Kudbiyev: “QQS to‘lashga o‘tish chegarasini oshirish emas, kamaytirish kerak”
QQS to‘lovchisiga aylanish bo‘yicha 2019 yilda belgilangan 1 mlrd so‘mlik chegara oshirilishi emas, aksincha kamaytirilishi kerak, deb hisoblaydi DSQ raisi. Uning Kun.uz'ga bergan intervyusida tushuntirishicha, “zanjir hammaga bir xil ishlashi kerak”. Kudbiyev QQS stavkasini turli sohalar uchun turlicha belgilashga ham qarshi ekanini aytdi.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev Kun.uz'ga bergan intervyusida qo‘shilgan qiymat solig‘iga doir ayrim savollarga javob berdi.
— Iqtisodchilar va faollarning fikricha, soliq to‘lashdan qochishning sababi soliq yuki kattaligi ekan. Shu tufayli tadbirkorlar daromadlarini yashirishga ham harakat qilishadi deyishadi. Siz bunga qanday qaraysiz? Shu to‘g‘rimi?
— Juda to‘g‘ri. Mana shu takliflarni ishlab chiqishda ham Telegram-kanalimizda so‘rov o‘tkazdik. Unda taxminan 70 mingga yaqin respondent ishtirok etdi. Ya’ni 70 minglik ijtimoiy so‘rov bu – katta so‘rov hisoblanadi-da. O‘sha yerda nega siz chek bermayapsiz degan savol bor edi. Ishtirokchilarning deyarli 25 foizi soliq yuki oshgani uchun deb javob berdi. Demak, mana bu takliflar ishlab chiqilishida ham aynan shu soliq yuki, qo‘shilgan qiymat solig‘ining deyarli beshdan bir qismi kamayyapti. Soliq yuki 20 foizga kamayyapti.
Boshqa soliqlar bo‘yicha ham xuddi shunday. O‘ylaymanki, mana shunga javoban soliq yuki kamayishi katta bir qadam bo‘ldi. Lekin 25 foizdan tashqari qolgan 75 foizi orasida boshqa javoblar ham bor edi. Banklardan naqd pulni ololmasligi, sotilayotgan mahsulotning kirim hujjati yo‘qligi, rasmiyatchilik qiyin ekani, operatsion xarajatlar kattaligi. Ushbu so‘rovnoma ham takliflarni ishlab chiqishga asos bo‘ldi.
— 2019 yilda yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshmaydigan korxonalar uchun QQSga o‘tish majburiy emas qilib belgilangan. Lekin 2019 yildan beri bu 1 milliardlik chegara o‘zgarmayapti. Inflatsiya yoki boshqa bir holatlar hisobiga bu chegarani oshirish rejalashtirilmayaptimi?
— Fikrimcha, bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Menimcha, bu chegarani oshirish emas, kamaytirish kerak. Chunki jamiyatda hammaga bir xil sharoit yaratish kerak ekanki, zanjir hammaga bir xil ishlashi kerak. Kimda qo‘shilgan qiymat yuqori yaratilsa, soliq yuki o‘shanda yuqori bo‘lyapti.
Umumovqatlanish korxonalarida yoki xizmat ko‘rsatish va servis korxonalarida hamda imtiyozi yo‘q bo‘lgan korxonalarda QQSni hisobga oladigan sohalar kichkina bo‘lganida o‘sha yuk katta bo‘lib ketyapti. Shuning uchun ularni 1 milliarddan yuqori qilish kerak degan tushuncha noto‘g‘ri bo‘ladi. Agar bizga bu taklif beriladigan bo‘lsa, biz uni kamaytirishga harakat qilamiz. Shuning uchun ham soliq organlari soliq ma’murchiligi bilan shug‘ullanadi. Soliq siyosati esa qonunda belgilangan tartibda yuritilaveradi.
— Demak, sohalar bo‘yicha o‘zgartirish sizningcha to‘g‘ri emas, shundaymi?
— Fikrimcha, bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Oddiy misol, xizmat ko‘rsatish sohasida QQS stavkasini pasaytirib qo‘ydingiz. Kofe sotayotgan bo‘ling. Bu kofeni sotayotganda 1 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i joriy etilgan bo‘lsa, uni sotayotganda kofening donasini sotib olishda qanday bo‘ladi bu stavka? Unda nega ishlab chiqargan odam 15 so‘m to‘lashi kerak, bu esa bir foiz to‘lashi kerak? Endi ular gapirishni boshlaydi.
Agar teskarisini qilib qo‘ysangiz, hozirgi go‘sht bilan sodir bo‘lgan vaziyatga kelib qolamiz. Bir tomondan go‘sht QQSdan ozod, lekin umumiy ovqatlanish korxonasi aytyaptiki, shuni ozod qilganlaringiz uchun, zachyotga olib borolmayapman deb. Shuning uchun bu zanjir uzilib qoladi-da.
Chet davlatlarining aksariyatida qo‘shilgan qiymat solig‘i bor. Ana shu davlatlarning 51 foizida stavkalar sohalar bo‘yicha har xil emas. 49 foiz davlatda har xil stavkalar amal qiladi. Lekin tendensiya shunaqaki, hamma davlatlar ham har xil stavkadan voz kechyapti. Chunki zanjir bir xil bo‘lishi kerak-da.
Bu bo‘yicha jami hisob-kitoblar qilinyapti. Bu shundayki, stavka har xil bo‘lsa, bir soha foyda ko‘radi, boshqasi ziyon ko‘rib qoladi.
— Xabaringiz bor, yaqinda prezident Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurib, Nukusda faollar bilan uchrashgan vaqtda, Qoraqalpog‘iston aholisi uchun soliq stavkalarini ikki barobargacha tushirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu borada ularda qanday o‘zgarishlar kutilyapti?
— Biz ham o‘sha yig‘ilishda ishtirok etdik. Mol-mulk solig‘i bo‘yicha juda katta imtiyozlar berildi. Katta yangiliklardan bittasi bu aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha bo‘ldi. Bu bevosita respublikaning boshqa hududlariga nisbatan Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik faoliyati soliq yuki nuqtayi nazaridan nisbatan yengilligi bor.
Qoraqalpog‘istonda biznes olib borish jozibadorligi oshyapti. O‘ylaymanki, bu faqat foyda bo‘ladi. Bu juda to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Chunki biz amaliyot va hayotdan ham kelib chiqishimiz kerak. Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarishni tashkil etish bilan Toshkent viloyatida ishlab chiqarishni tashkil etishning operatsion xarajati har xil. Qoraqalpog‘istonga borib-kelish, yukni olib borish qimmatroqqa tushadi. Shuning uchun davlat soliq yukini kamaytirish orqali rag‘batlantirishi bu juda ham foydali va ertaga tadbirkorlik sub’yektlari oshishiga sabab bo‘ladi.
To‘liq intervyu bilan ushbu videoda tanishib chiqishingiz mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Muhiddin Nido.
Mavzuga oid
08:40 / 09.09.2024
Eksport qiluvchilar uchun QQS qoplash tartibi soddalashtirildi
13:50 / 05.09.2024
XMT loyihalariga yetkazilgan tovarlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga QQS qaytariladi
07:53 / 04.09.2024
Ayrim tadbirkorlarga QQSning bir qismi qaytariladi
13:35 / 12.02.2024