Iqtisodiyot | 21:30 / 08.09.2022
60421
2 daqiqa o‘qiladi

Nimalarning narxi oshishi mumkin? - Markaziy bank inflyatsion kutilmalar sharhini e’lon qildi

Avgust oyidagi so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari 15,3, biznesniki esa 14,1 foizni tashkil qilgan. Aholi va tadbirkorlar kelgusida nimalarning narxlari oshishini kutmoqda?

Foto: Getty Images

Markaziy bank avgust oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlari inflyatsion kutilmalari sharhini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha kutilmalari iyul oyiga nisbatan 1 foizga pasayib, 15,3 foizni tashkil qilgan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • import tovarlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi ko‘tarilishi (48 foiz);
  • narxlarning sun’iy oshirilishi (37 foiz);
  • valuta kursi o‘zgarishi (35 foiz).

Bundan tashqari, yoqilg‘i va energiya resurslari narxining qimmatlashishi (34 foiz), ish haqi va nafaqalarning oshishi (31 foiz), turar joy va ijara to‘lovlarining qimmatlashishi (15 foiz), supermarket va bozorlardagi narxlar o‘rtasidagi tafovutning yuqoriligi (11 foiz) kabi omillar ham aholi inflyatsion kutilmalariga sezilarli ta’sir o‘tkazgan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

Avgust oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 14,1 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 1,1 foizga kamaygan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursining o‘zgarishi (33 foiz);
  • yoqilg‘i mahsulotlari va transport xizmatlarining narxlari qimmatlashishi (29 foiz);
  • ish haqi va nafaqalarning oshishi (24 foiz);

Shuningdek, xorijdan xomashyo yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishini hamda import qilishdagi tarif va notarif cheklovlar mavjudligini kutayotgan tadbirkorlar ulushi o‘tgan oyga nisbatan qisqargan. Biznes vakillarining yuqoridagi omillar bo‘yicha xavotirlari pasayishi yangi ta’minot zanjirlari yo‘lga qo‘yilayotganligi hamda iqtisodiyotda raqobat muhiti yaxshilanib borayotganligi bilan izohlangan.

Mavzuga oid