Biz bilgan va bilmagan Mo‘g‘uliston. Chingizxon vatanining yaqin o‘tmishi va buguniga nazar
Samarqandga Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarga Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux davlat rahbarlari orasida birinchi bo‘lib yetib keldi. Aholisi oz bo‘lsa-da, qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha iqtisodi baquvvat, tarixi juda qiziq va ulkan maydonni egallagan bu davlat haqida ma’lumotlar juda cheklangan – Chingizxon, kurashchilar, chorvachilar...
Umumiy ma’lumotlar: Xitoy bilan uzun chegaraga ega, qator yo‘nalishlarda transport koridori bo‘lishi mumkin bo‘lgan Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasida hozirda 3,4 mln aholi yashaydi. Maydoni ulkan – 1 564 116 km km va dunyo bo‘yicha bu borada 19-o‘rinda. YaIM hajmi 47 mlrd dollar, aholi jon boshiga 14 270 dollar (2022).
Juda ko‘pchilik Mo‘g‘uliston tushunchasini Chingizxon bilan bog‘lab yodga oladi va bu tushunchalar shu yerning o‘zida tugaydi. Chindan ham Chingizxon va uning avlodlari Makedonskiydan ham, Rim imperiyasidan ham kattaroq hududni zabt etishgan hamda dunyo tarixiga nihoyatda kuchli ta’sir o‘tkazishgan. Hozir ham Mo‘g‘ulistonda u juda ulug‘lanadi, ulkan haykallari bunyod etilgan, har bir mo‘g‘ulistonlik tarixi bilan faxrlanishni yaxshi ko‘radi.
Lekin hoqonlar tarixi faqat Chingizxon bilan cheklanib qolmaydi. Chunki Chingizxon yigirma yildan sal ortiqroq hukmdorlik qilgan. Uning o‘g‘illari, nabiralari ham zafarli yurishlarni davom ettirishgan hamda imperiya hududlarini muttasil kengaytirib borishgan. Markaziy Osiyo hududlarida qolganlarining aksariyati keyinchalik Islom dinini qabul qilishgan va mahalliy aholi bilan qo‘shilib ketishgan.
Zamonaviy Mo‘g‘uliston
Bu davlat o‘z tilida Mo‘g‘ul ulusi deb ataladi va bir asr oldin, 1921 yilda Xitoydan mustaqil bo‘lgan. O‘zbekistonga o‘xshash jihati – dengizga chiqish yo‘li yo‘q. Hududi juda katta bo‘lsa-da, faqat ikki davlat – Rossiya va Xitoy bilan chegaradosh.
Davlatchilik asoslarini tuzgan ilk yillaridan boshlab SSSR bilan mustahkam aloqalar o‘rnatgan va sotsialistik tuzumning aksariyat unsurlarini o‘zida qo‘llagan Mo‘g‘ulistonda o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida dinga qarshi kurash olib boriladi. Natijalar dahshatli edi – buddizmga e’tiqod qiluvchi aholining 36 ming nafari, ya’ni 5 foizdan ortig‘i qirib tashlanadi. Bunday katta ko‘rsatkich sababi ham bor edi – har uch erkakdan biri monaxlik yo‘lini tanlagandi.
Ikkinchi jahon urushi yakunida SSSR bilan birgalikda Yaponiya qo‘shinlari tor-mor etilishida ishtirok etgan Mo‘g‘uliston 1945 yilda referendum o‘tkazadi va juda muhim siyosiy yutuq – Xitoyning bu davlatni tan olishiga erishadi. Shundan so‘ng bu masalani ortga surgan boshqa davlatlar ham Mo‘g‘uliston davlatini rasman tan ola boshlaydi. Bu borada so‘nggi diplomatik hujjat o‘zining xalqaro maqomi noaniq bo‘lib turgan Tayvan tomonidan 2002 yilda imzolanadi.
1952 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Yumjagiyn Tsedenbalning 1984 yilga qadar «taxt»dan tushmagani Mo‘g‘uliston tarixida o‘ziga xos davr sifatida eslanadi. O‘sha davr hozirgacha ham ayrim mutaxassislar tomonidan to‘kinlik va barqarorlikni yodga tushirsa, yana kimlar uchundir bu demokratiyadan yanada chekinish, turg‘unlik va inson huquqlarining toptalishi bilan ta’riflanadi.
1987 yilga kelib, Mo‘g‘uliston ham «qayta qurish»ni boshlaydi. SSSRdan farqli ravishda bu davlatda qisqa muddatda haqiqiy muxolifat paydo bo‘ladi, prezidentlik saylovlariga va hokimiyat tepasida qolishning aniq muddatlariga e’tibor qaratiladi.
1992 yilda yangi konstitutsiya qabul qilinadi, mamlakat to‘la-to‘kis bozor tamoyillariga o‘tadi. E’tiborlisi, bu juda tez natija beradi. 1993 yildayoq YaIMning 60 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Mo‘g‘uliston iqtisodining asosi bo‘lgan chorvachilikda qoramollar soni 25 milliondan 1995 yilga kelib 28,5 million boshga yetadi.
Ammo shu bilan birga o‘tgan asrning 90-yillarida giperinflatsiya kuzatiladi (bir yilda 350 foizdan ortiq), muhim mahsulotlar savdosida kartochka tizimi joriy qilinadi. Bu jarayon siyosiy mojarolarga aralashib ketdi. Mo‘g‘uliston Xalq-inqilob partiyasi endi oldingidek hukmron bo‘lmay qoladi va hukumatni shakllantirishda muxolifat partiyalari bilan koalitsiyaga kirishishga majbur bo‘ladi.
Prezidentlar
Mo‘g‘uliston rasman parlamentar respublika bo‘lsa-da, davlat prezident tomonidan boshqariladi va davlat rahbari qurolli kuchlarning oliy bosh qo‘mondoni ham hisoblanadi. Prezident barcha ishtirok etuvchi yashirin ovoz berish tarzida o‘tkaziladigan saylovlar yo‘li bilan to‘rt yil muddatga saylanadi. Bir shaxs ikki martadan ortiq muddatga saylanishi mumkin emas.
So‘nggi 25 yilda bu davlatni 5 nafar prezident boshqardi:
1. Natsagiyn Bagabandi, 1997–2005 yillar, Mo‘g‘uliston Xalq-inqilob partiyasi vakili;
2. Nambarin Enxbayar, 2005–2009 yillar, Mo‘g‘uliston Xalq-inqilob partiyasi vakili;
3. Tsaxiagiyn Elbegdorj, 2009–2017 yillar, Demokratik partiya vakili;
4. Xaltmaagiyn Battulga, 2017–2021 yillar, Demokratik partiya vakili;
5. Uxnaagiyn Xurelsux, 2021 yildan buyon, Mo‘g‘uliston Xalq-inqilob partiyasi vakili.
Nomlarini eslab qolish anchayin qiyin bo‘lgan bu prezidentlar orasida Xaltmaagiyn Battulga ancha mashhur bo‘lgan. U muvaffaqiyatli sambochi, jahon chempioni va qator boshqa turnirlar g‘olibi, Mo‘g‘ulistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi bo‘lgan. U prezidentlikka kirishgan davrida muammolar, xususan korrupsiya bilan samboga xos qat’iyat bilan kurashishga va’da bergan, ancha-muncha bo‘yni yo‘g‘on amaldorlarga o‘z qo‘li bilan saboq berib qo‘yishi mumkinligini eslatgan.
Shu bilan birga, Battulga prezidentlik qarorgohidan voz kechgan, oddiy kvartirada yashab, ishga yayov qatnagan. Shunga qaramay Battulga ikkinchi muddatga saylanmadi va uning o‘rnini 2021 yilda Uxnaagiyn Xurelsux egalladi. Aynan shu prezident O‘zbekistonga tashrif buyurdi va Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston bilan bog‘liqlik
Chingizxon va avlodlarining tariximizga ta’siri juda katta. Haligacha urf-odatlar, an’analarimizda bu davrlarning o‘rni bor.
Zamonaviy dunyo tarixni o‘rganish bilan birga kelajakka ham intiladi. O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston BMTning teng huquqli a’zolari bo‘lgan mustaqil davlatlardir. Har ikki tomon ham o‘zaro aloqalar rivojidan manfaatdor.
Joriy yilda Mo‘g‘uliston O‘zbekiston uchun vizasiz rejim joriy etdi. Bu davlat rahbarining ilk bor mamlakatimizga tashrif buyurishi, qadamjolarimizga hurmat bajo keltirishi ham o‘ziga xos ramziy ma’noga ega va yangi istiqbollardan darak beradi.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
12:50 / 04.11.2024
O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari Mo‘g‘ulistonga eksport qilinadi
22:25 / 04.10.2024
Mo‘g‘uliston vizalarni elektron shaklda berishni boshladi
09:40 / 07.09.2024
XJS prokurori: Mo‘g‘uliston Putinning tashrifi bo‘yicha tushuntirish berishi kerak
18:41 / 03.09.2024