O‘zbekiston | 18:46 / 08.09.2022
4372
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent Afg‘oniston bo‘yicha muzokaralar platformasi sifatida

Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammitida Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash asosiy mavzulardan biri bo‘lishi mumkin.

Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlar zudlik bilan olib chiqilgach, bu davlatdagi vaziyatni normallashtirishda ShHTning roli va ahamiyati sezilarli darajada oshdi.

Shu bois O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashkilotning kuzatuvchi davlatlari: Ozarbayjon, Armaniston, Turkiya, Kamboja, Nepal, Misr, Qatar va Saudiya Arabistoni hamda xalqaro tashkilotlar ishtirokida “ShHT – Afg‘oniston” formatida oliy darajadagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish tashabbusi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

2022 yil iyul oyida Toshkentda “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzuida yigirmadan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar delegatsiyalari ishtirok etgan xalqaro konferensiya ham mazkur formatning samaradorligini isbotlaydi.

Anjuman O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqligini hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining tarixiy o‘zaro bog‘liqligini tiklash masalasini hal etish dolzarb ekanligini ko‘rsatdi. Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash, G‘arb va Sharqning ko‘psonli davlatlari o‘rtasidagi savdo-sotiqni rivojlantirish va mintaqaning geosiyosiy landshaftini o‘zgartirishga xizmat qiladigan yirik loyihalardan biri bu Pokistonning Gvadar portiga chiqadigan Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘li qurilishi bo‘lishi mumkin. Ushbu fikrni O‘zbekiston prezidenti aytdi.  

“Toshkent platformasi” o‘z samarasini allaqachon isbotlab bo‘lgan va kelgusida Afg‘oniston bo‘yicha xavfsizlik, ekstremizm va terrorizm tahdidlarining oldini olish, inklyuziv hukumat yaratish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy tiklanish, infratuzilmaviy, gumanitar loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar bo‘yicha muzokaralar va muhokamalar maydoniga aylanishi mumkin.  

Bu mamlakatdagi vaziyatning rivojlanishi, uning zamonaviy iqtisodiy va xalqaro munosabatlarga qaytishi hamda mintaqadagi barqarorlik aynan ushbu masalalar bo‘yicha birinchi navbatda, ShHTga a’zo davlatlar tomonidan o‘zaro maqbul yechimlar topilishiga bog‘liq.

Shuhrat Qobilov,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti bosh ilmiy xodimi.

Mavzuga oid