O‘zbekiston | 10:38 / 07.09.2022
35537
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar litsenziyani qayerdan va qay tartibda oladi?

Haydovchi soliq inspeksiyasi hududiy bo‘limiga borib, o‘zini o‘zi band bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va guvohnoma oladi (ro‘yxatdan o‘tish va guvohnoma olish bepul). So‘ng DXMga borib, guvohnomaga asosan yo‘lovchi tashish litsenziyasini olish uchun 1 yilga 300 ming so‘m davlat boji to‘lab, litsenziya oladi.

2022 yil 1 sentabrdan 2024 yil 31 dekabrgacha fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, yengil avtomobilda yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat berildi.

Buning uchun haydovchi avvalo o‘zini o‘zi band bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Buni yagona portal orqali masofadan yoki Davlat soliq inspeksiyasi hududiy bo‘limiga borgan holda amalga oshirish mumkin. Ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarga guvohnoma beriladi. Ro‘yxatdan o‘tish va guvohnoma olish bepul.

So‘ngra haydovchi yagona portal orqali masofadan yoki Davlat xizmatlari markaziga borib, guvohnomaga asosan yo‘lovchi tashish litsenziya varaqasi olish uchun 1 yilga 300 ming so‘m davlat boji to‘lab, litsenziya varaqasi oladi. Shunda, haydovchi jami bo‘lib 1 yilga 300 ming so‘m sarf qiladi. Agar litsenziya yagona portal orqali olinsa, 10 foiz chegirma beriladi, ya’ni davlat boji 270 ming so‘mni tashkil etadi.

Kun.uz shuni qo‘shimcha qiladiki, agar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan haydovchi rasmiy ish stajiga ega bo‘lishni istasa, ixtiyoriy ravishda 1 yil uchun 300 ming so‘m ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin. Takrorlab o‘tamiz, ijtimoiy soliq to‘lash o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ixtiyoriy sanaladi.

Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar:

  • taksi belgili plafon olib, avtomobilining tom qismiga o‘rnatishi kerak (taksida plafon bo‘lmasa, bu 300 ming so‘mdan 900 ming so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi – MJtK 1764-moddasi 2-qismi);
  • 1 yilda 1 marta tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak;
  • 1 yilda 1 marta avtomobilini texnik ko‘rikdan o‘tkazishi kerak.

Kirakash jismoniy shaxslar avtomobilini sariq rangga bo‘yashlari majburiy emas.

Mavzuga oid