Jahon | 21:59 / 13.09.2022
26485
9 daqiqa o‘qiladi

Ukraina armiyasi Xersonda yangi muvaffaqiyat haqida xabar berdi

Ukraina janubida front chizig‘i 12 kilometrga surilgan. Ukraina qurolli kuchlari generali Dmitro Marchenkoning ma’lum qilishicha, mamlakat janubida 13 ta aholi punktlari va 500 kvadrat kilometrdan ortiq hudud qaytarib olingan. Aprel oyiga qadar u Mikolayiv oblasti mudofaasiga rahbarlik qilgandi.

Vysokopilyaga ukrain bayrog‘i ilinishi.

«So‘nggi ikki hafta mobaynida 1 800 dan ortiq rossiyalik harbiylar o‘ldirildi, ikkita samolyot, ikkita vertolyot urib tushirildi. 120 dan ortiq tank, 130 dan ortiq artilleriya tizimlari, 20 dan ortiq baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari, ko‘priklar, RF armiyasining 150 ta qo‘mondonlik punktlari, 70 ga yaqin o‘q-dori omborlari yo‘q qilindi», degan Marchenko.

Generalning aytishicha, Bosh razvedka boshqarmasi Xerson yo‘nalishidagi rossiyalik zobitlar ruhan tushkunlikka tushishganini ma’lum qilgan.

«Bizga ma’lum bo‘lishicha, ularga o‘t ochmaslik, balki ukrain harbiylari bilan muzokaralar o‘tkazish va bosib olingan hududlarni qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan», degan u.

Bungacha «Janub» operativ qo‘mondonligi matbuot kotibi Natalya Gumenyuk ham hududlar ozod etilgani haqida xabar bergandi.

«So‘nggi ikki hafta davomida ancha ishonchli yutuqlarga erishildi. Biz turli uchastkalarda to‘rt kilometrdan bir necha o‘n kilometrgacha ilgariladik. Ozod qilingan hududlar maydoni - 500 kvadrat kilometr atrofida», degandi Gumenyuk «Ukraina-Ukrinform» mediamarkazidagi brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Visokopilya, Novovoznesenske, Bilohirka, Suxoy prud va Mirolyubivka ozod qilingan.

«Bu yerlar ukrain bayrog‘i ostida, hududlar tozalanmoqda. Bu yerlardagi aholi to‘liq Ukraina yurisdiksiyasi ostiga qaytdi», deya xabar bergan Gumenyuk va rossiyaliklar chekinish vaqtida kattagina hududni minalashtirganini qo‘shimcha qilgan. Gap avvalroq ozod qilingan Visokopilya yaqinidagi Mirolyubivka haqida ketmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar texnikalarni Dneprning o‘ng sohilida qoldirib, chap sohilga ko‘chib o‘tmoqda.

Avvalroq Gumenyuk rossiyalik harbiylar Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumlari tufayli og‘ir sharoitga tushib qolgani va Rossiya qismlari chekinayotgani, chunki RF armiyasining janubdagi ayrim bo‘linmalari ukrain jangchilari bilan muzokaralar olib borishga kirishgani haqida xabar bergandi.

«Ular (rossiyalik harbiylar - BBC) qurollarni tashlab, xalqaro gumanitar huquq yurisdiksiyasiga o‘tish shartlari bo‘yicha muzokara o‘tkazishga harakat qilmoqda», degandi Gumenyuk.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bo‘linmalari zobitlariga o‘z pozitsiyalarini tark etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Xerson oblastining rossiyaparast ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov dushanba kuni Ukraina qurolli kuchlari Xerson yaqinidagi Antonov ko‘prigi atrofini «tartibsiz va nazoratsiz ravishda o‘qqa tutayotgani» haqida aytgandi.

Uning aytishicha, ukrain harbiylarining maqsadi ko‘prikning o‘zi emas, rossiyalik harbiylar uning ostida tashkil etgan ko‘chma o‘tish yo‘lini yo‘q qilish hisoblanadi.

Antonov ko‘prigi - Xerson shahrini Xerson oblastining Dneprning sharqiy sohilidagi qismi bilan bog‘lovchi ikkita avtomobil aloqa yo‘lidan biridir.

Ukrain harbiylari iyul oyi oxiridan ko‘prikni muntazam ravishda o‘qqa tuta boshladi. Dnepr ustidan o‘tgan yana bir yo‘l - Kaxova GES to‘g‘onida joylashgan bo‘lib - bu yo‘lga ham kuchli zarbalar berilgan. Bu Xersondagi Rossiya guruhining ta’minotini juda qiyinlashtirgan.

Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati rahbari Volodimir Saldo ukrainlarning yurishlari Xerson uchun xavf tug‘dirmayotganini aytgan. «Men har kuni harbiylar bilan gaplashib turibman va xersonliklar yaqin kelib qolgan Ukraina armiyasi borasida qanday bezovtalik yuzaga kelganini bilaman», deya qayd etgan u.

ISW: Rossiya qo‘shini janubda ham chekinmoqda va Ukraina qurolli kuchlari uchun Xersonga yo‘l ochilmoqda

Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish institutining (ISW) har kungi hisobotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shini nafaqat Xarkiv oblastida, balki janubiy yo‘nalishda ham chekinmoqda. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ko‘rsatishicha, RF va ittifoqchi kuchlar Kiselevkadagi oldingi chiziq pozitsiyasini tark etishgan (bu Xersondan 15 kilometr shimoli-g‘arbda) va Dnepr bo‘yiga chekingan. Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklar boshqa aholi punktlarini ham topshirishganini ma’lum qilishgandi.

Kiselevka rossiyaliklar uchun operativ nuqtayi nazardan muhim nuqta hisoblanardi. Bu Xersondan Mikolayivga boruvchi E58 trassasida va Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalari hamda Chernobayivka o‘rtasidagi rossiyaliklar nazorat qilib turgan so‘nggi aholi punkti edi.

«Rossiya qo‘shini bu pozitsiyadan olib ketilishi ruslar Xersonning shimoli-g‘arbiy chekkalarini himoya qilish qobiliyatini xavf ostida qoldiradi va bu hududdagi Rossiya bo‘linmalari o‘z pozitsiyalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid his qilishini anglatadi», — deya qayd etadi harbiy ekspertlar va pozitsiyalarning taslim qilinishi askarlar va zobitlarning jangovar ruhiga shaksiz salbiy ta’sir ko‘rsatishini qo‘shimcha qilishadi.

RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov esa, ukrain kuchlari Xerson oblastidagi yurishlar chog‘ida yuzlab qurbonlar bergani, Rossiya havo-kosmik kuchlari «Xerson oblastining Kostromka va Belogirka aholi punktlari hududida raqibning 63-mexanizatsiyalashgan va 46-aeromobil brigadalari bo‘linmalariga yuqori aniqlikdagi raketalar bilan zarbalar yo‘llagani» haqida gapirgan. O‘z navbatida Ukraina Bosh shtabi rossiyaliklarning 810-dengiz piyodalari brigadasi shaxsiy tarkibning 85 foizdan ortiq qismini yo‘qotganini ma’lum qildi.

Urushlarni tadqiq qilish instituti mutaxassislari Ukraina qurolli kuchlarining Xerson oblastida «sezilarli muvaffaqiyatlari» haqida aytishmoqda. Ekspertlar taxmin qilishicha, Rossiya harbiy qo‘mondonligi so‘nggi haftalardagi yo‘qotishlardan keyin Ukrainaga yangi tuzilgan bo‘linmalarni yuborishni to‘xtatishi mumkin.

Sharqda ham janglar davom etmoqda

Bu vaqtda ukrain kuchlari Xarkiv oblastidagi o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashda davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari Veseloye-Volchansk liniyasida oblastning butun shimoliy-sharqiy qismi nazorat ostiga olinganini ma’lum qilgan. Endi Ukraina armiyasi Shimoliy Don bo‘yidagi Liman shahrini egallash uchun jiddiy harakat boshlashi va bu orqali Luhansk oblastidagi Kreminna va Severodonetskka yo‘l ochishi mumkin.

«Ukraina Xarkiv oblastining sharqiy hududlarini qaytarib olgach, Rossiya qo‘shinlari yangi front chizig‘ini mustahkamlay olish holatida emas va bu hududni tark etib, boshqa yo‘nalishlarga o‘tmoqda», — deya qayd etiladi ISW hisobotida.

Ukraina qurolli kuchlarining tezkor qarshi hujumga o‘tishi natijasida Rossiya qo‘shinlari muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Izyum va Kupyanskni tashlab chiqib, Xarkiv oblastini deyarli butunlay tark etishdi. Bu shuni anglatadiki, Ukraina qurolli kuchlari oblastning katta qismida Rossiya bilan chegaraga chiqishdi, bu hududlar mart oyidan buyon ilk bor Ukraina nazoratiga qaytarildi. RF mudofaa vazirligi bu borada faqat bir marta xabar berib, «Balakliya va Izyum hududlaridagi Rossiya qo‘shinlarini Donetsk yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish uchun qayta guruhlashga qaror qilingani»ni ma’lum qildi. Ammo G‘arb nashrlari va harbiy ekspertlar bo‘layotgan voqealarni — urushda burilish ro‘y bergani va Ukraina tashabbusni qo‘lga olgani sifatida talqin etmoqda.

ISW ekspertlari fikricha, Ukraina armiyasining hozirgi qarshi hujumi amalda o‘z maqsadiga erishdi va endi bu yo‘nalishda faol harbiy harakatlar 2023 yil boshida boshlanishi mumkin. Rossiyaning Donbassdagi harbiy rejalari esa (Slovyansk va Kramatorskni egallash), aftidan, butunlay barbod bo‘ldi.

Mavzuga oid