Jahon | 12:22 / 07.09.2022
12502
13 daqiqa o‘qiladi

Butun Germaniya yoz bo‘yi poyezdlarda deyarli bepul sayohat qildi – hukumat aholini narxlar oshishidan shu tarzda himoya qildi

Kyoln shahri vokzali, 2022 yil avgust / Henning Kaiser / dpa / Scanpix / LETA

Joriy yilning bahorida nemis hukumati energiya qimmatlab ketishi tufayli narxlar oshayotgan sharoitda aholiga yordam berishga qaror qildi va yozning uch oyi uchun mo‘ljallangan to‘qqiz yevrolik yagona chiptani joriy qildi. Undan Germaniya temiryo‘llarining istalgan yo‘nalishida foydalanish mumkin edi (tezyurar poyezdlardan tashqari).

Bu o‘z navbatida temiryo‘llar orqali yo‘lovchi tashish hajmi misli ko‘rilmagan darajada oshib ketishiga olib keldi, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab hazilomuz izohlarga sabab bo‘ldi, shuningdek, Angela Merkel ketganidan beri Olaf Shols hukumatining yagona muhim yutug‘iga aylandi.

Shu bilan birga, tashabbus bir necha o‘n yillik optimallashtirishdan so‘ng ayanchli ahvolga tushib qolgan nemis temiryo‘llari muammolarini ochib tashladi. Ba’zan gavjum poyezdlarga (ayniqsa dengiz sohillari yo‘nalishidagi) chiqishning har doim ham imkoni bo‘lmasa-da, nemislarga to‘qqiz yevrolik chipta juda yoqib qoldi.

24 mart kuni Germaniya hukumati Berlinda energiya narxining keskin oshishi sababli aholini qo‘llab-quvvatlash choralarini muhokama qilayotganda, transport vaziri Folker Vissing so‘z oladi. U Germaniya aholisi uchun temiryo‘llardan yozda cheksiz foydalanish imkoniyatini beruvchi vaqtinchalik arzon chiptani joriy qilishni taklif etadi: uch oy - 90 kun - 90 yevro. Muhokama paytida 90 dan 0 raqami tushib qoldi va u to‘qqiz yevrolik chiptaga (9-Euro-Ticket) aylandi.

Arzon chipta 1 iyundan 31 avgustgacha amal qiladigan bo‘ldi (aslida bitta chipta bir oy amal qiladi, demak, yoz uchun uchtasini sotib olish kerak edi). Bu davr mobaynida to‘qqiz yevrolik chipta 52 million marta sotib olindi – yana 10 million donasini turli abonement egalari bepul olishdi.

Ushbu chipta bilan Germaniya aholisi mamlakat bo‘ylab xohlagan joyga bemalol sayohat qilishi, erta tongda poyezdga o‘tirib, kechga qadar istalgan nuqtaga yetib borishi mumkin edi (faqat tezyurar poyezdlardan tashqari). Ammo uzoq masofaga otlanishning hojati yo‘q edi – ko‘pchilik undan har kuni ishga borish yoki qo‘shni shaharlardagi qarindoshlarini yo‘qlash uchun foydalandi.

Loyihada to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy yordamdan tashqari, ekologik missiya ham bor edi – nemislar avtomobillardan kamroq foydalanadi deb taxmin qilindi. Bu oz miqdorda o‘zini oqladi: chipta sotib oluvchilarning 10 foizi avtomobilni tashlab, poyezdga o‘tirishdi. Lekin undan asosan oldin kam sayohat qilgan yoki umuman sayohat qilmaganlar foydalanishdi. Loyiha aholi harakatchanligining misli ko‘rilmagan o‘sishiga olib keldi, buni statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi: 2022 yil iyun oyida Germaniyada poyezdlar qatnovi soni 2019 yilning iyuniga nisbatan 40 foizga oshdi.

Chipta Germaniyaning deyarli har bir aholisiga ta’sir qilgan populistik, ammo samarali siyosiy qaror namunasiga aylandi. Millionlab odamlar undan foydalanishdi, u haqda bahslashishdi, qo‘shiqlar yozildi, ijtimoiy tarmoqlarda memlar tarqaldi, u hatto Der Spiegel jurnali muqovasida paydo bo‘ldi.

Ayniqsa, «millionerlar kurorti» hisoblanmish, Shimoliy dengizdagi 40 kilometrlik qumli plyaji bilan mashhur bo‘lgan Zilt oroliga deyarli tekinga borish imkoniyati nemislarni hayratga soldi.

Nemis panklari hatto fleshmob uyushtirishdi: iyun oyida bir necha yuz kishi Ziltga kelib, Vesterland shahri markazida norozilik lagerini barpo etishdi. Millionerlar kurortidagi panklar Germaniyada yilning asosiy memlaridan biriga aylandi (Der Postillon satirik jurnali hatto Zilt hukumati to‘qqiz yevrolik sayyohlardan xalos bo‘lish uchun orolga olib boradigan temiryo‘lni portlatishga qaror qilgani haqida xabar tarqatdi). Bundan tashqari, panklar jamiyatni qaysidir ma’noda yanada demokratlashuvi ramziga aylandi – har qanday odam istalgan manziliga yetib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi, uch oy davomida hammada bu borada tenglik yuzaga keldi.

Nihoyat, bu qaror Angela Merkel hukumati o‘rnini egallagan sotsial-demokratlar, yashillar va liberallar koalitsiyasining shubhasiz, deyarli yagona muvaffaqiyati deb ataldi va unga 2,5 milliard yevro budjet mablag‘lari ajratildi. Kansler Olaf Sholsning o‘zi buni «xayolimizga kelgan eng yaxshi g‘oyalardan biri» deb atadi, ammo ro‘yxatni davom ettirish unga oson bo‘lmasa kerak.

Muammo shundaki, mamlakat to‘qqiz yevrolik chiptaga tayyor emasdi

To‘qqiz yevrolik chipta, boshqa narsalar qatori, jamoatchilik e’tiborini temiryo‘llarga qaratdi va juda ko‘p muammolarni ochib tashladi. Ijtimoiy tarmoqlar yo‘lovchi ko‘pligidan harakatlana olmay qolgan poyezdlar va haddan tashqari toliqqan xodimlar haqidagi shikoyatlar bilan to‘lib ketdi. Temiryo‘lchilar kasaba uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, ommabop yo‘nalishlarda xodimlarning chorak qismidan ko‘prog‘i kasallik tufayli ishga chiqmay qolgan. Eng ko‘p shikoyat poyezdlar kechikishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Ko‘p sonli yo‘lovchilar poyezddan poyezdga o‘tirishi tufayli kechikishlar soni keskin oshgan, oqibatda uzoq safarlar vaqti yana bir necha soatga uzaygan.

Berlinlik siyosatshunos Dmitriy Stratiyevskiy 9 yevrolik chiptani ham ekspert sifatida (u jamoat transporti masalalari bilan shug‘ullanadi), ham Germaniya poytaxtidan bir necha marta chetga chiqishga muvaffaq bo‘lgan sayyoh sifatida baholadi.

«Men tig‘iz paytda yo‘lga chiqmaslikka harakat qildim. Ammo shunda ham mutlaqo dramatik sahnalarni tomosha qildim – poyezd haddan tashqari to‘lgan, odamlar bir-birining nafasini his qiladigan darajada yaqin turardi. Keyin mashinist poyezd buzilib qolgani va uzoq platformadagi boshqa poyezdga o‘tirish kerakligini e’lon qildi. Keksa ayollar deyarli yig‘lab yuborishdi, boshqa platformaga borish ular uchun og‘ir, ba’zi stansiyalarda lift ham yo‘q edi», dedi Stratiyevskiy.

Dam olish kunlarida mashhur yo‘nalishlarda sayohat qilish, masalan, Boltiqbo‘yi yoki Shimoliy dengizdagi kurortlarga borish yo‘lovchilar tomonidan bir ovozdan «do‘zax azobi» deb ataldi.

Germaniya transport tizimi qiyinchilik bilan, xodimlar sog‘lig‘i va yo‘lovchilarning asablari evaziga yozgi bosimga dosh bera oldi, ammo muammolar yo‘qolmadi. Bundan tashqari, muammolar yechimi oson emasdek tuyulmoqda. Stratiyevskiy vaziyatni quyidagicha ta’riflaydi:

«Muammo shundaki, 1990-yillarda Germaniyada to‘g‘ri qaror qabul qilinmadi. O‘sha paytda Yevropada tezyurar poyezdlar ommalashdi. Agar Fransiya, Ispaniya, Italiyada tezyurar poyezdlar uchun maxsus yo‘llar qurilgan bo‘lsa, Germaniya bunday qilmadi. Bu yerda tezyurar poyezdlar shahar yoki yuk poyezdlari bilan bir xil yo‘llar bo‘ylab harakatlanadi. Bu esa tartibsizlik keltirib chiqaradi. Biz berlinliklar temiryo‘l vokzalida turganimizda oldimizdan tezyurar poyezd katta tezlikda o‘tib ketishiga duch kelamiz. Bu to‘g‘ri emas. Bir yo‘l orqali ko‘p turdagi poyezdlar harakatlansa, muammolar qalashib ketadi».

Germaniya temiryo‘llari tizimi 40 ming kilometr uzunlikka ega va dunyoda oltinchi o‘rinda turadi. Ammo shu yo‘llar orqali har xil turdagi, turli tezlikdagi va turli maqsadlardagi poyezdlar harakatlanadi. Barcha sa’y-harakatlarga qaramay, bu oqimlarni samarali muvofiqlashtirishning iloji bo‘lmayapti. May oyining ikkinchi yarmida (ya’ni to‘qqiz yevrolik chiptalar joriy qilinmasdan oldin ham) Germaniyadagi poyezdlarning qirq foizdan ortig‘i manzilga kech yetib borgan.

Germaniya bu tizimni isloh qilish, masalan, tezyurar poyezdlar uchun maxsus liniyalarni qurish imkoniga ega emas. Gap pulda emas, budjetda mablag‘ bor. Stratiyevskiyning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun mamlakatning yarmini «to‘sib qo‘yish» va «qazib tashlash» kerak bo‘ladi. Bu esa bir necha yil davomida temiryo‘l harakatini sezilarli darajada qisqartiradi. Bunga hozirgi sharoitda, masalan, Germaniya shoshilinch ravishda Rossiya gazini almashtirishga urinayotgan va ko‘mirni temiryo‘l orqali tashiyotgan vaziyatda erishib bo‘lmaydi. Shuningdek, misli ko‘rilmagan qurg‘oqchilik tufayli, Reyn daryosi sayozlashgan va yana bir muhim transport tarmog‘i to‘xtab qolgan sharoitda ham.

«Biz amalda 90-yillardagi temiryo‘l tarmog‘i sharoitida yashayapmiz. 2000-yillar oxiri va 2010-yillar boshida u biroz ta’mirlandi. Ammo infratuzilma zamonaviy talablarga javob bermaydi. Butun dunyo bo‘ylab temiryo‘l transportining roli tobora ortib borayotgan davrda bu achinarli», deb xulosa qiladi Stratiyevskiy.

Germaniyada temiryo‘l islohotlari yo‘lovchilar hisobidan amalga oshirildi. To‘qqiz yevrolik chipta buni o‘zgartirmadi

1990-yillar boshidan beri Berlinda yashab kelayotgan va muntazam ravishda temiryo‘ldan foydalanadigan bastakor Sergey Nevskiy nemis poyezdlari harakatlari asosida soatni to‘g‘rilab olish, sotib olingan chiptadan esa bir oy davomida istalgan reysda foydalanish mumkin bo‘lgan davrlarni qo‘msaydi.

1990-yillar o‘rtalaridan boshlab, nemis temiryo‘llari xususiylashtirilgach, optimallashtirishning deyarli uzluksiz jarayonidan o‘tmoqda. Nevskiyning so‘zlariga ko‘ra, buning oqibatida poyezdlarning qulayligi kamayib, kechikishlar soni ortib, chiptalar qimmatlashmoqda, tarif tizimi esa murakkablashmoqda.

Darhaqiqat, Germaniya temiryo‘llari tarmog‘i ko‘plab tarif zonalariga bo‘lingan – har biri o‘z narx siyosatiga ega. Shahardan shaharga borishda barcha xarajatlarni hisoblab chiqish va oz-moz iqtisod qilish uchun ba’zan tom ma’noda murakkab matematik tenglamani yechishga to‘g‘ri keladi.

To‘qqiz yevrolik chipta joriy qilinishi, ya’ni oddiy va tushunarli tarifning foydasi hatto temiryo‘l tarmog‘ining jiddiy kamchiliklaridan ham ustun ekanini ko‘rsatdi. Oxir-oqibat, Germaniya transport ishchilari uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, xaridorlarning 88 foizi chiptadan qoniqish hosil qilgan.

So‘nggi yillarda Germaniya yo‘lovchilarning hamyonlari evaziga temiryo‘llarni optimallashtirdi va ba’zi qulayliklardan voz kechdi. Masalan, aholi uchun qulay bo‘lgan tungi reyslar marshrutlardan olib tashlandi, eski, ammo qulay (keng) vagonlar Turkiya va Bolgariyaga sotildi. Ularning o‘rnini yangi, tor vagonlar egalladi. Infratuzilma rivojlantirilmadi.

Masalan, Nevskiy «Berlin – Hamburg» yo‘nalishi uchun Chexiya temiryo‘llari poyezdini tanlashni maslahat beradi: «Uning vagonlari xuddi 20-30 yil oldingi Germaniyaniki kabi keng va qulay».

To‘qqiz yevrolik chipta bu borada uzoq kutilgan burilishni anglatar edi – shu sababli nemislar u bilan xayrlashishni unchalik xush ko‘rishmayapti.

Berlinlik faollar hatto sentabr oyida maxsus jamg‘arma tashkil qilishdi: uning a’zolari har oy 9 yevro to‘lagan holda jamoat transportida bepul harakatlanishadi (aslida, «quyon» bo‘lib). Agar nazoratchi ularni ushlasa, jamg‘arma jarimani to‘lab beradi (hozir Germaniyada bu 60 yevroga teng).

To‘qqiz yevrolik chiptani saqlab qolishning bu yo‘lini xavfli deb hisoblaydiganlar endi hukumatning yangi qarorini kutishiga to‘g‘ri keladi.

Loyihani davom ettirish uchun mablag‘ ajratish haqidagi qaror allaqachon qabul qilingan, ammo yangi «to‘qqiz yevrolik chipta»ning joriy etilish sanasi va narxi hozircha noma’lum. Biroq qiymat 9 yevro bo‘lmasligi aniq – hukumat 49 dan 69 yevrogacha bo‘lgan narxni muhokama qilmoqda.

Mavzuga oid