 yilda, naqd yevro muomalaga kiritilgandan so‘ng teng qiymatda baholangan edi. 

Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi 3 sentabr kuni «Portovaya» kompressor stansiyasida moy sizib chiqqanini aytib, «Shimoliy oqim-1» orqali gaz yetkazib berishni qayta tiklashdan bosh tortdi. Bunga javoban Germaniyaning Siemens Energy AG kompaniyasi «Shimoliy oqim» gaz quvuri ishini to‘xtatish uchun hech qanday texnik sabablar yo‘qligini ma’lum qildi. 

Mavzuga oid